«Gazprom» yozning ikkinchi yarmidan boshlab «Shimoliy oqim» bo‘ylab gaz yetkazib berishni yanada kamaytirib bordi: 15 iyul kuni quvurlardan Yevropaga belgilanganidan 60 foiz kam gaz keta boshladi, keyinroq oqim yana 20 foizga kamaytirildi.
Avgust oyi oxirida quvurlar urush vaqtida odatiy bahonaga aylangan «texnik ko‘rik» sabab ishlamay qoldi. Sentyabr oyida gaz yetkazib berishni qayta tiklashni va’da qilgan Rossiya «Partovaya» gaz qazib olish kompressor stansiyasida ta’mirlash «noma’lum muddatgacha cho‘ziladigan» nosozlik qayd etilganini ma’lum qildi. Oqibatda Yevropada gaz narxi yana 30 foizga oshdi, Chexiya poytaxti Pragada energiya narxi oshishidan norozi bo‘lgan 70 ming odam namoyishga chiqdi.
Energiya narxi chindan keskin oshib borayotgan bir vaqtda Yevropa davlatlari fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli rejalar ishlab chiqa boshladi.
Germaniya
Sentyabr oyi boshida Germaniya hukmron koalitsiyasi energiya narxi oshib ketgani tufayli odamlarga yordam puli berish rejasi uchun 65 milliard yevro ajratishga erishdi. Bu inflatsiya va narxlar oshishi sabab odamlarga ajratilayotgan uchinchi yordam paketi hisoblanadi. Umumiy hisobda Germaniya hukumati bu yo‘nalishga 95 milliard yevro pul sarfladi.
E’lon qilingan yordam paketiga ko‘ra 2022 yil 1 dekabrdan boshlab nafaqadagi insonlar 300 yevro, talabalar esa 200 yevro miqdorida bir martalik yordam puli oladi. Shuningdek, barcha ishlayotgan fuqarolarning maoshlariga 300 yevro miqdorida ustama qo‘shib beriladi. Shuningdek, Germaniyada uy-joy uchun ustama puli oladigan odamlar soni 2 million nafargacha yetkazildi. Ular isitish tizimiga to‘lash uchun qo‘shimcha 415 yevro bir martalik yordam oladi.
Germaniya hukumati fuqarolarini transport uchun arzon chiptalar bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 1,5 milliard dollar ajratadi. Butun yoz davomida esa Germaniyada bir oyga 9 yevro to‘lab istalgancha poyezdda harakatlanish mumkin qilib qo‘yildi.
Mamlakatda energiyani nisbatan ko‘proq ishlatadigan 9 mingta korxona foydalanishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlari qabul qilingan. 2023 yildan boshlab Germaniyada birinchi va ikkinchi farzand uchun beriladigan bola pulining bir oylik miqdori 18 yevroga oshiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, Germaniyada energiya iste’moli uchun hayotiy zarur minimal miqdor ham belgilanadi. Xonadonlar shu miqdordagi energiya uchun arzonlashtirilgan tarifda pul to‘laydi.
Hukumat mamlakatdagi energiya kompaniyalarini juda katta daromad uchun soliqqa tortish masalasini ham muhokama qilmoqda. Bunday soliqdan tushgan pullar esa gaz, neft va ko‘mir narxi xaridorlarga maksimal arzon narxda borishi uchun ishlatiladi.
Fransiya
Ukrainada urush boshlanganidan buyon Fransiya iste’molchilar uchun energiya narxi 4 foizdan ortiq qimmatlamasligini ta’minlash maqsadida umumiy hisobda 26 milliard yevro sarfladi. Bundan tashqari, elektr energiyasini ongli ravishda tejash bo‘yicha «hushyorlik» siyosati faol targ‘ib qilinmoqda. Bosh vazir Elizabet Born barcha kompaniyalarni elektr energiyasini 10 foizga iqtisod qilishga chaqirib, aks holda ular elektrni uzilish bilan qabul qilishga majbur bo‘lishini aytdi. Bosh vazir oktyabrda Fransiyadagi elektr energiyasini eng ko‘p ishlatadigan kompaniya rahbarlari bilan uchrashishi, ular hukumat rahbariga energiyani tejash bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim etishi kutilmoqda.
Italiya
Italiyada avvaliga aholiga yordam puli berish uchun budjetdan 35 milliard yevro ajratilgandi, ammo avgust oyi oxirida yordam puli uchun qo‘shimcha 17 milliard yevro sarflanadigan bo‘ldi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Italiya inqirozga qarshi rejasida kam ta’minlangan oilalarga pul berishdan tashqari elektr energiyasi uchun odatdagidan 20 foiz ko‘p to‘lay boshlaganlardan soliq yig‘imini bekor qilish kabi chora-tadbirlar ham o‘rin olgan. Shuningdek, Italiya nafaqa miqdorini oshirish uchun 1,5 milliard yevro ajratgan. Mamlakatda anchadan buyon transport vositalari uchun yonilg‘i solig‘i pasaytirilgan va bu imtiyoz muddati yana uzaytirilgan. May oyida bosh vazir Mario Dragi yillik daromadi 35 ming yevrodan kam bo‘lgan barcha italiyaliklarga 200 yevrodan bir martalik yordam puli berilishini ma’lum qilgandi.
Niderlandiya
Mamlakat hukumati eng kam ish haqi miqdorini 10 foizga oshirish, energiya uchun soliqni pasaytirish va kam ta’minlangan oilalarga yordam puli berish uchun 16 milliard yevro ajratgan. Inqirozga qarshi reja sentabr oyining ikkinchi qismidan amalga kirishi kutilmoqda. Bu Niderlandiya hukumatining narxlar oshishi munosabati bilan qo‘llayotgan ikkinchi inqirozga qarshi rejasi hisoblanadi. Avvalgisi uchun 2,8 milliard yevro ajratilgan va uning doirasida energiya soliqlari pasaytirilgan, kam ta’minlangan oilalar va keksa odamlar yordam puli olgan.
Norvegiya
Yevropaning eng yirik energogiganti Norvegiya bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 0,7 krona miqdorida qat’iy narx belgilab qo‘ygan. Shuningdek, energiya yetkazib beruvchilarga oshgan narxning 80 foizigacha bo‘lgan qismini hukumat to‘lab beradi. 2021 yil dekabridan 2023 yil martigacha Norvegiya energiya subsidiyasi uchun 23 million yevro sarflashni ko‘zlamoqda.
Polsha
Mamlakat elektr energiyasi narxi oshib ketmasligini ta’minlash uchun 10 milliard yevro sarflaydi. Bu pullar kambag‘allarga yordam puli berish, gaz narxi ko‘tarilishining oldini olish, soliq imtiyozlari uchun sarflanadi. Iyul oyida hukumat ro‘zg‘orini ko‘mir bilan isitadigan oilalarga 640 yevrodan iborat bir martalik yordam puli berishga qaror qildi.
Ispaniya
Mart oyidayoq Ispaniya fuqarolar va kompaniyalarga yordam rejasi uchun 16 milliard yevro ajratgandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri yordam puli tarqatish, gaz uchun QQS va boshqa turdagi soliqlarni kamaytirishga 6 milliard yevro sarflansa, qolgan pul imtiyozli kredit berishga mo‘ljallangan. Shuningdek, Ispaniya va Portugaliya elektr stansiyalar uchun xomashyo narxini arzon saqlab turish maqsadlariga 8 milliard yevro ajratgan.
Shvetsiya va Finlandiya
Bu ikki davlat sentabr oyi boshida isitish mavsumi arafasida energiya kompaniyalariga milliardlab dollarlik likvidlik kafolati taqdim etishini ma’lum qilgandi. Finlandiya energiya inqirozi vaqtida aholiga yordam berishga 10 milliard yevro, Shvetsiya esa 23 milliard yevro ajratishga qaror qilgan. Shvetsiya moliya vaziri Mikael Damberg Shvetsiyaning kafolati Daniya, Finlandiya, Norvegiya va Boltiqbo‘yi davlatlariga ham taalluqli ekanini aytdi.
Finlandiya hukumati elektr energiyasi uchun QQS qiymatini tushirdi. Kam ta’minlangan oilalar uchun soliqlarni kamaytirib, ularga ustama berdi. Oilada birgina boquvchi bo‘lgan oila, ota yoki ona talaba bo‘lgan oilalar uchun to‘lanadigan ustama puli miqdorini oshirdi. Sharqiy Finlandiyani qo‘llab-quvvatlash uchun alohida 80 million yevro ajratilgan.
Ruminiya
Mamlakat energiya inqiroziga qarshi 3,5 milliard yevroga baholangan reja ishlab chiqdi. Hozirda energiyaning qimmatlagan qismini hukumat to‘lab bermoqda. Ruminiya elektr va gaz ishlab chiqaradigan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali narxlarni ushlab turmoqchi.
Vengriya
Mamlakatda yonilg‘i narxi uchun 1 litriga maksimum 480 forintlik (taxminan 1,2 yevro) limit belgilangan. Keyinchalik bu tartib o‘zgardi. Xorijiy raqamdagi avtomobillar uchun benzin va dizel 60 foiz qimmatroq sotila boshlandi. Keyinroq esa energiya iste’moli uchun limit belgilandi va elektr energiyasini bozor narxidan ham arzon yetkazib berish boshlandi. Mamlakatda o‘rmonlarni kesishga qo‘yilgan cheklov ham yengillashtirildi va shu tariqa ortib borayotgan o‘tinga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirish maqsad qilindi.
Gretsiya
Yunonlarning aksilinqiroz rejasi 2,5 milliard yevroga teng bo‘ldi. Bu pullar nafaqa miqdorini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga 200 yevrodan bir martadan yordam puli berishni o‘z ichiga oladi. Odamlar energiya va yonilg‘iga ham kamroq sarflashi uchun qator chora-tadbirlar ko‘rilib, bunga 7 milliard yevro sarflandi.
Daniya
Mamlakatdagi keksa odamlar 670 yevro miqdorida bir martalik yordam puli olishdi. Shuningdek, elektr energiyasi uchun soliqlar kamaytirildi. Fuqarolarga yordam berish uchun umumiy 400 million yevrodan ortiq pul ajratildi.