Surxondaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Denov tumani Buyuk ipak yo‘li mahallasida yashovchi ayol 2022 yil 27 sentabr kuni soat 17:25 larda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, 2013 yilda tug‘ilgan Z.Q.ni Sariosiyo tumaniga olib borgan.
Keyin uyiga qaytib kelgan vaqtida voyaga yetmagan Z.Q.ning sog‘ligi yomonlashganini ko‘ra bilaturib, uning hayoti xavf ostida qolgani va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganini anglagan holda unga yordam ko‘rsatmagan.
So‘ng Z.Q.ni Buyuk ipak yo‘li mahallasida joylashgan Denov tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-maktabning hovlisiga olib borib tashlab ketgan. Oqibatida 9 yoshli Z.Q. maktab hovlisida vafot etgan.
Qayd etilishicha, bugun, 2022 yil 28 sentabr kuni mazkur hodisa yuzasidan Denov tumani prokuraturasi tomonidan M.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Hozirda Denov tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olindi», deyiladi xabarda.