ShHT Belarusni doimiy a’zolikka qabul qilish jarayonini boshladi

Jahon 16:36 / 16.09.2022 4906

Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Belarusga to‘laqonli a’zolik maqomini berish tartibini boshlashga qaror qildi. Bu haqda 16 sentabr, juma kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. O‘z navbatida, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Minsk ShHTga a’zo bo‘lish masalasida «bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanganini» aytdi.

Belarus 2022 yil iyul oyida ushbu tashkilotga kirish uchun rasmiy ariza topshirgan. U 2010 yildan ShHTning hamkori, 2015 yilda esa kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi. 

Bundan tashqari, 15 sentabr kuni Eronning ShHTga a’zo bo‘lishi to‘g‘risida memorandum imzolandi va besh davlat – Bahrayn, Maldiv Respublikasi, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Myanmaga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

15 sentabr kuni Samarqandda ochilgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari ikki kunlik sammiti tashkilotning 2019 yildan buyon ilk yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi. 

Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo ikki davlat – Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida hal etilmagan chegara masalalari yuzasidan vaqti-vaqti bilan mojaro kuzatilyapti. Oxirgi bunday to‘qnashuv 14 sentabr kuni ikki davlat chegara qo‘shinlari o‘zaro o‘q uzganida kuchaydi. O‘shandan beri Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida to‘qnashuvlar davom etmoqda. 

16 sentabr kuni tushdan keyin OAV Qirg‘iziston va Tojikiston o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar tarqatdi. 

Ko‘proq yangiliklar: