Kun.uz saytida Farg‘ona shahrida joylashgan supermarket yonida gul sotib yolg‘iz qizini oliygohda o‘qitgan va halol mehnati ortidan pul jamg‘arib Umraga ketgan ayol haqida maqola va videolavha e’lon qilingan edi.
Umra safaridan qaytgan sodda va samimiy gulchi ayol Dilfuzaxon opa Qo‘ziyeva o‘z taassurotlarini Kun.uz muxbiri bilan o‘rtoqlashdi.
“Oyoq-qo‘lim, ko‘zim bilan borib ko‘rganimga shukrlar deyman. Mehnat qilsangiz uning ortidan albatta rohatini ko‘rasiz. Men shunga iqror bo‘ldim. Natijasini, kamolini his qilyapman.
Umra safariga ketish oldidan “Toshkent pitakdan” poytaxtga qizim va opam kuzatib qo‘ydi. 15 avgust kuni tong sahar 7:00 atrofida samolyotga o‘tirdik. Sumkalar bilan ketyapman-u, lekin haqiqatan buyuk safarga ketayotganimga haliyam ishonmayman. Samolyotga birinchi marta chiqqanim uchun hayajon bosdi.
Avval Dubayga qo‘ndik. Undan keyin Saudiya Arabistonining Jidda shahriga tushdik. Jidda shahridan avtobusga chiqib yo‘lga tushdik. O‘zim bilan birga patir non va olma olgan edim. Hamrohlarimga uni ulashdim. Tong sahar 4:00 ga yaqin Madinaga yetib keldik. Osmono‘par binolarni ko‘rib boshim aylandi. Yuzimga Madinaning issig‘i urildi.
Go‘zal masjidlarda yurt, mahalla-ko‘y tinchligi uchun duoda bo‘ldik. Biz borgan paytda prezidentimiz ham o‘sha yoqda ekan. Meni xursand qilgan narsa: hamma joyda ehson qilinib, suv, xurmo va shirinliklar tarqatilgani bo‘ldi. O‘z yurtimga borib bir yilda bir marta bo‘lsa ham kuchim yetganicha juma namozlaridan chiqqanlar uchun ehson qilishlikni astoydil niyat qildim.
Ibodatni qilib bo‘lib oshxonada tanovul qilib o‘tirganimizda qashqadaryolik 70 yoshli erkak bilan gaplashib qoldim. Uning yuzidan nur yog‘ilardi. Notanish erkak Umra safariga velosipedda kelgan ekan. Suhbatdoshim 500 dollarga viza qilish uchungina pul sarflagan bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay saxovatli insonlar ko‘magi bilan shu yergacha yetib kelgan ekan. U inson menga nafl namozlarni ko‘p o‘qishni maslahat qildi.
To‘g‘risini aytaman, yurtimga kelgim kelmasdi. Dilim yayrab yurdi u maskanda. Oilam bilan har kuni internet orqali gaplashib turdik. Turmush o‘rtog‘im ketish oldidan yangi telefon sovg‘a qilgan edi. Telegramdan foydalanishni bilmasdim. Asta-sekin o‘rganib, uydagilar bilan u orqali muloqot qila boshladim”, – deydi gulchi ayol.
***
“Go‘zal yurtni ko‘rib o‘zimga tarbiya oldimki, odamlar bilan urishishdan, ularning dilini og‘ritishdan panohda yurishlikni o‘rgandim. Umra safaridan huddiki yangi tug‘ilgan chaqaloqdek bo‘lib qaytdim. Safardan qaytganimdan keyin hamma birdek “Xoji ona” deb ko‘klarga ko‘tarishyapti. Menga bunday iltifotlar kerak emas. O‘sha-o‘sha oddiy gul sotuvchi ayolman.
Umraga borish uchun misqollab pul jamg‘ardim. Niyat qilib pul to‘plasangiz, albatta yo‘lingizni topasiz. Qizim menga juda ko‘plab kitoblar sovg‘a qildi. Tug‘ilgan kunimda kiyim-kechak emas aynan kitob kirib kelardi uyimga.
Umradan kelganimdan keyin juda ko‘plab insonlar yo‘qlab kelyapti. Bundan boshim osmonga yetdi. Endilikda topgan mablag‘imni ehtiyojmand insonlarga bermoqchiman. Davlat ishida ham ishlab, bo‘sh vaqtimda gullarimni parvarishlab yana sotishni yo‘lga qo‘yaman. Yana pul jamg‘arab turmush o‘rtog‘im va qizimni Umraga jo‘natmoqchiman.
Prezidentimizdan Umra safariga borish uchun ketadigan mablag‘ni kamaytirishini so‘rayman. Muqaddas dargohga borish har bandaga nasib qilsin”, – deydi farg‘onalik gul sotuvchi ayol
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.