Kun.uz muxbiri surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tumani Qum mahallasida yashagan Muhammadakbar Abdupattoyev oilaning kenja farzandi bo‘lib, mash’um hodisa sodir bo‘lgan 21 iyul kuni uni bog‘chaga 11 yoshli opasi olib borgan, ammo bola u bilan uyga qaytgan. U qo‘shni bolalar bilan o‘ynash uchun uydan ko‘chaga chiqib ketgan va hovli orqasidagi soyga cho‘kib ketgan.
Muhammadakbarning buvisi Hanifaxon Abduvaliyeva bog‘cha tarbiyachilarining mas’uliyatsizligi sabab nevarasidan ayrilganini aytadi.
«Shu kuni nevaramni opasi bog‘chaga olib borganda, u yerda 5 nafar tarbiyachi o‘tirgan ekan. Ukasini tashlab chiqqanidan keyin tarbiyachilar nevaramga e’tibor bermagan. Opasiga ergashib ketayotgan bolani ko‘rgan tarbiyachi «ukangiz bog‘chada qolsin», deganida «opasi o‘zim bilan olib ketaveraman, bog‘chaga qaytib kirmayman», degan.
Shu kuni tishimni davolatgani shifoxonaga ketgan edim. Uyda bo‘lganimda o‘zim bolani bog‘chaga qaytarib tashlab kelgan bo‘lardim. Uning bog‘chadan qaytib kelganini onasi ham bilmay qolgan. Hovlimiz orqasidan soy oqadi. O‘ynab borib, to‘lib-toshib oqayotgan soyga sirpanib oqib ketibdi», — deydi buvisi.
Buvisining aytishicha, nevarasi avval ham bog‘cha hududidan tashqarida o‘ynab yurganida ovsinining kelini ko‘rib qolib, ichkariga tashlab chiqqan ekan.
«Avval ham shunga o‘xshash holat bo‘lgan. Nevaralarim bilan Muhammadakbarni bog‘chaga tashlagani borganimda, opasi uni tarbiyachilarining oldiga olib bordi, lekin tarbiyachilar bolaga e’tibor berishmadi. Nevaram opasining orqasidan ergashib, yonimizga qaytib keldi.
Men uning qo‘lidan tutib tarbiyachilarning oldiga olib bordim. Bolaga e’tibor bermayotganlarini aytib, koyib berdim. Ikki marta shunday holat yuz berdi. Uchinchi martasida esa baxtsiz hodisa bo‘ldi.
Bog‘chaga olib borgan opasi buni keyinroq menga aytib berdi. O‘sha kuni tarbiyachilar telefon o‘ynab o‘tiravergan, nevaramga e’tiborsiz bo‘lishgan. Tarbiyachi degani bog‘cha eshigida bolani qabul qilib, qat’iy nazorat qilmaydimi? Ota-onasi farzandi dog‘ida tamom bo‘lishdi. Qo‘li ishga bormaydi hech birining. O‘g‘lim Muhammadakbar xatna to‘yi qilaman, deb hozirlik ko‘rayotgandi», — deydi marhumning buvisi.
Qum mahallasi raisi Shavkat Ergashevga ko‘ra, soyga sirpanib cho‘kib ketgan bola oradan uch soat o‘tib Uchko‘prik tumani hududidan topilgan.
«O‘sha kuni soat 9:00 lar chamasida qo‘ng‘iroq bo‘ldi, 4 yoshli bola soyga oqib ketgani haqida xabar qilishdi. Ishxona bilan soy orasi 500 metr chiqadi. Sobirjonsoy bo‘yiga zudlik bilan yetib keldim. Ko‘pchilik bo‘lib soyda qutqaruv ishlarini olib bordik.
Soyda suv ko‘p ekan. Oradan 3 soat o‘tib suvni kamaytirishga muvaffaq bo‘ldik. Muhammadakbar Uchko‘prik tumanining Toshkonli guzar degan joyida suv bo‘linadigan dambaga ilinib qolgan ekan. Qidiruv ishlari 3 soatga yaqin davom etdi. Bolani topganimizda joni uzilib bo‘lgan edi», — deydi mahalla raisi.
Biz Muhammadakbar qatnagan 23-DMTTda ham bo‘ldik.
Shu muassasada ishlovchi tarbiyachi Sharifaxon Mo‘minova mash’um hodisa sodir bo‘lgan kuni Muhammadakbar Abdupattoyev bog‘chaga kirishni xohlamay, opasining ortidan ergashib ketib qolganini ta’kidladi.
«21 iyul kuni ertalab Muhammadakbarni opasi bog‘chaga olib keldi. Men boshqa tarbiyalanuvchilarni nazorat ostida ushlab turgandim. Qo‘limda esa tarbiyalanuvchilardan biri bor edi.
Muhammadakbarni olgani borsam, u opasi tomonga tisarildi. Shundan keyin opasining orqasidan yurib ketdi. Opa-ukaning orqasidan bordim. Bolani chaqirdim. Shunda opasi bola bog‘chaga kirishni xohlamayotganini aytdi. Shundan keyin bog‘chaga qaytib kirib ketdim. Oradan yarim soat o‘tgach, bo‘lgan voqea haqida eshitdim», — deydi bolaning tarbiyachisi.
Farg‘ona viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot kotibi Fayzullo Sultonovning ma’lum qilishicha, bo‘lib o‘tgan hodisadan keyin 23-DMTT rahbari Mohira Sultonova lavozimidan ozod etilgan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 23-DMTTda bo‘lib o‘tgan voqea bog‘cha hududida bo‘lmagan. Bolakay o‘zi yashaydigan xonadon orqasidan oqib o‘tuvchi soyda tushib ketgan. Haqiqatan ham bolani opasi bog‘chaga olib kelgan. Tarbiyachi bolani bog‘cha darvozasi qarshisida qabul qilib olgan. Biroq bola bog‘chada qolishni xohlamay, opasining ortidan ergashgan. Bolaning ortidan tarbiyachi chiqqan. Shunga qaramay, bolakay xarxasha qilib opasi bilan ketgan. Oradan bir soat vaqt o‘tib mana shunday holat yuz bergan.
Surishtiruvimizga ko‘ra, o‘sha kuni bog‘chadan kirmay ketib qolgan bola o‘z uyiga borgan. Qarindoshlarining bolasi bilan ko‘chada o‘ynab yurib soyga borishgan va u soyga sirpanib tushib ketgan.
Bu holatda albatta tarbiyachilarning ham ayb bor. Bola bog‘cha hududidan chiqib ketganidan keyin ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, holatdan boxabar qilib qo‘yishmagan. Qolaversa, bolani olib kelgan opasi ham voyaga yetmagan 5-sinf o‘quvchisi. Holatdan keyin DMTT direktori lavozimidan ozod etildi», — deydi u.
To‘g‘ri, tarbiyalanuvchi ta’lim muassasasidan chiqib ketgan. Baxtsiz hodisa esa tashkilot hududi tashqarisida bo‘lgan. Eng avvalo tarbiyachi har qanday holatda ham o‘z ishiga professional yondashib, bolani ovutib, muassasada olib qolishi kerak edi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda 167-moddasi 2-qismi «g» bandi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qolaversa, DMTTning moliyaviy faoliyati o‘rganilganda, tarbiyalanuvchilar uchun sarflanishi lozim bo‘lgan 24,3 mln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari talon-toroj qilingani ham aniqlangan. Bu holat yuzasidan ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev