Samarqand turizm markazi Euronews telekanali nigohida

Jamiyat 17:00 / 05.09.2022 16739

Yevropaning nufuzli nashri jurnalistlari Silk Road Samarkand majmuasi ochilishi bilan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi kuchayishini ta’kidlamoqdalar. 

O‘zbekistonning qadimiy kentlaridan biri bo‘lgan Samarqandda Silk Road Samarkand yangi turizm markazi xorijlik mehmonlar va sayyohlar uchun o‘z bag‘rini ochdi. Euronews telekanali o‘zining «Focus» sahifasida namoyish etgan reportaj orqali ushbu zamonaviy sayyohlik majmuasi bilan yaqindan tanishish va loyihani ro‘yobga chiqarishga bevosita daxldor insonlar bilan muloqotga chorlamoqda.

Galina Polonskayaning Samarqanddan olingan syujyeti oylik tomoshabinlar qamrovi qariyb 15,2 million kishini tashkil etuvchi eng ommabop sanalgan Euronews xalqaro axborot telekanalida ancha yuqori namoyish ko‘rsatkichiga erishdi. Bu bejiz emas, albatta. Reportajda Samarqand turistik markazi zamonaviy kongress-markazi, «Abadiy shahar» tarixiy-etnografik xiyoboni, gashtak (baliq tutish uchun sun’iy ko‘l), musiqali fontan o‘rnatilgan markaziy saylgoh, Eco Village alohida kottejlar majmuasi, shuningdek xalqaro tasniflangan brendlar ostidagi 8 ta mehmonxonani birlashtirgan ulkan ko‘p tarmoqli majmua sifatida tez orada O‘rta Osiyo turizm sektoridagi referent markaziga aylanadi, deya ta’riflanadi. Yevropa ommaviy axborot vositalarida ta’kidlashicha, aynan Silk Road Samarkand majmuasi kelgusida Samarqand shahrida turizmni yanada rivojlantirishda kuch va sur’at bag‘ishlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. 

- Bu biz uchun katta ahamiyatga molik voqea, beqiyos Samarqand shahriga, O‘zbekistonga butun dunyoni mehmonga chorlash imkoniyati tug‘ilganidan behad mamnunmiz, — deydi Silk Road Samarkand Boshqaruv kompaniyasi bosh direktori Artyom Vladimirovich Yegikyan. – Majmuaga bag‘ishlangan 30 soniyalik promo-rolikning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni efirga uzatilishida ham o‘ziga xos timsol bor. Biz ilk sayyohlar guruhini mana shu kuz mavsumidayoq kutib olishga hozirlik ko‘rmoqdamiz. Ayni paytda sentabr oyi oxiridan boshlab ochiq sanalarni bron qilish tizimi ishga tushish arafasida. Ishonchimiz komilki, mehmonxonalarimiz hamda butun markaz salohiyati Samarqandga sayyohlar oqimi hajmini ikki karra oshirishga xizmat qiladi. 

Mohiyatan Samarqand turizm markazi hozirdanoq ishbilarmonlik, madaniy, tibbiy va gastronomik turizm obektlarini birlashtiruvchi tarmoqqa aylanib ulgurdi.

Silk Road Samarkand faoliyati doirasida mintaqada turizm yo‘nalishida mutlaqo yangi shakldagi mahsulot taqdim etilmoqda. Bu yerda, Samarqandda ilk bora 5 yulduzli mehmonxonalar ishga tushdi, o‘xshashi yo‘q yashil xiyobon yaratildi. Silk Road Samarkand’ning eng ahamiyatli hamkorlaridan biri Xitoyning Minyoun Hospitality mehmonxonalar tarmog‘i bo‘ldi. Ushbu tarmoq Markaziy Osiyodagi ilk mehmonxonalarini aynan Samarqand zaminida ochmoqda.

O‘tmish va kelajakni bog‘lab turuvchi timsoliy ko‘prik reportaj tomoshabinini Silk Road Samarkand’ning baayni yuragiga – milliy me’morchilik, hunarmandchilik va ustakorlik an’analari aks etgan «Abadiy shahar»ga yetaklaydi. Bu majmua mohir ustalar, rassomlar, hunarmandlar, yog‘och o‘ymakorlari, kulollar va naqqoshlar – O‘zbekiston xalqi qodir bo‘lgan eng asl ne’matlarning bor negizi va mohiyati namoyishi sifatida har bir xorijlik mehmonda katta qiziqish uyg‘otadi. 

«Abadiy shahar» majmuasida 100 dan ortiq xalq hunarmandchiligi va amaliy san’ati vakillarining ustaxonalari joylashadi. Ular o‘zbek kulolchilik, o‘ymakorlik, ipakchilik namunalari, milliy liboslar va suvenirlar, so‘zanalar va gilamlarni shu yerning o‘zida yaratadilar. Shuningdek, bu yerda taniqli rassomlar va dizaynerlarning ustaxonalari hamda shourumlariga ham o‘rin berilgan. «Abadiy shahar»dagi mayolika kolleksiyasi mutlaqo betakror, uni yaratishda mavjud tarixiy inshootlarning hech biridan andoza olinmagan. Yaratuvchi ustalarning ishonch bildirishicha, Silk Road Samarkand va uning yuragi bo‘lmish «Abadiy shahar» tez orada butun jahonga dong taratadi.

Yangi Samarqand va turizm sohasida yangi imkoniyatlar timsoli bo‘lmish ushbu keng ko‘lamli loyiha kelgusida butun Markaziy Osiyoning diqqatga sazovor inshootiga aylanishi hech shubha yo‘q.

Ma’lumot uchun:

• markaz hududi — 260 gadan ortiq 

• ko‘kalamzorlashtirilgan maydon — 170 gadan ortiq

• 8 ta mehmonxona

• kongress-markazning funksional maydoni — 18 000 m²

• 14 ta villa

• 31,8 km uzunlikda yo‘laklar va veloyo‘lak

• 12 ta ko‘prik 

• sun’iy ko‘llar maydoni 46 ga

• yo‘llar uzunligi 20 km 

• qurilish ishlariga 10 000 nafardan ortiq mutaxassis jalb etilgan bo‘lib, ularning 2000 nafardan ortig‘i xorijdan taklif etilgan mutaxassislardir

• majmuadagi mehmonxonalar bir vaqtning o‘zida 3000 odamni sig‘dira oladi

• shahar markazida 20 daqiqalik masofada joylashgan

Silk Road Samarkand Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: