Bir talabaning bir oylik xarajati qanchaga tushadi?

Jamiyat 11:30 / 25.09.2022 37221

Kontrakt

Eng arzon va stipendiyasiz kontrakt miqdori 6,4 mln so‘m. Eng qimmati to‘g‘risida indamay qo‘yaqolaylik. Chunki O‘zbekistonda ham qator xorijiy va xususiy oliy o‘quv yurtlari ochilyapti hamda ulardagi kontrakt to‘lovi 40-50 mln so‘mgacha yetishi mumkin. Biz davlat tasarrufida bo‘lgan yuqori chegara – 11-12 mln so‘mga to‘xtalamiz. Shu tarzda o‘rta statistik kontraktni yiliga 8 mln so‘m deb belgilasak bo‘ladi. Bu esa oyiga o‘rtacha 670 ming so‘m degani.

Ijara

Bu xarajat ham keskin farqlanuvchan. Ya’ni talaba o‘rtacha 200 ming to‘lab yotoqxonada yashashi yoki o‘ziga alohida kvartira olib, 300 dollarni shaqillatib sanab berishi ham mumkin. Shuningdek, viloyatlar, Toshkent va turli shaharlardagi narxlar ham ancha farqlanadi.

Yotoqxonalar bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rgan holda, biz hisob uchun talabalar odatda eng ko‘p qo‘llaydigan usul va ommabop narxni olamiz. Aksariyat talabalar 4 kishi bo‘lib o‘rtacha narxi 200 dollar bo‘lgan kvartiralarni ijaraga olishadi. Bu bir kishiga 50 dollar, yoki oyiga 550 ming so‘m degani. Ta’kidlash shart: bu o‘rta statistik raqam!

Yegulik

Talabaning buxanka nondan o‘zga narsa yemasligiga oid latifalarni ko‘p eshitganmiz. Lekin u ham tirik jon, inson. Qolaversa, hozirgi zamonda yirik shaharlardagi aksariyat umumiy ovqatlanish nuqtalarining mijozlari aynan talabalardir. Biz umumiy sherikchilik tamoyilidan kelib chiqib hisob-kitob qilamiz. Ya’ni 4 kishilik, yana hammasi yosh, yaxshi yeydigan ro‘zg‘orga bir haftalik bozorlik kamida 400-500 ming so‘m bo‘lishi lozim. Raqamning kattaligi sababi, hozirgi kunda talabalar orasida uyidan oziq-ovqat olib kelish an’anasi kamayib ketdi. Chunki uyidagilar ham deyarli hamma oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olib yeyishadi.

Bundan tashqari oyiga o‘rtacha 25 kun ko‘chada qilinadigan tushlik bor. Hozir talabalar uchun ishlaydigan ijtimoiy oshxonalar deyarli qolmadi va hamma bozor iqtisodiyotiga yuzlanmoqda. Bitta tushlik esa kamida 15-20 ming.

Shu tarzda bir talaba yegulik uchun kamida (!) 700 ming-1 mln so‘m sarflab qo‘yadi.

Transport

Talabalar ham kuchayib ketishgan. Oldin hamma jamoat transportida yurgan bo‘lsa, hozir taksi ulushi ham muttasil oshib bormoqda. Oyiga 25-26 kun qatnovning 20 kunini jamoat transportiga, qolganini taksiga ajratamiz. 20 kun o‘rtacha 3 ming, bu 60 ming. 5 kun o‘rtacha 12 ming – buyam 60 ming so‘m. Har ikkisiga 120 ming so‘m. Albatta, talabalar uchun chiqarilgan “proyezdnoy”lar olish mumkin. Lekin ular hamma joyda amal qilmaydi. Qolaversa, talaba faqat o‘qishga borib kelish bilan cheklanib qolmaydi. Demak 120 ming so‘m haqiqatga yaqin.

Kiyinish

Ancha nozik masala. Yigitlarda va qizlarda, moda ortidan quvuvchilarda va bunga qiziqmaydiganlarda, boyning bolasida va imkoniyati cheklanganlarda keskin farqlanadi. Lekin biz o‘rtasini olishga kelishganmiz. Buni yillik 1,8 mln deb olaylik, oylikka bo‘lganda esa 150 ming deb yaxlitlaymiz. Bahsli albatta, lekin muntazam va qoldirib bo‘lmaydigan xarajatlar qatorida bo‘lmagani uchun aniq mezon yo‘q.

Kommunikatsiya

Talabani och qoldirsang qoldir, lekin internetini uzib qo‘yma! Gadjetlar xaridini oylarga bo‘lish, oylik aloqa va internet uchun bemalol 150 ming ajrataverish mumkin, ishonavering.

Madaniy hordiq

Talabalik oltin davr. Ko‘ngilochar dasturlar esa xarajatsiz bitmaydi. Albatta, bu ham bahsli, muntazam bo‘lmagan va har kim uchun har xil xarajat. Lekin oyiga 100 mingsiz bitmaydi.

Xo‘sh, yakunda qanday manzaraga duch kelamiz:

670.000+550.000+850.000+120.000+150.000+150.00+100.000=2.590.000, ya’ni taqriban 2,5 mln so‘m*!

Albatta, grant asosida o‘qish, stipendiya olish, yotoqxonada yashash, yeyish va ichishni qisqartirish, ko‘ngilochar tadbirlardan voz kechish orqali bu xarajatni ancha kamaytirish mumkin. Lekin shunda ham 1,5 mln so‘mdan kamiga bir talabani bir oy davomida ta’minlashning amalda iloji yo‘q.

Ko‘rinadiki, bolasini o‘qitmoqchi bo‘lgan ota-onalar belni mahkam bog‘lashlari, yoki talabalarning o‘zi hayot sabog‘iga tezroq ro‘baro‘ kelib, ishlashni boshlashlari zarur bo‘ladi.

* Narxlar statistik tadqiqotlarga emas, hayotiy kuzatuvlar va so‘rovlarga asosan shakllantirilgan. Umuman, bu borada biror rasmiy tadqiqot olib borilgani ma’lum emas.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: