Olimlar ishemik insultning oldini olish yo‘lini topdi

Jamiyat 17:08 / 18.09.2022 10098

Rus olimlari miya neyronlarini ishemik insult ta’siridan himoyalovchi vositani topganini ma’lum qildi. Bu — selen zarralari. 

«Mendeleyev davriy jadvalining VI guruhiga mansub mazkur element Braziliya yong‘oqlari, tovuq filesi, baliq, tuxum, grechka, zig‘ir urug‘i va boshqa dukkakli mahsulotlar tarkibida ko‘p uchraydi. 

Selen yurak-qon tomir tizimi uchun juda foydali. Qolaversa, immunitetni oshiradi, qalqonsimon bez faoliyatini me’yorlashtiradi, asab tizimini mustahkamlaydi, saraton hujayralariga qarshi kurashadi. Shuningdek, antioksidant moddalarni sintez qilishda faol ishtirok etadi. 

Rus olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, organizmdagi mavjud selen zarralari har doim ham qonda yetarli vaqt aylanmaydi. Ular shunchaki jigar va taloqda to‘planib, miya to‘qimalarigacha yetib bormaydi. Buning sababi selen zarralari ko‘p hollarda noqulay o‘lchamlarga ega.

Ushbu faktlar tadqiqotchilarni turli o‘lchamdagi selen zarralarining nerv hujayralariga ta’sirini batafsilroq o‘rganishga undadi. Tajriba uchun jonivorlar miyasida astrositlar o‘stirilib, ularga turli — 50, 100 va 400 nanometr o‘lchamdagi selen nanozarralaridan iborat eritmalar yuborildi. Yakunda 100 nanometrli zarralar eng yaxshi natija berishi aniqlandi. 

Ushbu tajriba kelgusida qon aylanish tizimi kasalliklarining oldini olishga qaratilgan yangi dori vositasi ishlab chiqarishda qo‘l kelishi mumkin», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: