SSV matbuot xizmati O‘zbekistonda ilk bor robot-xirurg yordamida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi.
«Dunyo futurologlari insoniyat kelgusida barcha og‘ir sohalardagi o‘rnini robotlarga topshirishini bashorat qiladi. Bunday beminnat dastyorlarga ega bo‘lgan mutaxassislar esa asosan ilmiy salohiyatini yuksaltirish bilan band bo‘lishadi. Bu gaplar bir necha yillar avval xuddi ertakdek qabul qilingani rost. Ammo hozirgi taraqqiyot oqimi ana shu «afsona»larni haqiqatga aylantirmoqda.
Xususan, 2000 yilda AQShda robot-jarroh yordamida ilk operatsiya amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirga kelib dunyo bo‘yicha bunday «temir shifokor»lar soni 5 mingtaga yetdi.
Robotoxirurgiya Yevropa davlatlari, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya kabi mamlakatlarda onkologiya, urologiya, ginekologiya, gastroenterologiya, umumiy jarrohlik, kolorektal va plastik xirurgiya yo‘nalishlarida rivojlanib bormoqda.
Zamonaviy tibbiyotning bu imkoniyatidan unumli foydalanish maqsadida Koreya Respublikasining Meere kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Revo-i rusumli robot-xirurg mamlakatimizga olib kelindi.
Shox International Hospital’ga o‘rnatilgan, nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda ham noyob bo‘lgan ushbu texnologiya olib kelib o‘rnatilganiga bir hafta bo‘lishiga qaramasdan 8 nafar bemor u orqali dardiga davo topdi.
Bugun mazkur klinikada Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, Koreyaning Meere kompaniyasi vakillari, yurtimizdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari, bir qator malakali professor-shifokorlar va jamoatchilik faollari ishtirokida o‘zbek tibbiyoti tarixidagi muhim voqea — mamlakatimizda ilk bor robot-xirurg texnologiyasi ish boshlashiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Klinika mutasaddilari ushbu innovatsion texnologiya muassasadagi barcha operatsion blok mutaxassislari tomonidan o‘zlashtirilishini maqsad qilgan.
Negaki, operatsiyada butun jamoa ishtirok etadi, amaliyot natijasi va bemor salomatligi har bir xodimning kasbiy mahoratiga bog‘liq. Keyinchalik esa bu mutaxassislar yurtimizdagi boshqa hamkasblari bilan o‘z tajribalarini bo‘lishadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.
Zarifxo‘ja Bahodirxonov — O‘zbekistonda ilk bor robot-jarrohga operatorlik qilgan onkoxirurg. Mutaxassis zamonaviy xirurgik texnologiyalar bo‘yicha Italiya, Germaniya, Xitoy va Turkiyaning nufuzli klinikalarida tajriba orttirgan. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magi bilan aynan Revo-i robot texnologiyasi bo‘yicha Koreyada ikki marta malaka oshirib kelgan.
«Bizda shu paytgacha jarrohlik amaliyotlari odatiy kesish va laparoskopik usullarda o‘tkazilgan. To‘g‘ri, laparoskopik operatsiyalar ham kesishlarsiz, vizual imkoniyatlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bu usulda shifokor jarrohlik stoli oldida turib, operatsiya paytida ishlatiladigan asboblarni bevosita qo‘li bilan ushlab, qarshisidagi monitorga qarab, ish olib boradi.
Robot yordamida bajariladigan operatsiya chog‘ida esa jarroh konsoldagi qulay stulda, barcha diqqatini operatsiyada jamlash imkoniyati bo‘ladigan sharoitda o‘tiradi.
Robotning jarrohlik asboblari kichik o‘lchamli bo‘lib, inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egilib, aylana oladi.
Robot-xirurg yordamida bajariladigan onkologik amaliyotlar o‘simta yana takrorlanmasligi uchun uni butunlay olib tashlashi, asab tugunlariga va bemor hayoti uchun muhim bo‘lgan boshqa organlarga ta’sir qilmasligi, minimal qon yo‘qotish bilan kechishi, bemorning amaliyotdan keyingi tiklanishi hamda butkul sog‘ayishini tezlashtirishi bilan katta ahamiyatga ega», — deydi Z.Bahodirxonov.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda robotoxirurgiyaning taraqqiy etishi ikki omilga bog‘liq. Birinchisi — texnologiyani boshqara oladigan mutaxassislar tayyorlash bo‘lsa, ikkinchisi — mamlakatimiz tibbiyotida robotlar sonini orttirish.
Bu borada dastlabki qadam tashlandi. Endigi vazifa — robot bilan birga operatsiya qiluvchi ko‘p sonli xirurglar zaxirasini shakllantirish. Shunda bu innovatsion texnologiya onkologiya va onkourologiya yo‘nalishlaridagina emas, milliy tibbiyotning barcha jabhalarida faol qo‘llanila boshlaydi.