Ilyos Yusupov:
— Amaldagi qonunchiligimizda fuqaro qaysidir jinoyatda gumonlanib, ushlanadigan bo‘lsa, unga qaysi huquqlari tushuntirilishi kerak?
— Avvalambor, fuqaroga qaysi jinoyatda gumonlanib ushlanayotganini ma’lum qilish kerak. Ikkinchidan, unga huquqlari tushuntirilishi kerak. Ular quyidagilar: Siz o‘zingizga qarshi ko‘rsatma bermaslik huquqiga egasiz. Sizning advokatga yoki yaqin qarindoshga xabar berish va advokat bilan xoli uchrashmaguncha ko‘rsatma bermaslik huquqingiz bor va hokazo.
— Qonunchilikda belgilab qo‘yilgan bu qoidalar amalda ishlaydimi? Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga ishi tushganlardan ularga bu huquqlar tushuntirilganini eshitmaganmiz. Aksar hollarda ularning uyidagilariga xabar berilmaydi.
— Endi, har bir advokatning ishi individual xususiyatga ega. Sababi har bir holatda shunday bo‘lgan, har bir holatda bunday bo‘lmagan, deb aytolmaymiz. Bu tizimli emas. Bu ayrim paytlarda kuzatiladigan holat.
Ba’zan bizga ham yaqin qarindoshlari kelib, akamni yoki ukamni falonchi ichki ishlar organlariga olib borishgani haqida qo‘ng‘iroq bo‘ldi. O‘sha yerga borishingizni so‘raymiz, deb murojaat qilishadi. Bu bor narsa. Tabiiy hol. Lekin siz aytgan holatlar ham uchrab turadi.
Agar bu jarayonlar elektronlashtirilsa, inson omili yo‘qoladigan bo‘lsa, bu narsa o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Ushlagan shaxsni har bir huquqni muhofaza qilish organi xodimlariga ham shart qo‘yish kerakmi yoki bodikamera zarurmi, ya’nikim ushlangan chog‘idan keyingi holatning hammasi bodikameraga tushib borsa, o‘sha huquqlarini tushuntirgan yoki tushuntirmaganini inkor qilishini isbotlashi mumkin bo‘ladi.
Lekin hozir ushlangan shaxs bilan, ushlagan shaxs o‘rtasida bo‘ladigan muloqotni isbotlab berolmaymiz. U huquqlarini tushuntirdim deydi, bu esa u menga huquqimni tushuntirmadi deydi. Bu ikkisining gapini bir narsa isbotlashi mumkin bo‘ladi, u ham bo‘lsa videoyozuv.
Zafar Usmonov:
— Rostdan ham shunaqa holatlar bor. Ushlagan taraf fuqaroga huquqlarini men tushuntirganman deydi, fuqaro esa tushuntirmagan deb aytadi. Fuqarolarni gumonlanuvchi sifatida ushlab kelish yoki qo‘lga olish ko‘proq ichki ishlar xodimlari, xususan, jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Hamkasbim aytganiday, ularda na bodikamera, na videoyozuvlar bo‘lmaydi. Shu sabab ular zimmasidagi majburiyatlarga qanchalik rioya etganini bilish imkonsiz.
Bizda o‘z huquqlarini tushunmaydigan odamlar hali ham bor. Huquqiy madaniyatni rivojlantirishga harakat qilinyapti. Lekin hali bu o‘ta darajada rivojlanib ketgani yo‘q. Men shuni taklif qilgan bo‘lardimki, advokatlar to‘g‘risida ko‘proq filmlar suratga olinsa va o‘sha yerda ana shu jihatlar aytib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Chet el kinolarida e’tibor berib qarayman, har bitta kinosida advokat bor. Har bitta kinosida politsiya mahkamasi bor. Har bitta kinosida shuni ko‘rish mumkinki, politsiya gumon qilinuvchi shaxsni ushlagan paytda “Falonchi Pismadonchi, uyga qo‘ng‘iroq qilish, advokat olish huquqingiz bor. Bergan ko‘rsatmangiz o‘zingizga qarshi ishlashi mumkin, ogohlantiraman” deb aytadi. Bizning kinolarimizda ham shu narsalar keng targ‘ib qilinsa, insonlarga tezroq ta’sir qiladi.
— Demoqchisizki, konstitutsiyaviy islohotlar bilan birgalikda odamlarning huquqiy madaniyatini ham oshirib borish kerak.
— Shunday. Chunki siz aytayotgan holatlar, ya’ni gumonlanuvchini ushlash chog‘ida unga huquqlari tushuntirilishi amaldagi qonunlarimizda ham bor. Bu norma bosh qonunimizda aksini topsa, u har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqiga aylanadi. U qanday ishlab ketishini kelajakda ko‘ramiz.
— Bu norma Konstitutsiyaga kiritilsa, uning ishlashiga bir umid bor. Ya’ni yaqinda har bir fuqaro konstitutsion huquqi buzilganda Konstitutsion sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilgari bunday imkoniyat mavjud emas edi. Ajabmaski, mana shu huquq mamlakat bosh qonunida aks etganidan so‘ng huquqi buzilgan fuqarolar Konstitutsiyaviy sud orqali haqqini himoya qila olishadi. Shunday emasmi?
– Men ham shuni aytmoqchi edim. Jinoyat protsessual holatlarda va sudda ko‘rib chiqiladigan holatlar bo‘ladi, lekin bizda shunday narsalar borki, unga qo‘shimcha chiqarilgan qo‘shma qarorlar ham bor-da. Shuning uchun ko‘p holatlar ana shunday yuzaga keladi. Lekin bu norma Konstitutsiyamizga kiritilsa, juda ham samaraliroq bo‘ladi.
— Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlardan biri qiynoqlar bilan bog‘liq. Uzoq yillar O‘zbekistonning bu boradagi reputatsiyasi havas qilarli bo‘lmagan. Biroq oxirgi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida fuqarolarni qiynoqqa solish bilan bog‘liq holatlar kamaygani aytilyapti. Lekin joylarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilarni qiynoqqa solish bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi. Uzoqqa bormaylik, Andijon va Chiroqchida IIB binosida qiynoqqa solingani oqibatida nobud bo‘lgan yurtdoshlarimizning taqdiri bunga yaqqol misoldir.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi odamlarga nima beradi, sizningcha?
Ilyos Yusupov:
— Bir narsani hisobga olishimiz kerakki, Konstitutsiyaga qiynoqqa qarshi o‘zgartirishlar kiritilishi nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro hamjamiyatda, hattoki, BMT darajasidagi holatki, ya’ni qiynoqqa qarshi barcha davlatlar kurashishi kerakligi qat’iy belgilab qo‘yilyapti. Bizning amaldagi qonunchiligimizda ham qiynoqqa solinganlik yoki dalillarni to‘plashda qiynoq usullaridan foydalanganlik holati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Lekin yuqorida aytganimizdek, qiynoqqa solmaslik va unga qarshi kurashish lozimligi to‘g‘risida tegishli o‘zgarishlar kiritilayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, ayrim nopok xodimlarning o‘z vazifasini qonunlarga rioya qilgan holda ishlashiga turtki bo‘ladi deb o‘ylayman.
— Faoliyatingizda sizga huquq va manfaatini himoya qilishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolar orasida aynan qiynoq ostida ko‘rsatma olish holatlari bilan shikoyat qilganlar uchraganmi?
Ilyos Yusupov:
— Shaxsan mening advokatlik faoliyatimda bunday sabab bilan shikoyat qilgan fuqarolar uchramagan.
Zafar Usmonov:
— Faoliyatimda bunday holatlar uchragan. Faqat shu kunlarda emas, 2013–2014 yillarda bo‘lgan. Mana endi o‘sha ishlardan ayrimlari Oliy sud tomonidan oqlandi ham.
Men yana qonunda ko‘rsatilmagan, lekin tajribamdan kelib chiqib duch kelgan bir holatni aytib o‘tmoqchiman. Hozirda gumonlanuvchini 48 soatdan ortiq tutib turish mumkin emas deyilyapti. Bitta savol tug‘iladi shu yerda.
Mana shu 48 soat mobaynida uning shaxsiy ehtiyojlari, masalan ovqatlanishi, suv va kiyim-kechak berish masalasi bizning qonunlarimizda belgilanmagan. Agar tergovchiga iltimos qilsangiz, agar u insofli bo‘lsa, ovqat va boshqa ehtiyojlarini olib kelib berishini aytadi.
Agar tergovchi unga boshqacha nazar bilan qarab munosabatda bo‘lsa, unda o‘sha gumonlanuvchiga biror narsa kiritishni taqiqlab qo‘yadi. Har bir ushlangan shaxs yo prokuratura, yoki ichki ishlar organlarining binolarida saqlanadi. Tashqariga chiqarilmaydi va shaxsiy buyumlari olib qo‘yiladi.
Misol uchun, gumonlanuvchi kechki 20:00da ushlandi. O‘sha paytda tergovchi tomonidan JPKning 221-moddasi asosida qo‘lga olindi. U boshqa tashkilotning ushlab turish xonasiga olib borilganda ovqatlantirilishi mumkin, lekin u yerga borguncha yarim tun bo‘ladi. Ungacha u och bo‘ladi. Bu odam qiynaladi. Bizda aynan shu holatlar kiritilmagan.
Iltimos qilardimki, shu masalani ham tartibga solish kerak. Bu dolzarb mavzu. Ya’ni o‘sha 48 soat mobaynida yaqin qarindoshlari yoki advokatlari tomonidan birlamchi ehtiyojlarini qondirish ta’minlansa, yaxshi bo‘lar edi. Kiyim-kechak ham sovuq vaqtlarda, masalan, kiyimini olishga ham ruxsat berilmasligi mumkin. Aslida bu ham bir qiynoq usuli bo‘lib qoladi-da. Agar och va yupun odamni uch soat ushlab turib, qildingmi desa, qilmagan bo‘lsa ham qildik deydi.
Yana bir holat borki, rostakamiga kurashadigan advokatlarni tergovchilar yoqtirishmaydi. Nimagaki, o‘sha uydagilariga yomon ko‘rsatish, shartnomani bekor qilib, bu advokatdan voz kechirish holatlari ham bo‘lyapti. Hozirgi kunda ham bor bu holatlar.
Yaqinda o‘zim bilan sodir bo‘ldi bu holat. Men qonuniy tortishyapman. Men iltimosnoma bilan murojaat qilganimda tergovchi tomonidan mijozimni 221-modda bilan vaqtincha ushlashga hukm chiqargan va ertasi kuni tushgacha hech narsa berdirmagan. Uydagilari olib kelsa, kiritishga huquqim yo‘q, deb turadi. Bu savol haqiqatdan ochiq qolib ketyapti. Ushbu holat ham Konstitutsiyaga kiritib qo‘yilsa, juda yaxshi bo‘lar edi.
— Menimcha, bu Konstitutsiya bilan emas, qonun va qonun osti hujjatlar bilan tartibga solinadi. 2018 yilda bir guruh jurnalistlar AQShga borganmiz. Chikagodagi tergov izolyatoriga kirganmiz. Ko‘z o‘ngimizda u yerda saqlanayotganlarning tushligi uchun 20-30 qutida pitssa olib kelishdi. Demak, ularda bu tizim ishlayapti.
Ilyos Yusupov:
— Bizda ham tergov hibsxonalarida ushlangan shaxslar sudga qadar belgilangan muddatda suv va yeguliklar bilan ta’minlanadi. Hozir hamkasbim aytayotgan holat, ushlangan vaqtda tergovchining oldida bo‘lgan holat to‘g‘risida fikr bildirildi. Lekin tergov izolyatoriga joylashtirilgach, bu sharoitlar bor u yerda.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.