«Bu islohotni shu sharmandalarsiz amalga oshiraylik!» - Toshkentda tezlikni pasaytirish masalasi qanday aks-sado berdi?

Jamiyat 21:06 / 26.09.2022 34933

Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Nosirov xalq deputatlari poytaxt kengashining 16 sentabrdagi sessiyasida Toshkentning ayrim ko‘chalarida eng yuqori tezlikni 60 km/soatgacha cheklash taklifi bilan chiqish qilgan.

Gazeta.uz saytining sessiyadan qilgan reportajiga ko‘ra, deputatlarning bir qismi bunga qarshi chiqqan, boshqalari esa bu chora samaradorligiga shubha bildirgan.

Alalxusus, taklif qabul qilinmagan, shu sababli kengash ushbu masalani ko‘rib chiqishni keyingi sessiyaga qoldirgan.

Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda qattiq tanqid ostiga olingach, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi rasmiy munosabat bilan chiqish qildi.

Kengash munosabatida deputatlar tomonidan mazkur taklif rad etilmagani, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilinadi.

Munosabatda «Hurmatli blogerlar» so‘zi qo‘shtirnoq ichiga olinib, masalani shov-shuv qilgan blogerlar hurmatga loyiq emasligi ham pisanda qilingan.

Xo‘sh, deputatlar nimaga qarshi bo‘lishdi?

O‘zi, bunday olib qaralsa masalani chuqur muhokama qilishga ehtiyoj yo‘q. Belgilangan tezlik 10 km/soatga pasaytiriladi. Toshkent shahar IIB YHXB boshlig‘i o‘rinbosari barcha vajlarni sanab o‘tgan.

Foto: Sherzod Nosirov / Toshkent shahar hokimligi

«Biz tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishimiz kerak. Yo‘llarda o‘lim holatlarining oldini olamizmi yoki mashinalarni tezlikda harakatlantirishni tanlaymizmi? Takror aytaman: inson hayoti bebaho, tezlikni pasaytirish orqali odamlar hayotini saqlab qolsak, bu katta yutuq bo‘ladi. Bu o‘nlab, yuzlab insonlar hayotini saqlab qoladi», — degan Sh.Nosirov.

Uning «agar biz tezlikni kamida 10 km/soatga pasaytirsak, o‘limlar sonini nisbatan kamaytirishimiz mumkin», — deganiga javoban zaldan norozi ovozlar eshitilgan.

Deputat Murodxon Jo‘rayev komissiyaning avvalgi yig‘ilishida tezlikni kamaytirishga qarshi chiqqanini aytadi.

Murodxon Jo‘rayev

«Avariyalarda 70 km/soat tezlik bo‘lmaydi. 70 km/soat — shusiz ham past tezlik. Bu avariyalar 100 km/soat, 150 km/soat tezlikda, yo‘l harakati qoidalari buzilgan holda sodir bo‘ladi. Hayot shiddat bilan rivojlanmoqda, biz esa tezlikni sekinlashtirmoqchimiz. Hozir mashinalarning sifati avvalgidek emas. «Jiguli», «Volga» va «Moskvich»lar zamoni o‘tdi. Hozirgi mashinalar zamonaviy va innovatsion [mexanizmlarga] ega», — degan u.

Deputatga ko‘ra, tezlik 60 km/soat qilib belgilanishi korrupsiyaga olib keladi. Ertaga juda past tezlik uchun ham haydovchilar jarimaga tortiladi. Jarimalarni tekshirishda korrupsiya holatlari aniqlanishi mumkin. Men bu taklifni qo‘llab-quvvatlamayman, degan u.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari Azamat Ziyo yomg‘ir paytida barcha harakat ishtirokchilari tezlikni pasaytirishi hamda tirbandlik yuzaga kelishini ta’kidladi.

Azamat Ziyo (pastki qatorda chapda).

«Demak, gap faqat tezlikni kamaytirish haqida emas. Eski shaharni olaylik… Menimcha, bu yerda piyodalarning ham hissasi katta. Tezlikni soatiga 60 km.ga kamaytirish qanchalik yordam berishini bilmayman», — degan u.

O‘zini tanishtirmagan deputatlardan biri esa yoshi kattalar 60 km/soat tezlik chegarasini saqlab qolishi mumkinligini, ammo «yoshlar katta tezlikda haydashi, ularni 60 km/soat tezlik bilan tuzatib bo‘lmasligi»ni aytgan.

Blogosferada bu qanday aks-sado berdi?

Sessiyada ko‘rilgan masala va qabul qilingan mujmal qaror ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans keltirib chiqardi. Ayrim foydalanuvchilargina deputatlar to‘g‘ri qarorga kelishganini aytgan, ammo bu mavzuda xorijiy tajribalarni allaqachon O‘zbekistonda ham joriy etish kerakligi haqida aytib keladigan jurnalistlar va blogerlar deputatlarning qarorini qoralagan.

Bloger DavletozUz shunday yozadi:

«Na jamoat transportida, na piyoda yuradigan odamlar, jumladan, shahrimiz deputatlari qaror qabul qilsa shunaqa bo‘ladi. Vaholanki, Toshkent ko‘chalari allaqachon o‘lim trassalariga aylanib bo‘ldi».

Nikita Makarenko esa qarorni deputatlar tasdig‘isiz qabul qilish kerakligini ta’kidlagan:

«Barcha olimlar va xalqaro tashkilotlar tezlikni 10 km/soatga kamaytirish ham piyodalar jarohatlanishini 30 foizga kamaytirishini isbotlagan.

Kengashdagilar, siz zarracha achinmaysiz. Chorrahalarda bosib ketilgan bolalarning qoni qo‘llaringizdan pastga tomadi, oyoqlaringizga sachraydi, ish haqlaringiz evaziga sotib olgan «Mersedes Gelendvagen»laringiz shinalariga oqadi.

Hurmatli O‘zbekiston rahbariyati, iltimos, kelinglar, ushbu muhim islohotni shu sharmandalar ishtirokisiz amalga oshiraylik!»

Harvard universiteti ilmiy tadqiqotchisi Botir Qobilovning fikri:

«Aslida, Toshkent kabi zich shahar ichida 60 km/soat ham katta tezlik, undan ham pastroq bo‘lishi kerak. 21-asrda inson hayotining qadri bor jamiyatlarda bu haqda hech qanday bahs va munozaralarga o‘rin qolmagan.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, hayot juda tez oldinlab ketayotgan ekan va biz esa uni sekinlashtirmoqchi ekanmiz. Kechirasiz, nima? Ko‘chadagi o‘limlarni tezda to‘xtatish o‘rniga, bolalarimizni maktabga kuzatayotganda uyga qaytib kela olarmikan degan qo‘rquvlarni kamaytirish o‘rniga bu kabi demagogiya bilan yana qachongacha shug‘ullanamiz?!»

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov masala kelgusida qay tariqa hal qilinishi hajv ostiga olgan:

«Qayta kiritsa qabul qilasizlarmi? O‘zi masala bitta ediyu? 70 km/soatni 60 km/soat qilish? Ikki-uch haftada fikrlaring o‘zgarib qolib, 60 km/soatni qabul qilasizlarmi? Yoki masala sessiya muhokamasiga qayta kiritilsa, tezlikni 70 ligicha qoldirasizlarmi? Unda rad etgan bo‘lasizlar-ku baribir? Yoki GorGAIning zamiga «senikiyammas, biznikiyammas — 65!» deb qo‘l tashlashasizlarmi?»

Jurnalist va bloger Eldor Asanovga ko‘ra, deputatlar va aksar odamlarning noto‘g‘ri fikrda ekanligiga sabab ilmga hurmat yo‘qligida:

«Bunday sharmandali holatlar-u, har bir og‘zi bor o‘zini ekspert deb o‘ylashining sababi oddiy — ilmga hurmat yo‘qligida. Odamlarimizda, hatto ziyolilarimizda, siyosatchilarimizda ilm-fan bilan hisoblashish, olimlarning tadqiqotlariga ko‘z qirini tashlab qo‘yish odati yo‘q, shu turishi ham tarixni/tilni/siyosatni/urbanistikani yetarli darajada bilaman, deb bosaverishadi.

Tezlikning tushirilishi avariyalar soniga va o‘lim xavfiga bevosita ta’sir qilishi haqida ko‘p ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. 80 km/soat tezlikdagi harakat chog‘ida avariyada jarohat olish ehtimoli 69 foizni, jiddiy jarohat olish ehtimoli 52 foizni tashkil qiladi. Ba’zilar o‘ylaganday, 10–20 km — kichik farq emas. Tezlikka 1 km/soat qo‘shilishi jarohat xavfini 4-5 foizga oshiradi. Tezlikning 10–20 km.ga tushirilishi esa, aksincha, xavfni bir necha barobar kamaytiradi. Tormoz yo‘li qanchalar o‘zgarishini (zarur bo‘lganda mashinani to‘xtatish tezligini) hisoblab chiqsangiz, bunday tezlikda o‘lim bilan tugaydigan YTH xavfi amalda yo‘q bo‘lishini ko‘rasiz».

Toshkentlik trevel-ekspertlardan biri boshqa yirik shaharlar bilan taqqos keltiradi:

«Toshkent shahri ichida maksimal ruxsat etilgan tezlik tushirilmaydi. Toshkent hokimi qarorni imzolabdi.

Shu voqealar bilan bir vaqtda Almati shahrida 2025 yildan shaharning tartibga solingan magistral ko‘chalarida hamda mahalliy va tuman ahamiyatiga ega yo‘llarida tezlik 30–50 km/soat qilib cheklanishi haqidagi hujjat tasdiqlandi.

Rivojlangan davlatlarning megapolislarida hattoki 60 km/soat ham — allaqachon ruxsat etilmaydigan tezlik. Chunki u piyodalar uchun o‘lim xavfini keltirib chiqaradi».

Ma’lumot uchun, bugungi kunda eng maksimal tezliklar:

  • Parijda — 30 km/soat
  • Londonda — 20 mil/soat (32 km/soat), ayrim ko‘chalarda 30 mil/soat (48 km/soat)
  • Nyu-Yorkda — 25 mil/soat (40 km/soat)
  • Istanbulda — 50 km/soat
  • Moskvada — MKADdan boshqa barcha yo‘llarda 60 km/soat.

Aslida o‘zimizda ham shaharlarning ayrim ko‘chalarida tezlikni chegaralash yangilik emas. Masalan, Navoiy shahrining bir qator markaziy ko‘chalarida tezlik 50 km/soat qilib chegaralangan.

Yirik shaharlarning piyodalar gavjum markaziy qismlarida tezlikni keskin chegaralash yo‘ldagi o‘limlar sonini kamaytirishi haqida urbanistika yo‘nalishida yozuvchi jurnalistlar va blogerlar tinmasdan chiqish qilishadi.

Barcha maktablar, bog‘chalar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari hamda savdo markazlari va xiyobonlar oldida ham tezlikni 30 km/soat qilib belgilash ishiga ham yetarli e’tibor qaratilmayapti.

2021 yil davomida O‘zbekiston yo‘llarida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari ilmiy-amaliy tahliliga e’tibor berilsa, eng ko‘p qoidabuzarliklar aynan belgilangan tezlikni oshirish ortidan kelib chiqqani ma’lum bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil fevral oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifi chog‘ida «yaqinda Toshkent shahrida tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilangani haqida qaror chiqadi» degandi. «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi»da shaharlar va aholi punktlarida transport harakatining maksimal ruxsat etilgan tezligini 60 km/soatgacha tushirish ko‘zda tutilgandi, ammo yakunda bu taklif ma’qullanmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: