Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijarada yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Hukumat buning tartibini belgilovchi nizomni bundan bir yil oldin tasdiqlagan.
Kimlarga ijara to‘lovlari qoplab beriladi?
Bu tartib davlat OTMlarida faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib, qonuniy ijarada yashayotgan talabalarga taalluqli.
Har yili davlat oliygohlarining kunduzgi ta’lim shaklida o‘qib, ijarada turadigan talabalarning 60 foiziga ijara pulining bir qismi to‘lab beriladi. Xo‘sh, bu 60 foizga kimlar kiradi?
Ijara to‘lovi uchun kompensatsiya quyidagi toifa talabalarga beriladi:
- ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida OTMda o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- ota-onasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlar (ishsiz, daromad manbaisiz, shu jumladan, ishlash istagida bo‘lgan yoki ishlash qobiliyatini qisman yo‘qotgan ota-onalarning farzandlari);
- kam ta’minlangan oilalarning farzandlari;
- “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari;
- “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning farzandlari;
- oila a’zolari “Mehnat-migratsiya” dasturida ro‘yxatdan o‘tib, xorijda vaqtincha ishlayotgan oilalarning farzandlari;
- boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalarning farzandlari (ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada 16 yoshga to‘lmagan beshta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar);
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari;
- to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
- vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalar.
Yuqoridagilardan tashqari, OTMda o‘rnak ko‘rsatgan va faol bo‘lgan talabalarga ham ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi. Bu toifaga quyidagilar kiradi:
- xalqaro, respublika, hudud va ta’lim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari;
- fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol qatnashgan, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlarida volontyorlik qilgan talabalar.
Ijara kompensatsiyasini olish uchun talaba o‘zi doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yashash joyi (tuman, shahar kesimida) doirasidan tashqarida ijarada yashayotgan bo‘lishi kerak. Buni ikkita misol bilan tushuntiramiz:
- Samarqand shahrida doimiy propiskada turadigan SamDU talabasiga ijara puli berilmaydi;
- Samarqand shahriga Samarqand viloyatining boshqa tumanlaridan kelib o‘qiyotgan talabalar ijara pulini olishga da’vogar bo‘lishi mumkin.
Ijara to‘lovlarining qancha qismi qoplab beriladi?
Yuqoridagi toifalarga mansub talabalarga oylik ijara to‘lovining 50 foizi qoplab beriladi.
Qoplab beriladigan ijara to‘lovining maksimal miqdori quyidagicha:
- Toshkent shahrida BHMning 1 baravari – 300 ming so‘m,
- qolgan hududlarda BHMning 0,5 baravari – 150 ming so‘m.
Masalan, agar Toshkent shahrida o‘qiydigan talabaning bir oylik ijarasi o‘rtacha 500 ming so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, shuning 50 foizi – ya’ni 250 ming so‘mi to‘lab beriladi. Ijara narxi bundan qimmat bo‘lgan taqdirda ham, qoplab beriladigan summa 300 ming so‘mdan oshmaydi.
Bazaviy hisoblash miqdori (300 ming so‘m) oshgan taqdirda, bu chegara ham shunga mos ravishda ko‘tariladi.
Ijara to‘lovi uchun kompensatsiyani qanday olish mumkin?
Talaba davlatdan ijara pulini olish uchun fakultet dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosariga yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga murojaat qiladi.
Ulardan uch xil toifadagi hujjatlar so‘raladi:
- ariza;
- ijara shartnomasi;
- yuqorida keltirilgan toifalarga mansubligini ko‘rsatuvchi hujjatlar.
Ijara shartnomasi qanday tuziladi?
Hozir ijara shartnomalari onlayn tuzilyapti. Buning uchun ijara.soliq.uz sayti ishga tushirilgan. Ijara shartnomasini tuzish uchun ro‘yxatdan o‘tishda ijaraga beruvchi ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotlarni saytga kiritishi lozim.
Ijaraga oluvchi to‘g‘risidagi ma’lumot qismiga talabaning pasportidagi jismoniy shaxs identifikatsiya raqami va talabaning ma’lumotlari kiritiladi. Keyin ijaraga berilayotgan ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotlar to‘ldiriladi. Ijaraga berish muddatlari va bir oylik ijara narxi kiritiladi.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart. Bunda platformadagi “qo‘shish” tugmachasi orqali ularning ma’lumotlarini kiritish zarur.
Barcha ma’lumotlar to‘ldirilgach, tasdiqlash tugmachasi bosiladi. Ijaraga oluvchi shaxsiy kabineti orqali yuborilgan ma’lumotlar bilan tanishib chiqib, uni tasdiqlaydi yoki rad etadi.
Bundan tashqari, “Soliq” mobil ilovasi orqali ham ijara shartnomasini tuzish mumkin. Ilovaning “Ijaraga berish” qismiga kirib, undan keyin “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi tanlanadi.
Ilovaga ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar Face ID yoki telefon raqamiga SMS bo‘lib keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlaydi.
Arizalar qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Dekan o‘rinbosari yoki OTMning talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limi 1 hafta davomida arizalarni o‘rganib chiqadi.
Shundan keyin ma’lumotlar umumlashtirilib, ko‘rib chiqish va xulosa berish uchun navbatdagi haftaning birinchi kunida talabgorlarni tanlab olish komissiyasiga taqdim etiladi.
Komissiya bir ish kunida talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, qaror qabul qiladi.
Shunga ko‘ra, OTM rektori (filial direktori)ning buyrug‘i rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar va ularning ro‘yxati to‘lovlarni amalga oshirish uchun buxgalteriyaga taqdim etiladi.
Buxgalteriya esa pullarni talabalarning plastik kartasiga pul o‘tkazish yo‘li bilan, har oyning 15-sanasiga qadar to‘lab beradi.
Pullar har yili 1 sentabrdan 1 iyulgacha to‘lanadi. Bu muddat OTMdagi o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Ariza topshirish muddatlari qachongacha?
Ijara to‘lovi kompensatsiyasi uchun butun o‘quv yili davomida ariza berish mumkin.
Arizalar har oyning 7-sanasigacha qabul qilinadi. Bu muddatga ulgurmaganlar keyingi oyni kutishiga to‘g‘ri keladi.
Talaba ham, ijarachi ham daromad solig‘i to‘lamaydi
Talaba(lar)ni ijaraga qo‘ygan fuqarolarning bu ijara orqali olgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.
Madina Ochilova tayyorladi.