Yevroparlament Vengriyani elektoral avtokratiya deb e’lon qildi

Jahon 08:47 / 16.09.2022 10062

Yevroparlament (YeP) a’zolari Vengriya bosh vaziri Viktor Orban hukumatining Yevropa qadriyatlariga putur yetkazish bo‘yicha «qasddan va tizimli harakatlari»ni qoraladi. 15 sentabr, payshanba kuni chop etilgan press-relizda «Vengriyani endi to‘laqonli demokratik davlat deb hisoblash mumkin emas», deyiladi.

«Yevropa ittifoqi tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmagani «elektoral avtokratiyaning gibrid rejimi», ya’ni saylovlar o‘tkaziladigan, lekin demokratik me’yorlar va standartlarga hurmat bo‘lmagan konstitutsiyaviy tizimning paydo bo‘lishiga yordam berdi», - deydi yevrodeputatlar.

Payshanba kuni 433 ovoz yoqlab, 123 ovoz qarshi bo‘lib, 28 ovoz betaraf qolgan holda qabul qilingan hujjat YeP 2018 yilda Yevropa ittifoqi qadriyatlariga tahdid bo‘yicha Vengriyaga qarshi 7-modda protsedurasini boshlagan hisobotga asoslanadi. 

«Ushbu hisobotning xulosalari aniq va qaytarilmas: Vengriya demokratik davlat emas. Vengriyada qonun ustuvorligidan chekinishning dahshatli sur’atini inobatga olgan holda, parlamentning bu pozitsiyani egallashi har qachongidan ham muhimroq», dedi YeP ma’ruzachisi Gvendolin Delbos-Korfild. 

Yevroparlament deputatlarining fikricha, YeIning Vengriyadagi vaziyat rivojlanishiga nisbatan harakatsizligi demokratik qadriyatlar sohasidagi orqaga qaytishni yanada kuchaytirdi. Ular Yevropa komissiyasini o‘z ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanishga chaqirdi. 

Xususan, deputatlar mamlakat iqtisodiyotini inqirozga qarshi tiklash uchun ajratilgan mablag‘larni bermaslikni talab qilishdi. Yevropa parlamenti, shuningdek, Vengriya YeI tavsiyalarini, Yevropa ittifoqi sudi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi qarorlarini bajarmaguncha, birdamlik fondlaridan to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. 

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto jurnalistlarga Yevroparlament boshqa masalalar bilan shug‘ullanishi va «Vengriyaga qarshi har xil yolg‘on ayblovlarni» takrorlamasligi kerakligini aytdi. U demokratiyaning shubha ostiga qo‘yilishini «Vengriya fuqarolariga nisbatan qo‘pol haqorat» deb atadi. 

Ko‘proq yangiliklar: