2022 yil 4 sentabr kuni soat 00:30 da 26 yoshli K.G. (ayol) o‘zi ishlab kelayotgan Yashnobod tumani Torariq ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish joyida bo‘la turib, mazkur oilaviy oshxonada o‘zi bilan birga ishlovchi 28 yoshli, mast holatdagi M.S. (erkak) bilan o‘zaro janjallashib qolgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ayol o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, oshxona pichog‘i bilan erkak qorin qismiga bir marotaba zarba berib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda, 28 yoshli erkak olgan tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida unda «Qorin o‘ng old devorini teshib kirib jigarni shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati, ichki va tashqi qon ketish» kabi jarohatlar aniqlangani va ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 26 yoshli ayolga nisbatan Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (jabrlanuvchi o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.