Vaziyat kritik nuqtaga yetdi. Ijara masalasi borgan sari jiddiylashyapti

Jamiyat 20:11 / 28.09.2022 42234


O‘zbekistonda ijara narxlari qimmatligi, aniqrog‘i uylar bahosi va eng muhimi – aholi daromadlariga nomutanosibligi haqida ko‘p gapiriladi. Ijara bozorining asosiy xaridori bo‘lgan oddiy ishchilar 4-5 mln atrofida maosh olishsa, shundan eng kamida 3-3,5 mln so‘mini ijaraga sarflashga majbur bo‘lmoqdalar.

Bu borada endi-endi olib borilayotgan tadqiqotlar ham Toshkentda budjet bahodagi xonadonlar o‘rtacha 10 yilda o‘zini oqlashini ko‘rsatgan. Ya’ni uy olib ijaraga berilsa, u 10 yilda sarflangan pulni qaytaradi. Holbuki bu ko‘rsatkich rivojlangan davlatlarda 20-30, hatto 40 yilni tashkil qiladi.

Ha, statistika shafqatsiz, raqamlar xafa qiladigan. Bugun ana shu o‘sib borayotgan raqamlardan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizga quloq tutdik. Aksariyati muammo tufayli bo‘g‘ziga qadar to‘lib turgan bo‘lsa-da, shaxsini sir saqlashni ma’qul ko‘rishdi. Ayrimlarining “Nahot ijarada o‘lsam?!” degan so‘zlari yuraklarni titratishi tayin.

Birinchi qahramon: “Bu muammo ijtimoiy portlashga olib kelishi mumkin”

— Ayting-chi, men nima qilishim kerak? Oliy ma’lumotliman, ikki tilni bilaman, davlat bergan ishda ishlayman va 5,5 mln so‘m maosh olaman. Lekin ijaraga qancha to‘lashimni bilasizmi? 450 dollar! Bu 5 mln so‘m degani. Men boyligim tufayli qimmat uyda turmayman. Bu uyning bahosi o‘zi 250 dollar edi. Ammo ijara beruvchi qisqa muddat ichida ikki marta ko‘tardi va hozirgi narxga olib keldi.

Nogiron farzandimiz bor, uni davolatish ham muntazam pul talab qiladi. Ayolim ham oliy ma’lumotli, lekin 2,5 mln so‘m oylik oladi. Vatanimizni sevamiz, lekin ba’zan unga sig‘may ketayotganimizni his qilamiz...

Ikkinchi qahramon: “13 yilda 24 marta ko‘chdik... Dod degim keladi ba’zida”

— 13 yil ichida 24 ta uyga ko‘chdik. Uy egalarining yaxshilariyam, yomonlariyam bor. Qish kunlarida, sovuqda sarson bo‘lib, tomidan chakka o‘tib turgan uyda yashagan paytlarimiz bo‘ldi. Uchastkavoylarning tekshir-tekshiridan bezgan, qo‘shnilarning “viloyatlik, kelgindi” deb sig‘dirmagan kunlarni ko‘rdik.

Bu ham mayli, ijaraga arang uy topib, botib yotgan uyni yig‘ishtirib tozalaganimizdan keyin uy egasi kelib, “uyni ijaraga bermaydigan bo‘ldik”, deganda hech joyga sig‘may ketganman.

Ayniqsa vositachi maklerlardan ko‘p aziyat chekkanmiz. “Uy tog‘amniki, ammamniki” deb pulimizni olib, ertasiga pul ham, makler ham yo‘qolib qolgan. Achinarlisi, oxirgi yillarda ijara narxining oshishida maklerlarning “xizmati” katta.

Uy sotib olmoqchi bo‘lib izlanasan, lekin oylikni ijaraga berasanmi, uy olishga yig‘asanmi, ro‘zg‘orni butlaysanmi?.. Dod degim keladi ba’zida, lekin hayot uchun kurash davom etadi.

Uchinchi qahramon: “Davlat ishida 18 yil ishladim, lekin 180 yil ishlasam ham pul yig‘ib uy ololmasligimni bildim”

— Men kabi ayollar, oilalar balki minglab, millionlabdir. O‘zim oliy ma’lumotliman, davlat ishida 18 yildan ortiq ishlaganman. Maktabda, litseyda, institutda... Hatto juda nufuzli tashkilotlarda ham. Ammo shuni tushundimki, men kabi uch farzandli, boquvchisini yo‘qotgan ayol 18 yil emas, 180 yilda ham pul yig‘ib o‘ziga uy ololmas ekan.

2013 yildan buyon ijaralarda yashab kelaman. Va aynan shu yildan buyon ikki farzandimning sog‘ligi uchun kurashaman. Hech kimdan yordam so‘ramaganman, lekin qarz olganman va haligacha shu qarzlarni to‘layman.

Shuncha yil ishlab, davlatdan uy olishga, subsidiyaga harakat qilmaganman. Negadir o‘zim pul yig‘ib olishimga ishonch bo‘lgan. Shu ishonch bilan 8 yil o‘tdi, bu orada sog‘ligim o‘ta yomonlashdi, orzum sarob ekani ayon bo‘ldi.

Ilojsiz qoldim, davlat ishidan ketdim, nodavlat loyihalarga o‘zimni urdim. O‘qituvchiligimni juda sog‘inaman, bemalol maqtanib aytaman – men kuchli o‘qituvchi edim! Lekin endi o‘zimni, farzandlarimni o‘ylamasam bo‘lmaydi.

Endi savol: men oliy ma’lumotli, sohamning ustasi bo‘laturib shu holda bo‘lsam, ma’lumoti yo‘q millionlab odamlar nima qilishadi? Xohlardimki, ayollar ishlagan maoshlariga hech bo‘lmasa ijara to‘lay olishsin. Toshkentda uyim yo‘qligi, ijarada yurganim uchun bir bolamni qaynonamga, ikkisini onamga tashlab kelganman. Ularni oyiga bir-ikki marta ko‘raman. Ba’zan xo‘rligim keladi. Ba’zan emas, hamisha...

To‘rtinchi qahramon: “Bular sinovligini bilaman, lekin erkak kishiga qiyin ekan”

— Farg‘onaning Quvasidanman. Islom universiteti magistraturasini tamomlaganman. O‘zim ko‘zim ojiz, I guruh nogironiman, ayolim II guruh nogironi, bir qizim bor. Shu yil yozigacha Toshkentda ishlar edim. Aynan ijara narxlari oshib ketishi tufayli qishloqqa qaytishga majbur bo‘ldim.

Qishloqda soham bo‘yicha ish topa olmadim, ko‘p joylar ko‘zim tufayli ishga olmadi. Hozir ishsizman. Bular sinovligini bilaman, lekin erkak kishiga qiyin ekan. Ko‘zim ko‘rganida ham mayli edi, shart ko‘chaga chiqib biror yo‘lini topardim.

Beshinchi qahramon: “12 yildirki ijaradaman”

— Ziyoliman, tinmay ishlayman. Pulning barakasi yo‘qmi, hech orttira olmayman. O‘g‘lim 24 yoshga kirgan. Kollejda ham Toshkentda o‘qidi, poytaxtda qolaman, magistraturada o‘qiyman, deydi. U bilan birga bo‘lay, deb ijaraga uy olib yashayapmiz.

Ipotekaga uy olgim keladi, lekin boshlang‘ich to‘lovga pulim yo‘q. Ikkalamiz 300 dollarga ijaraga uy oldik. Bundan arzoni topilmadi. O‘g‘lim 2-kurs, o‘qishidan chalg‘imasin deb ishlatmayapman. Chunki dadasi olamdan o‘tgandan keyin depressiyaga tushib qoldi, kasal bo‘ldi. Haliyam batamom tuzalmagan. Har doim “Bu dunyoda barchamiz ijarachimiz” deb o‘zimga taskin beraman. 12 yildirki shu hayot davom etmoqda.

Ziyoda Eshmurodova, jurnalist: “Bolalarim bir nechta maktabda o‘qiganidan tayinli sinfdoshlari ham yo‘q”

— Ijaradagi “staj”im 17 yil! Ehheye, qanday uylarda yashamadim. 1990 yilda talabalikdan boshlangan ijara hayotim 2007 yilda katta qiyinchiliklar, qarzlar yordamida uy olishimgacha davom etgan. Ijarada turmushga chiqdim, ijarada bolalarim tug‘ildi va ulg‘ayishdi.

Eng og‘riqli nuqtalarini sanab o‘tay:

1. Bir xonadonga joylashib, atrofdagi bog‘chaga ne azobda bolamni joylashtirganimda 3-4 oy o‘tib ko‘chishga to‘g‘ri kelgan, farzandim bog‘chalar o‘zgarishidan qanchalik stressga tushgandi. Bu holat maktabda ham davom etdi. Bolalarim bir nechta maktabda o‘qiganidan tayinli sinfdoshlari ham yo‘q;

2. Bu holat bir necha marta kuzatilgan. To‘zib, iflos bo‘lib yotgan uyni berishgan. Men tozalikka jiddiy e’tibor berardim. Butun uyni, unitazlarigacha yaraqlatib tozalatib qo‘yganimda uy egasi kelib ko‘rganidan so‘ng “uyni bermaydigan bo‘ldik” degan. Bu holat ikki marta bo‘lganiga nima deysiz? Shu qadar xo‘rligim kelgandiki...;

3. Eng esda qolarlisi va oddiy bo‘lsada ta’sir qilgani, bir xonadon egasi pul oladigan kuni uyga poyabzalini yechmay kirib kelaverardi. Ortidan tozalayotganimda ko‘zlarim yoshga to‘lardi, bolalarimga ko‘rsatmay yig‘lardim.

Televideniyeda ishlaganimda uch xonali uyni uchta oilaga bo‘lib berishgan. Hammada ikkitadan bola. Qanday hayot kechirganimizni o‘zim bilaman. Lekin yaxshi jihati shundan keyin pul yig‘a boshladim. Lekin narxlar oshishi tufayli hech yetkaza olmasdim. 2007 yilda pul yig‘ib-yig‘ib, yaxshi insonlar yordami bilan Toshkent viloyatning To‘ytepa (hozirgi Nurafshon) shahridan uy olganman. Olgan kunim uyga kirib to‘yib-to‘yib yig‘laganman. Hozir kichik bo‘lsa-da, Toshkent shahrida hovlimiz bor. Shu kunlarga yetkazganiga shukr.

Yana bir qiziq jihat – o‘zim surxondaryolikman, shuncha vaqt ijarada yashashimga qaramay har doim uyimda yo talaba, yo abituriyent bo‘lgan. Ayrim paytlarda ikki-uchtalab. Ko‘pchiligi o‘qishlarni bitirib, hayotda o‘z o‘rnini topib ketishdi. Ularni juda ko‘rgim keladi hozir...

***

Ijara mavzusi Kun.uz'ning doimiy e’tiborida. Sabablar, yechimlar qidirilgan. Ammo ko‘rinadiki, muammo borgan sari jiddiylashib, gazak olib borayotir. Qizig‘i, ijara bahosi oshishiga omillar bisyor, ammo bozor qonunlariga ko‘ra narx tushishi hech kuzatilmaydi.

Dastlab talabalar qaytishi, keyin Rossiyadan relokantlarning katta talab hosil qilgani narxlarning sapchishiga xizmat qilgan bo‘lsa, tez orada viloyatlardagi badavlat odamlarning poytaxtga va yirik shaharlarga (ya’ni gaz, svet bor joyga) qishlash uchun oqib kelishi vaziyatni yanada murakkablashtirishi tayin.

Bugun poytaxtda hech qanday jihozsiz, ta’mirsiz bir xonali uylarning eng arzoni 200 dollardan boshlanadi. Ko‘pchilik ijara uy deganda tasavvur qiladigan ikki xonali, o‘rtacha jihozlangan uylar allaqachon 300 dollardan oshib ketdi. Ta’kidlash joiz, bu boshlang‘ich narxlar, ya’ni cho‘ntakda pul bilan bozorga tushib, bunday uylar ichidan o‘zingizga yoqqanini tanlay olmaysiz. Izlash, zahmat chekish bilangina bunday bahodagi uyni topish mumkin va narx tez orada oshirilishi hadigi bilan yashaladi.

Darvoqe, ijaraga beruvchilar xorijdan kelganlar taklif qilayotgan katta pullarga qiziqib, o‘zimizning nisbatan arzon to‘lab turgan qorako‘zlarni xonadonlaridan chiqarib yuborayotgani kuzatilyapti. Bu endi juda uyatli holat.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: