Bugungi kunda oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasidan ko‘pchilik aziyat chekadi. Asosan 20-40 yosh atrofidagi insonlarda uchraydigan ushbu xastalik so‘nggi vaqtlarda hatto maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlarda ham ko‘p kuzatilmoqda.
Xo‘sh, bunga sabab nima? Ushbu kasallikdan qanday saqlanish mumkin?
SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayeva javob berdi.
— Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi — surunkali, qaytalanuvchi va remissiya davrlari almashinib keluvchi xastalik bo‘lib, uning kelib chiqishiga, eng avvalo, tartibsiz va nosog‘lom ovqatlanish sabab bo‘ladi, — deydi shifokor.
— Ya’ni o‘z vaqtida taomlanmaslik, shilliq qavatga salbiy ta’sir etuvchi hamda oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar, pishiriqlar, quruq va sovuq yeguliklarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish, bo‘yoqli va gazli hamda qahva kabi ichimliklarni me’yoridan ortiq ichish ushbu kasallikni yuzaga keltiradi.
Qolaversa, irsiy moyillik, Helicobacter pylori infeksiyasi, me’da shirasining ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi, ayrim dori vositalarini nazoratsiz va uzoq muddat qabul qilish, asabiylashish, stress, chekish, spirtli ichimliklar ichish va tug‘ma nuqsonlar ham bunga sabab bo‘lishi mumkin.
Dard zo‘rayganda, bemor, asosan, og‘riqdan shikoyat qiladi. Oshqozonning orqa devori va kardial qismi yaralarida og‘riq ovqat iste’mol qilgandan keyin yuzaga keladi. Ular simillovchi xarakterda bo‘lib, ko‘p hollarda to‘sh orti va yurak sohasida kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish yoki jismoniy og‘ir ishlarni bajarganda og‘riq yanada kuchayadi.
Shu bilan birga, ishtahaning pasayishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, qorin dam bo‘lishi, kekirish, og‘iz bo‘shlig‘ida achchiq yoki nordon ta’m sezilishi kabi belgilar ham ushbu kasallik alomati bo‘lishi mumkin.
Xastalik yaraning joylashishi, o‘lchamlari, chuqurligi, oshqozonning sekretor faoliyati, bemor yoshiga bog‘liq holda turlicha kechadi.
Uni faqat dori-darmon bilangina davolab bo‘lmaydi. Aksincha, kasallikka yondashuv kompleks tarzda bo‘lishi, xususan, bemorning umumiy ahvoli va shikoyatlarini atroflicha o‘rganish zarur. Shundan so‘ng shifokor tavsiyasi bilan endoskopik tekshiruv, oshqozon traktini rentgenogramma orqali ko‘rish, Helicobacter pylori infeksiyasini aniqlashga doir qon tahlillari o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, me’da shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi. Bu esa jig‘ildon qaynashi, kekirish va ko‘ngil aynishi kabi yoqimsiz alomatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Agar kasallik ilk bosqichda bo‘lsa, kerakli preparatlar buyuriladi. Uni davolashning yana bir usuli jarrohlik amaliyotidir. Bunda mazkur a’zoning ma’lum qismini operativ yo‘l bilan rezeksiya (kesib olib tashlash) qilinadi.
Bu kasallik uzoq muddat davolanishni talab etadigan xastalikdir. Ayniqsa, muolajaga yetarlicha e’tibor berilmasa, saraton keltirib chiqarishi mumkin.
Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasining oldini olishda kuniga uch yoki to‘rt marta, kam-kamdan ovqatlanish, kechqurun hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, tabiiy mahsulotlar — meva, sabzavotlarni ko‘proq tanovul qilish, margarin, mayonezlardan tayyorlangan yeguliklarni kamroq iste’mol qilish, ko‘proq suv ichish juda muhim. Eng asosiysi, me’da xastaliklariga duchor bo‘lmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish lozim.