SSV: Ta’lim muassasasi oshxonasidagi ovqatlar sifati alohida komissiya tomonidan tekshiriladi

Jamiyat 14:15 / 07.09.2022 4385

O‘zbekistonda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari brakeraj komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, tibbiyot xodimlari ta’lim muassasasida ovqatlanishni tashkil etishda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini nazorat qilib boradi. Ta’lim muassasalarining ovqatlanish xonasiga olib kelinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi, ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash muddati shartlarni kafolatlovchi hujjatlarga muvofiq kelishi shart.

Ilova qilingan hujjatlarni mahsulot tugaguncha saqlash lozim. Yetkazilayotgan mahsulotlarning sifati nazorat qilish jurnaliga yozib boriladi.

Oziq-ovqatlar sifatini tekshiradigan (brakeraj) komissiya a’zolari uch kishidan kam bo‘lmasigi kerak: tibbiy xodim, oshxona xizmatchisi va ta’lim muassasasining vakili.

Tayyor taomlar faqatgina organoleptik baholanib ko‘rilgandan keyingina tarqatiladi.

Porsiyali taomlarning vazni taomnomada ko‘rsatilganidek bo‘lishi kerak. Ovqat tayyorlash texnologiyasi buzilgan holda, shuningdek, tayyor bo‘lmagan holda yoki aniqlangan pazandalik muammolari bartaraf etilmaguncha, ovqat dasturxonga taqdim etilmaydi.

Har kuni ishga kirishishdan oldin tibbiyot mutaxassisi tomonidan ta’lim muassasasi oshxona xodimlarining yara-yiring, qo‘l terisi kasalliklari va tananing ochiq joylari xastaliklari, shungingdek, angina, nafas olish yo‘llari kataral holatlari tekshirilishi lozim.

Ovqatni vitaminlar bilan boyitish tibbiyot xodimining, u yo‘q bo‘lgan paytda, biriktirilgan boshqa mas’ul shaxsning nazoratidan o‘tkaziladi.

Ovqatni vitaminlashtirish sanasi va vaqti, porsiya sifati, o‘quvchilar soni va sutkalik dozalar hisobiga qarab taqdim etiladigan preparat miqdori, shuningdek, sun’iy vitaminlashtirilgan taomlar orqali beriladigan vitaminlar hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tavsiya etilayotgan shaklga muvofiq qayd etib boriladi.

Oziq-ovqatlarga qo‘yiladigan tegishli gigiyenik talablarga binoan tayyor taomlar xavfsizligini tasdiqlash va oziq-ovqat mahsulotlaridagi oziq-ovqat qiymatini (oqsil, yog‘, uglevod, kaloriyasi, mineral moddalar va vitaminlar) aniqlash, sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: