Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Chilonzor ko‘chasining 650 metrlik qismida (Gagarin xiyobonidan Muqimiy ko‘chasigacha) yo‘l ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi.
Bir oydan ortiq davom etgan rekonstruksiyadan keyin bugun, 13 sentabr kuni yo‘l bitgani munosabati bilan bayramona tadbir o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar xodimlari va aholi vakillari ishtirok etdi.
Tumanning yangi hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayevning ta’kidlashicha, ko‘chadagi ayrim infratuzilma nuqsonlarini bartaraf etish ishlari davom ettiriladi.
“Bugungi yo‘l avtomobillarga tezroq qulaylik yaratish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida ochildi. Hozir fuqarolar ayrim kamchiliklar, e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan narsalarni aytib o‘tmoqda. Har bittasini hisobga olgan holda, kamchiliklarini bartaraf etib, odamlarga qulaylik yaratish choralari ko‘riladi.
Mana hozir eski avtobus bekatini tiklab berishni, yerosti yo‘llarida chakki oqqan holatlarni aytishdi. Bularning hammasini bartaraf etganimizdan keyin, natijasini ko‘rib xursand bo‘lishadi, deb o‘ylayman.
Men bu yerda hali yangi hokimman, mendagi bor ma’lumotlarga ko‘ra, zarar yetkazilgan daraxtlar ildizlariga kerakli o‘g‘itlar berilib, hayoti saqlab qolindi. Bundan keyin yashab qolishiga umidvormiz”, – deydi tuman hokimi.
Mahalliy aholi vakillari bu ko‘chadagi avtomobil yo‘lida garchi chuqurlar ko‘p bo‘lmasa-da, yo‘l yuzasi juda notekis bo‘lgani, ta’mirdan keyin yangi asfalt qoplamasi bilan yo‘l ravon bo‘lganini aytishdi.
Eslatib o‘tamiz, Chilonzor ko‘chasi ta’mirlash ishlari sabab iyul oyi oxirida yopilgan edi. O‘shanda shahar aholisi jami 4 qatorlik bu yo‘l yana ham kengaytirilishidan bexabar edi. Bu kengaytirish oqibatida ko‘cha yuzidagi yuzdan ortiq ko‘p yillik daraxtning ildiziga ziyon yetkazilgani 6 avgustga kelib rezonansga sabab bo‘ldi.
Voqea ortidan tuman hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etilib, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berilgandi. Loyiha qayta ko‘rib chiqilib, yo‘l kengaytirilmaydigan bo‘ldi.
22 avgustda Chilonzorga yangi hokim, prokuror va ichki ishlar boshlig‘i tayinlandi.
8 sentabrga kelib, yana shu Chilonzor ko‘chasida quruvchi tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqqa qaramay, 58 tup daraxtni kesib tashladi.