Bog‘chalarda guruhli kasallanishlar ko‘paydi. Senat kengashida sabablar tahlil qilindi

Jamiyat 13:01 / 21.09.2022 12794

So‘nggi ikki haftada 6 ta holatda bog‘chadagi bolalarning kasallanishi qayd etildi. SanEpid xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovning qayd etishicha, MTTdagi guruhli kasallanishning 4 ta asosiy omili bor. 20 sentabr kuni Senat kengashining navbatdagi majlisida shu haqda gapirib o‘tildi.

Nurmat Otabekov / Senat matbuot xizmati

Nurmat Otabekovning aytishicha, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari ishlatilishi, ovqat tayyorlash texnologik jarayoniga rioya etmaslik, nomutaxassislar faoliyat yuritayotgani va aksariyat holda xodimlar oddiy sanitariya minimumini o‘qimagani sababli bog‘chalarda ommaviy kasallanishlar aniqlanmoqda.

“Bir ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 39-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida bu kabi holat yuzaga kelishiga sabab – oziq-ovqat mahsulotini tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratilmagani, mahsulotlarning qo‘shnichiligiga, kunlik taomnomaga rioya etilmagani, taomnomaga kiritilmagan mahsulot borligi, qolaversa, qoshiqlarni yuvish bo‘yicha ham elementlar sharoitlar mavjud emasligidandir”, dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqt O‘zbekistonda 28 ming 12 ta bog‘cha bor. Shuning 6 ming 300 tasi davlatga tegishli bo‘lib, qariyb 30 foizi, ya’ni 1 ming 200 ga yaqini moslashtirilgan binoga ega.

3 ming 48 ta holatda esa idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit ham yo‘q, ya’ni tog‘oralardan foydalaniladi.

“Demak, mana shunga o‘xshagan holatlarning hammasi keyinchalik guruhli kasallanishga sabab bo‘lishi mumkin. Albatta, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qandaydir nazoratni amalga oshiradi, kimlarga nisbatan chora ko‘radi, qandaydir tadbirlarni joy-joyiga qo‘yishga harakat qiladi, lekin sharoit imkoniyat bermagandan keyin, qolaversa, har bitta tadbirkorlik sub’yektini nazorat qilish imkoniyatimiz yo‘q bo‘lgandan keyin, albatta, muammolar muammoga ulanib ketaveradi”, – deydi Nurmat Otabekov.

Ma’lumot uchun, ayni vaqt maktabgacha ta’lim muassasalarining 1 ming 185 tasi autsorsing tizimiga o‘tgan, 5 ming 145 tasi esa o‘z oshxonasiga ega.

Ko‘proq yangiliklar: