Rossiyadagi safarbarlik haqida nimalarni bilish kerak: kim birinchi navbatda chaqiriladi, kim kechiktirish huquqiga ega?

Jahon 17:04 / 21.09.2022 26595

RF prezidentining ta’kidlashicha, birinchi navbatda «faqat zaxiradagi fuqarolar», ya’ni muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega bo‘lgan shaxslar harbiy xizmatga chaqiriladi. Biroq, umumiy ta’riflar bo‘yicha ko‘plab savollar tug‘ildi, masalan, kim safarbarlikka chaqirilmasligi aniq emas – advokatlar va Duma deputatlari bunga javob berishga harakat qilishmoqda.

«Rossiya Federatsiyasida safarbarlik va safarbarlikka tayyorgarlik to‘g‘risida»gi federal qonunning 21-moddasida belgilanishicha, safarbarlik e’lon qilinganda, harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan fuqarolar safarbarlik to‘g‘risidagi xabarnomalarda ko‘rsatilgan muddat ichida harbiy yig‘ilish punktlariga kelishi shart.

Safarbarlik doirasida fuqarolarga chaqiruv qog‘ozlari har doimgidek shaxsan topshirilishi va ular tomonidan imzolanishi kerak. Chaqiruv qog‘ozi yashash joyida yoki ish joyida topshirilishi mumkin. Safarbarlik ko‘rsatmasiga ega bo‘lgan fuqarolar alohida chaqiruvni kutmasdan mustaqil ravishda harbiy komissariyatga kelishi kerak.

«Agora» huquqni himoya qilish guruhi asoschisi Pavel Chikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti farmoni imkon qadar keng ma’noda shakllantirilgan va safarbarlik haqida batafsil ma’lumotlar keltirilmagan.

Aleksey Navalniy jamoasining yuridik bo‘limi boshlig‘i Vyacheslav Gimadining so‘zlariga ko‘ra, Putin aslida qisman emas, balki to‘liq safarbarlik e’lon qilgan. Chunki sog‘lig‘i va yoshi tufayli harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lganlardan tashqari hamma chaqirilishi mumkin.

«Prezident bu borada ixtiyorni mudofaa vazirida qoldiryapti. Amalda aynan mudofaa vaziri kimni, qayerdan va qancha miqdorda urushga jo‘natish kerakligini hal qiladi. Mexanizm quyidagicha bo‘ladi: Mudofaa vazirligi Rossiyaning har bir mintaqasi uchun safarbarlik kvotalarini shakllantiradi. Ularning bajarilishi uchun gubernatorlar javobgar bo‘ladi. Shoygu 300 ming kishi haqidagi raqamlarni aytdi. Agar bundan ham ko‘prog‘iga zarurat tug‘ilsa, farmon cheklanmagan miqdordagi kishilarni safarbar etish imkonini beradi», — dedi Chikov.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, birinchi bo‘lib harbiy xizmatni o‘tagan va zaxirada qolish uchun shartnoma imzolaganlar chaqiriladi. So‘ngra zaxiradagi erkaklarga navbat yetadi.

Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov safarbarlik haqida batafsilroq ma’lumot berdi. Uning aniqlik kiritishicha, birinchi navbatda 35 yoshgacha bo‘lgan askarlar, matroslar, serjantlar, starshinalar, praporshiklar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan mayorlar, podpolkovniklar, 3-rang kapitanlari, 2-rang kapitanlari, 60 yoshgacha bo‘lgan 1-rang kapitanlari va 65 yoshgacha bo‘lgan oliy ofitserlar chaqiriladi.

Shu bilan birga, zaxiradagi askarlarning ixtisoslashuvi ham muhim ahamiyatga ega. Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, hozir frontga ayniqsa piyodalar, razvedkachilar, aloqachilar, raketachilar, artilleriyachilar va tankchilar kerak. Agar mutaxassisligiga zarurat tug‘ilsa, harbiy kafedra bitiruvchilari ham chaqirilishi mumkin.

Davlat dumasi xabariga ko‘ra, qisman safarbarlik tufayli mamlakat bo‘ylab sayohatga hech qanday cheklovlar qo‘yilmaydi. Ammo chaqiruv qog‘ozini olgan zaxiradagi askarlarga Rossiyadan chiqib ketish taqiqlanishi mumkin.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, yaqin kelajakda qisman safarbarlikka uchraganlar uchun chegaralarni yopish ehtimoli bo‘yicha tushuntirish beriladi.

Peskov, shuningdek, Rossiya hukumati «qisqa muddat ichida» qisman safarbarlik bo‘yicha kechiktirish oladigan fuqarolar toifalarini aniqlashini aytdi. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, talabalar va muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar safarbar qilinmaydi.

Rossiya prezidenti farmonida belgilanishicha, harbiy-sanoat kompleksi xodimlari ham harbiy xizmatni o‘tashni kechiktirishi mumkin. Cheklangan xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘lganlarni ham chaqirish rejalashtirilmagan. Harbiy xizmat uchun ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolar ham safarbar qilinmaydi. Ular faqat to‘liq safarbarlik e’lon qilinganda chaqiriladi.

«Rossiya Federatsiyasida safarbarlik va safarbarlikka tayyorgarlik to‘g‘risida»gi federal qonunning 18-moddasiga binoan, Davlat dumasi deputatlari va Federatsiya kengashi a’zolari, shuningdek, hukumat qarori yoki prezidentning maxsus farmonida ko‘rsatilgan shaxslar, xususan, munitsipal xodimlar va hokimiyatning boshqa vakillariga harbiy xizmatni kechiktirish huquqi beriladi.

Yaqin qarindoshlariga doimiy g‘amxo‘rlik qilayotgan odamlar (buning uchun tibbiy ma’lumotnoma bo‘lishi kerak), o‘smirlarning vasiylari va homiylari ham safarbarlikdan ozod etilishi kerak. Qaramog‘ida 16 yoshgacha bo‘lgan to‘rt yoki undan ortiq farzandi bo‘lgan yoki 16 yoshgacha bo‘lgan kamida bitta bolani tarbiyalayotgan yolg‘iz otalar ham safarbarlikka chaqirilmasligi mumkin. Nihoyat, qonunga ko‘ra, og‘ir jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, biroq jazoni o‘tamagan yoki sudlanganlik olib tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydi.

O‘z navbatida, safarbarlikdan bo‘yin tovlagani uchun chaqiriluvchi 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, ammo sudlanganlik va og‘irlashtiruvchi holatlar bo‘lmasa, odatda buning uchun jarima solinadi.

Rossiyada safarbarlik Ukrainadagi qo‘shinlarining chekinishi ortidan e’lon qilindi. Sentyabr oyi boshidan beri Ukraina qurolli kuchlarining tezkor hujum harakatlari oqibatida Rossiya armiyasi asosiy mudofaa markazlari – Izyum va Kupyanskni topshirib, Xarkiv viloyati hududini deyarli butunlay tark etishdi. Ular Xerson viloyati va frontning boshqa chiziqlarida ham o‘z pozitsiyalarini yo‘qotmoqda.

Ukraina qo‘shinlari umumiy maydoni 6 ming kvadrat kilometrga yaqin bo‘lgan bir necha yuz aholi yashash manzillarini o‘z nazoratiga qaytardi. Ukraina qurolli kuchlari mart oyidan beri nazorat qilmagan Rossiya chegaralarigacha yetib borishdi. G‘arb ommaviy axborot vositalari va harbiy ekspertlar Ukraina tashabbusni o‘z qo‘liga olgan paytda sodir bo‘layotgan voqealarni urushdagi burilish nuqtasi sifatida baholamoqda. Bu rossiyalik siyosatchilar va targ‘ibotchilar tomonidan «o‘z-o‘zini safarbar qilish» haqidagi chaqiriqlarga sabab bo‘ldi.

Bir kun oldin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Luhansk va Donetskdagi xalq respublikalari, Xerson va Zaporijjya viloyatlarida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirish bo‘yicha referendumlar sanasi e’lon qilingan edi. Amalda safarbarlik ushbu hududlarni okkupatsiya qilish va himoya etish uchun zarur. Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu so‘zlariga ko‘ra, 300 mingga yaqin zaxiradagi harbiylar safarbar qilinadi, qisman safarbarlik zaxiradagi harbiylar umumiy sonining qariyb 1,1 foizini tashkil qiladi. Safarbarlik doirasidagi chaqiruvni Rossiya hududlari gubernatorlari ta’minlashi kerak. Har bir hududdan safarbar qilinadiganlar sonini Mudofaa vazirligi belgilaydi.

Ko‘proq yangiliklar: