Yevrokomissiya rahbari: Putin harakatlari yangi sanksiyalar bilan jazolanishi kerak

Jahon 09:11 / 22.09.2022 5759

Vladimir Putinning qisman safarbarlik to‘g‘risidagi buyrug‘idan so‘ng Ukrainadagi harbiy mojaro yangi keskinlashuvi yangi sanksiyalar bilan jazolanishi kerak, dedi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen 21 sentabr, chorshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi arafasida Amerikaning CNN mediakompaniyasi muxbiri bilan suhbatda.

Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, Putin yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagan, tajribaga va motivatsiyaga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilarni safarbar qilish va «Ukraina suveren tuprog‘ida psevdoreferendumlar»ni tashkil etish orqali o‘z kuchsizligini ko‘rsatmoqda. «Shunday ekan, men ishonamanki, bu yana biz tomondan sanksiyalarni talab qiladi», deb ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari. U Yevropa ittifoqining aynan qaysi jazo choralarini nazarda tutganini aniqlashtirmagan.

Ursula fon der Lyayyen CNN telekanalining mavjud sanksiyalarni qanchalik samarali deb o‘ylaysiz, degan savoliga, Rossiya sanoati pasayib ketganini, Moskva harbiy sohada, xususan, yarimo‘tkazgichlar yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar tufayli jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganini ta’kidladi.

Ovro‘poliklar Putinning yadroviy qurol bilan shantajiga bo‘ysunmaydi, dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ukrainaning G‘arb qurollarini yetkazib berishni davom ettirish haqidagi iltimosini qo‘llab-quvvatlab. So‘nggi bir necha oy ichida ukrainaliklar asta-sekinlik bilan kerakli narsani olishdi va o‘zlarini muvaffaqiyatli himoya qilish qobiliyatini isbotlashdi, shuning uchun ularga quloq tutish kerak, dedi Ursula fon der Lyayyen.

Avgust oyi oxirida Germaniyaning uchta taniqli siyosatchisi Ukrainaga, hatto Bundesverni vaqtinchalik zaiflashtirsa ham, ko‘proq qurol yetkazib berishga chaqirdi. Der Spiegel jurnalida sotsial-demokrat Kristian Klink, «yashil» Zara Nanni va erkin demokrat Aleksandr Myuller qo‘shma maqolasida Berlinning Germaniya va NATOni himoya qilishda Bundesver salohiyatini saqlab qolish Ukrainaga yordam berishdan ustun turishi haqidagi hozirgi pozitsiyasini tanqid qildi.

Shu bilan birga, 22 avgust kuni Germaniya Mudofaa vazirligi hukmron koalitsiyadan bo‘lgan Bundestag deputatlarining Ukrainaga qo‘shimcha qurol-yarog‘ yetkazib berish, bunda, kerak bo‘lsa, Bundesverni zaiflashtirishga rozi bo‘lish taklifini rad etdi.

Ko‘proq yangiliklar: