Nurgul Yashilchoy va Sardor Ko‘kxon Toshkent kinofestivalidagi mojaro bo‘yicha intervyu berdi

Jamiyat 16:14 / 25.09.2022 102920

Toshkentda 13-18 sentabr kunlari o‘tkazilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining turk kinosi kunlari o‘zbek tomoshabinlari tomonidan yuqori qiziqish bilan qarshi olingandi. Shu bilan birga, ikki mashhur turk aktyori Nurgul Yashilchoy va Burak O‘zchivitning qolgan turk aktyorlari bilan bitta sahnaga chiqishni xohlamagani shov-shuvlarga sabab bo‘lishga ham ulgurdi.

Tadbirda ishtirok etgan kinoshunos–jurnalist Shohira Hamro ikki hamkasbi ular bilan o‘tirishni xohlamagach, boshqa turk aktyorlari sahnani tark etgani haqida yozgandi. Aktyorlar ortidan Turkiya elchixonasi vakillari ham zaldan chiqib ketishgan.

Voqea qanday bo‘lgandi?

Daryo.uz nashrida e’lon qilingan kinofestival videosida turk aktyorlari uchun sahnada 12 stul qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Aktyorlar birma-bir e’lon qilinib, 9 aktyor joylarini egallashgan. Keyin Nurgul Yashilchoy, undan so‘ng Burak O‘zchivit sahnaga taklif qilingan.

Boshlovchi ikki marta ismini e’lon qilgach, Nurgul Yashilchoy sahnaga chiqib, tomoshabinlar bilan salomlashib, yana sahna ortiga o‘tib ketgan. Turk aktyorlari bilan suhbat tugagach, sahnaga bitta stul qo‘yilib, Yashilchoyning o‘zini taklif qilishgan. Turkiyalik 76 yoshli aktyor Sardor Ko‘kxon bu holatni hurmatsizlik deb qabul qilib, qolgan turk aktyorlari bilan zalni tark etishadi. Shundan keyin boshlovchi Shahzoda Muhammedova mikrofonni olib, Yashilchoy va O‘zchivitni tadbirning kulminatsion nuqtasi uchun festival oxiriga saqlab turishganini aytadi.

Lekin keyinroq kinofestival tashkilotchilari boshqacharoq bayonot bilan chiqishdi. Unga ko‘ra, sahnaga chiqmaslik Yashilchoy va Burakning tanlovi bo‘lgan.

“Turkiyadan kelgan mehmonlarimizga barcha shart-sharoit yaratib berildi. Agar aktyorlar shaxsiy sabablarga ko‘ra, bitta sahnada yoki zalda o‘tirishni istashmagan ekan, bu ularning shaxsiy ishi. Qolaversa, biz mehmon san’atkorlarga bosim o‘tkaza olmaymiz”, – deya ma’lum qilgandi XIV Toshkent xalqaro kinofestivali bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Voqeadan keyin tadbir yakuni bo‘yicha Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Ahmad Misbah Demirkan hamda delegatsiyaning boshqa a’zolari yuz bergan holat uchun kinofestival direksiyasidan uzr so‘rab chiqdi.

Nurgul Yashilchoyning javobi

Shu kunlarda Nurgul Yashilchoy turk nashriga bergan intervyusida bu tushunmovchilik tashkillashtirish jarayoni bilan bog‘liq ekanini aytgan. U Sardor Ko‘kxonni “bosh tojimiz”, deya unga behurmatlik qilishga qarshiligini bildirdi.

“Bu tashkillashtirishdagi muammo edi. Shunday voqea bo‘lishi mumkinmi? Sardorbey bizning bosh tojimizdir. Uni kim ranjitsa, qarshisida meni ko‘radi”, – degan Yashilchoy.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish kerakki, festivalda yakka o‘zi sahnaga chiqqan Yashilchoy nizo boshlanmasidan oldinroq tomoshabinlardan uzr ham so‘ragan edi.

“Avvalo, men hammadan uzr so‘rayman, meni bu yoqqa jo‘natyaptilar, boryapman, qoch deyaptilar, chiqib ketyapman, bilmayman. Nima deyishsa, shuni qilyapman”, – degan aktrisa.

“Sahna orqasida men bormayman, men chiqmayman, degan ovoz eshitildi”

Xo‘sh, bu Nurgul aytganidek tadbirni tashkillashtirishdagi xato bo‘lsa, Sardor Ko‘kxonning TV8 kanali “2-sahifa” ko‘rsatuvida bergan intervyusi nimadan darak?

Burak va Yashilchoyning boshqa turk aktyorlariga nisbatan munosabati haqida bir necha turk nashrlarida ham yozildi. Jumladan, Ko‘kxonning TV8  kanaliga bergan intervyusida voqeaga oydinlik kiritilgan.

“Toshkent kinofestivalga Turkiya vakili sifatida bordik. 12 aktyorni sahnaga chaqirdilar. Ikki bo‘sh stulga ikki do‘stimiz o‘tirishi kerak edi. Madaniyat vazirligimiz tomonidan biz yuborilgan festivalda yonimizda o‘tirishni xohlamadilar.

Sahna orqasida "Men bormayman, men chiqmayman" degan erkak kishi tovushi eshitildi. Orqada Burakdan boshqa yana kim bor edi, faqat u bor edi. Bir turk yugurib borishi kerak bo‘lgan boshqa turkning Vataniga pul uchun ketyapsiz. Bu qanday turklik? U pul oldimi-yo‘qmi bilmayman, lekin biz hech bir manfaatciz o‘sha yerda edik. Bu do‘stlarimizning niyatini tushunolmadik, kayfiyatimiz buzildi. Keyin men unga hasad qilganim aytilib, mish-mishlar tarqaldi. Men uning nimasiga hasad qilaman", – degan Sardor Ko‘kxon.

Voqea bo‘yicha ayrim taxminlar

Shu o‘rinda ayrim savollar ochiq qolyapti va ayrim taxminlar o‘rtaga chiqyapti.

Nurgul aytganidek, anglashilmovchilik tashkilotchilarning aybi bo‘lsa, aktyorlar ssenariy bilan qisman tanish bo‘lmaganmi?

Birinchi taxminga ko‘ra, sahnada 12 stulning qo‘yilgani va Yashilchoy 2 marta takrordan chaqirilgani ssenariy bo‘yicha hamma turk aktyorlari birga chiqishi kerak bo‘lganini ko‘rsatadi. Yashilchoy va Burak taklif qilingach, 2 turk aktyori injiqlik qilib qolgan. Sardor Ko‘kxon aytganidek, ulardan sahnaga chiqish talab qilingan-u, ular buni rad etgan.

Yoki aktyorlar ssenariy bilan tanish bo‘lmagan yoki voqea bunday tus olishini bilmagan. Bir yurtdan kelayotgan aktyorlar o‘zlari bilan kimlar kelayotganini bilishi, ichki nizosi bo‘lsa, buni tashkilotchilarga bildirib qo‘yishi kerak emasmidi?

Yana bir taxmin shuki, aftidan Nurgul chiqishni istagan-u, Burak istamagan. Oxirgi daqiqalarda asl ssenariy boshlovchi Shahzoda Muhammedova aytgan ssenariyga o‘zgarib qolgan. Bunday deyilishiga asos Nurgul sahnaga chiqqach tomoshabinlardan uzr so‘ragani, keyin ham Sardorbeyni hurmat qilishini aytib chiqqani bo‘ladi. Biroq hali voqeaga Burak O‘zchivit biror munosabat bildirmadi.

Ko‘proq yangiliklar: