“Men haqimda tarqalayotgan gap-so‘zlar tuhmat” – rafiqasining jasadini ikki kun mashinada olib yurganlikda ayblangan er

Jamiyat 16:07 / 03.09.2022 68494

“U xotinimni nomahramga ko‘rsatmayman deb bolamni 12 soat mobaynida uyda saqlab o‘tirgan. Bizga ham aytmagan kasal bo‘lganini, do‘xtir ham chaqirtirmagan. O‘lib bo‘lgandan keyin chaqirgan bo‘lishiyam mumkin-da. Bolam 9 iyun kuni kasal bo‘lgan. 10 iyun kuni obedlarga borib o‘lganini bildik. Qizim o‘lgandan keyin xabar beryapti-da. Yo‘qsa bolam ikki kun burun binoyiday edi. Soppa-sog‘ edi bolam. Unga men bilan gaplashishiga ruxsat bermagan, bir yil gaplashtirmadi qizim bilan”, deydi marhumning onasi Gavhar Jo‘rayeva.

Ma’lum bo‘lishicha, marhuma Dilnoza Jo‘rayeva birinchi turmushi o‘xshamagani uchun 2020 yilda hozirgi eriga turmushga chiqqan.

“Qizim uning 3-xotini bo‘lgan. Birinchi xotini Amerikada, undan to‘rtta bolasi bor. AQSh sudi uni oila uchun xavfli deb topgan va 5 yil davomida farzandlariga yaqin kelishni taqiqlagan. Ikkinchi xotinidan ikkita o‘g‘li bor, u bilan ham yashamaydi. Qizim bilan nikohlaridan bitta qizlari bor.

Mayitni ekspertizadan olib chiqqanidan so‘ng mashinaga solib qo‘ygan, o‘zi bozorlik qilgani bozorga ketgan. Iyun oyi, tasavvur qiling, 50 daraja issiq bo‘lgandi, hamma biladi. Yakkasaroydagi “dom”iga borib singillarim to‘polon qilgandan keyin qo‘shnilari tushib kelgan.

Internetda tarqalgan video o‘sha paytda olingan. Bu vaqtda men Rossiyada edim. Hammasini videoga olishni, “uchastkavoy”ni chaqirtirishni aytdim ularga. Videoda “uchastkavoy” ham turibdi mashinaning yonida, ko‘rgandirsiz. Bolamni pillani o‘raganday o‘rab mashinadan tushirmagan, uyiga olib kirishga hazar qilgan”, deydi marhumaning onasi.

Gavhar Jo‘rayeva, marhum Dilnoza Jo‘rayevaning onasi. Foto: YouTube’dagi videodan skrinshot

Marhumaning eri Otabek Hasan qaynonasining so‘zlarini inkor qildi.

“Rahmatli Dilnoza mening uchinchi turmushim bo‘lgani rost. Ungacha ikki marta uylanib, ajrashganman. Hech qachon nikohimda bittadan ortiq ayol bo‘lmagan.

Birinchi ayolim bilan 15 yil yashaganman. U bilan ba’zi bir sabablarga ko‘ra, o‘zaro kelishuv asosida 2019 yili qonuniy va shar’iy ajrashganman. Birinchi turmushimdan to‘rt nafar farzandim bor. Ular bilan haligacha ko‘rishib turaman, farzandlarim meni juda yaxshi ko‘rishadi, ta’minotlarini berib turaman. AQShdagi hech bir sud meni otalik huquqidan mahrum qilmagan, farzandlarimga yaqinlashishni taqiqlamagan. Bularning barchasi bo‘hton.

Keyin boshqa ayolga uylandim. Undan bir o‘g‘il, bir qizim bor. Nikohdan keyin uydagilari xotinimni AQShga olib ketishimga rozi bo‘lmagani, shu yerda qolib yashashimizni so‘ragani uchun ma’lum muddatdan keyin uning talog‘ini berishga majbur bo‘ldim. Chunki men Amerika fuqarosiman, ishim, hayotim shu mamlakatga bog‘langan. Qonuniy ajrashish uchun ariza berganmiz. Lekin O‘zbekiston sudlari talog‘ini berib bo‘lgan xotinim bilan yarashishim uchun qayta-qayta muddat beravergani, ajratib yubormagani uchun haligacha qonuniy nikohimiz bekor qilinmagan. Jarayon ikki yildan beri cho‘zilmoqda.

Dilnozaga uylangan vaqtim nikohimda boshqa ayol bo‘lmagan. Gavhar Jo‘rayeva hamda uning qarindoshlari hamma joyda bizning ZAGSimiz bo‘lmaganini aytib yuribdi. Aslida undaymas. Biz Dubayda rasmiy nikohni qayd ettirganmiz. U yerning qonun-qoidalari asosida bu mumkin. Ana shu hujjat asosida ayolimga AQSh fuqarosining rafiqasi sifatida viza rasmiylashtirish uchun Amerika elchixonasiga ariza topshirganmiz. Tez orada qizim va ayolimni AQShga olib ketishimiz kerak edi, buni tekshirib ko‘rish qiyin emas. Gavhar Jo‘rayeva Dilnozaning o‘limida meni ayblab kelmoqda, qotil bo‘lsam shu ishlarni qilarmidim”, deydi u.

Otabek Hasan, marhum Dilnoza Jo‘rayevaning turmush o‘rtog‘i. Foto: Kun.uz

Otabek Hasan 10 iyunda sodir bo‘lgan voqeaning videosi oradan ikki yarim oy o‘tib tarqatilayotgani bejiz emasligini ta’kidladi. Ma’lum bo‘lishicha, rafiqasining mayitini Andijonga olib borganda o‘zi va yetmishga yaqinlashgan otasi Gavhar Jo‘rayeva hamda uning qarindoshlari tomonidan toshbo‘ron qilingan, xotinining qabriga qo‘yilgan qabr toshni ham buzib tashlashgan. Shundan so‘ng ro‘y bergan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ariza bergan, ayni paytda tergov davom etmoqda. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, qaynonasi va uning yaqinlari tergovni chalg‘itish, javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida bu tuhmatlarni uyushtirishmoqda.

“Ayolimning jasadini ikki kunlab mashinamda olib yurganim g‘irt tuhmat. Ekspertizadagilar mayitni o‘rab, muhrlab berarkan, unga qo‘lingizni ham tekkizmang, o‘ramni ochmang. To‘g‘ri qabristonga olib borib o‘sha yerda oching deb tayinlashdi. Men uni Toshkentda dafn ettirmoqchi edim, lekin qarindoshlari Andijonga olib ketamiz deb turib olishdi. Otam va qaynotamning so‘zlariga kirib, bunga qarshilik qilmadim.

Hali Andijondagilar yetib kelishmagandi. Ekspertizadan chiqib, to‘g‘ri Toshkentdagi “dom”imizga qaytdim. Chunki bir yoshdagi Maryam qizimni qo‘shni ayolga tashlab ketgandim, uyda men, Dilnoza va qizimdan boshqa odam yashamasdi. Uyimizga yetib borgan vaqtim ota-onam ham Qarshidan yetib kelib qolishdi. Ular bilan ko‘rishib beshinchi qavatga – qo‘shnimnikida qolgan bolamning yoniga yugurdim. Shukur, xarxasha qilmay o‘tirgan ekan.

Qoldirib ketgan yeguliklarim tugagani uchun “dom”imiz yonidagi do‘kondan sut, NAN, yogurt kabilarni olib uyga qaytayotganimda andijonliklar kelib qoldi. Ular qo‘limdagilarni ko‘rib, mayitni mashinada qoldirib buning bemalol bozor qilib yurganini qaranglar, deb menga yopishib ketishdi. Dilnozani tog‘asining o‘g‘li telefonida videoga ola boshladi, yo‘q joydan meni ikkki kundan beri jasadni mashinamda olib yurishda aybladi.

Holbuki Dilnoza o‘sha kuni vafot etgandi, buni ular ham yaxshi biladi. Jasad o‘sha kuni ekspertizadan olib chiqilgan, qo‘limda u yerdan berilgan hujjatlar ham bor. Shallaqilik qilayotganlarga e’tiroz bildirmoqchi edim, otam “Bolam, ular hozir kuyib turibdi, sen og‘irroq bo‘laqol. Hademay o‘zlariga kelib qolishadi” deganlari uchun jim turishga majbur bo‘ldim.

Mayitni mashinamda Andijonga olib bordim. U yerda keksaligiga qaramay otamni va meni toshbo‘ron qilishdi, meni yotqizib olib tepkilashdi ham. Otamning boshlari yorildi, badani momataloq bo‘ldi. Shunga chidolmay mushtumzo‘rlarga chora ko‘rishlarini so‘rab ariza berdim. Ish hozir tergovda. Men haqimda turli ig‘vo va bo‘htonlar tarqalayotganining, 10 iyundagi video oradan shuncha vaqt o‘tib internetda shov-shuv qilinayotganining sababi shu”, deydi Otabek Hasan.

Otabek Hasan rafiqasi Dilnoza Jo‘rayevaning katta farzandlari bilan. Foto: Kun.uz

Marhumaning birinchi turmushidan 11 va 8 yashar ikkita qizi bor. Ayni paytda qizaloqlar Andijonda, buvisining qaramog‘ida yashayapti. Ikkinchi turmushidan ham bitta qizi bo‘lib, u bir yoshga to‘lgan. Ayni paytda go‘dak otasi Otabekning qo‘lida qolgani aytilmoqda.

“Birinchi turmushidan ikkita qizi bor. Katta nevaram bu yil 5-sinfga, keyingisi 2-sinfga chiqadi. Keyingi turmushidan bitta qiz dunyoga kelgan, u bir yoshda. Oldingi turmushidan ajralgach, internet orqali hozirgi eri bilan topishgandi. Shar’iy nikoh asosida yashashgan, birinchi oilasi bilan qonuniy nikohdan o‘tgandi.

Birinchi kuyovimga o‘zim uzatgandim, turmushi o‘xshamagani uchun qizim keyingi hayotimga aralashmang deganiga hech narsa qilolmagandim. O‘ttiz ikkiga kirgan qiz edi o‘sha paytda. Bor-yo‘g‘i ikki yil yashashdi, 2020 yilda turmush qurgandi.

Qizimning katta farzandlari menda. Ular qizim erga tekkandan keyin ham 8 oy men bilan yashashgandi. Hozir ularni vasiyligimga olyapman. Chaqaloq otasida qolgan, menga ko‘rsatmaydi ham, shu paytgacha ko‘rmaganman ham”, deydi Gavhar Jo‘rayeva.

 Dilnoza Jo‘rayevaning qabri. Suratdagi qabrtosh  marhumaning onasi va qarindoshlari tomonidan buzib tashlangani aytilmoqda. Foto: Kun.uz

Otabek Hasanga ko‘ra qaynonasi qizi haqidagi hamma haqiqatni aytmayapti, ijtimoiy tarmoqlarda faqat o‘ziga qulay ma’lumotlarni ulashmoqda.

“Dilnoza mendan oldin ham uch marta turmushga chiqqan, men uning to‘rtinchi eriman. Qaynonam aytganday ikkinchi eri emas. Buni onasi juda yaxshi biladi.

Ayolim go‘dakligida qaynotam bilan ajrashib ketgan. Keyin yana ikki marta erga tekkan. Ulardan biridan bir o‘g‘il ko‘rgan. Hozir boshi ochiq. Dilnoza buvisining qo‘lida katta bo‘lgan. Uni ko‘zimning oldida yurasan deb devor-darmiyon qo‘shnisi ham qarindoshiga majburlab uzatgan. Ayolim menga birinchi eri boshqa viloyatdagi qamoqxonada qo‘riqchi bo‘lib ishlagani uchun 11 oy ishda, 1 oy uyda bo‘lishi, bunday hayot ma’qul bo‘lmagani uchun ajrashganini aytgandi.

Keyin onasi uni Rossiyaga chaqirib olib, andijonlik bir yigitga yuboradi va Dilnoza u bilan 4 oy birga yashaydi. U buni yashiradi. Internetda turli bo‘hton ma’lumotlar tarqatib, meni odam savdosida ayblayapti, lekin aslida uning o‘zi shu ishlarni qilib kelgan. Rahmatli xotinim menga onasi Andijondagi sovchilik xizmatlari orqali uni Koreyada 62, Turkiyada 56 yoshdagi erkaklarga 100 va 35 ming dollarga sotib yubormoqchi bo‘lganini aytib bergan. Agar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar buning tagiga yetishni istasa yetarlicha dalil topish mumkin.

Dilnoza ikkinchi eri bilan bir oygina yashagan ekan. Keyin yo‘llari ayrilgan. O‘sha paytda men jufti halol qidirib yurgandim, tanish ayollarga aytgandim, ular internetga e’lon bergan ekan. Dilnoza menga internetda yozib qoldi. Uchrashib ko‘raylik, balki bir-birimizga ma’qul bo‘lsak yashab ketarmiz. Bizning ham baxtli bo‘lishga haqqimiz bor-ku, degach rozi bo‘ldim.

Uchrashganimizda uning zamonaviy kiyingan ayolligini ko‘rib, men qidirayotgan ayol boshqa ekanini aytib darhol xayrlashdim. U qanday ayol xohlaysiz dedi. Men aytdim. Fevralda tanishshgan bo‘lsak mart oyida hijobga kirdi. O‘z ixtiyori bilan. Bu vaqtda u nikohimda emasdi. Qolgan gaplarimga ham itoatli ekanini ko‘rganimdan keyin uylanishga qaror qilgandim. Ya’ni unga uylanib, majburan hijobga kiritganim haqidagi gaplar yolg‘on.

Ayolimning birinchi turmushidan tug‘ilgan qizlari ma’lum muddat men bilan yashadi. Keyin ularga 15 ming dollarga uy olib berdim. Ikki yil davomida ularning yeb-ichishi ham zimmamda bo‘ldi. Lekin qaynonam bolalarga deb bergan pullarimni boshqa narsalarga ishlatib yubordi. Imkon topdi deguncha ayolim va bolalarimni o‘rtaga qo‘yib mendan nimadir undirmoqchi bo‘lib keldi. Ba’zi paytlarda niyatiga erishdi ham. Internet orqali o‘zidan farishtasifat ayol obrazini yaratishga qanchalik urinmasin tanigan-bilganlar uning kimligini juda yaxshi bilishadi”, deydi Otabek Hasan qaynonasi haqida.

Marhumaning onasi qizini shifokorlarga ko‘rsatmasdan uyda olib o‘tirgan kuyovi farzandining o‘limi uchun javob berishi kerakligini aytmoqda.

“Qizimning o‘limiga sababchi bo‘lgan eri javobgarlikka tortilishi kerak. Chunki do‘xtirga olib bormay 12 soat olib o‘tirgan. Shu zahoti shifoxonaga olib borilganda qizim o‘lmay qolishi mumkin edi.

Qizim o‘limidan 15 kun avval eri onasi kasal bo‘lgani uchun Qashqadaryoga ketganidan foydalanib, Toshkentda Andijondagi uyimizga qochib kelgan. Menga telefon qilib “Aya, qochib keldim, boshqa yashamayman u bilan” deb aytdi. Bir yil davomida birinchi marta telefonda gaplashdik o‘shanda. Rossiyada edim o‘sha kezlari.

Eri qizimning hamma hujjatlarini olib qo‘ygan, ustidan qulflab uch kunlab yo‘q bo‘lib ketgan, bolam go‘dagi bilan och qolib ketgan. “Yashamayman, to‘ydim”, deb aytdi. Men ham u bilan ajrash deb aytdim. Chunki qizim juda ozib ketgandi. Ammo qaytib borsang seni o‘ldiradi degandim. Chindan shunday bo‘lib chiqdi.

Qizim biznikiga qochib kelgandan keyin telefon qilib “Sen mendan beso‘roq ko‘chaga chiqding, bunga haqqing yo‘q edi. Mening qo‘limdan faqat o‘lib qutulasan. Seni boshqasiga berib qo‘ymayman. Mendan beso‘roq uydan chiqib, kechki payt ko‘chada yolg‘iz yurgansan” deb aytgan. Bu suhbatni katta nevaram ham eshitgan. Iltimos, haqiqat ro‘yobga chiqsin. Mening bolam o‘lib ketaveradimi”, deydi Gavhar Jo‘rayeva.

JIDU bitiruvchisi bo‘lgan Otabek Hasan magitsratura va aspiranturada prezident stipendiyasi sohibi bo‘lgan. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasida, BMT Narkobiznes va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash vakolatxonasida, BMT bosh qarorgohida (Nyu York), Xalqaro valuta fondida (Vashington) ishlagan. 2008 yilda Amerikada o‘zining yuridik konsalting firmasini tashkil etgan. Foto: Kun.uz

Otabek Hasan ayoli uyga tez yordam xodimlari kelgach, 45 daqiqadan so‘ng vafot etgani, ular ham marhumada ichki qon ketish kuzatilayotganini aniqlolmaganini aytmoqda.

“Ayolim kechki ovqatdan keyin qayt qila boshladi. Ovqatdan zaharlanibdi deb o‘yladim, bundan bir-bir yarim yilcha oldin ham shunday bo‘lgandi, uyda dori-darmon bilan yaxshi bo‘lgandi. Do‘xtir chaqiraylik desam yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketib qoladi, go‘dagimizga qarolmaymiz, bola uvol bo‘ladi, deb unamadi.

Aptekadan dorilar olib chiqdim. Bir necha bor qayt qildi. Tinchlantiruvchi ukol qilib qo‘ydim ayolimning iltimosi bilan. Tibbiy tayyorgarlikdan o‘tganim uchun bu qo‘limdan kelardi. Ukollardan keyin uxladi. Tongga yaqin yana tobi qochgandi, ayolimning qarshiligiga qaramay tez yordam chaqirtirdim. Bir erkak, ikki nafar ayol kelishdi. Qusiqlarini ko‘rishdi, bemorni ko‘zdan kechirishdi va ovqatdan zaharlanganini tasdiqlashdi. Endi qaytib ketamiz deb turishganda ayolimning yurak urishi sekinlashib qoldi. Do‘xtirlar yugurgilab qolishdi. Sun’iy nafas berib, yurakni massaj qilishgandan keyin ahvoli yaxshilandi,

Shifoxonaga olib ketamiz deyishdi. Narsalarini yig‘ishtira boshladim. Yana yurak urishi sekinlashib qoldi. Ammo bu safar yurakni uqalash ham, sun’iy nafas berish ham foyda bermadi. Do‘xtirlar joni uzilganini aytishdi. Men o‘sha paytda qotib qolgandim. Do‘xtirlar ichki ishlarga xabar berishgan ekan birpasda uyimizda odam ko‘payib ketdi. Tezkor qidiruv xodimlari, kriminalistlar, sud tibbiyot ekspertlari... Mendan voqea qanday bo‘lgani haqida og‘zaki ko‘rsatma, yozma tushuntirish xati olishdi. Do‘xtirlarni ham so‘roq qilishdi.

Keyin mayitni ekspertizaga olib ketishdi. Meni yoniga yaqinlashtirishmadi. Yorib ko‘rish natijasiga ko‘ra bachadon nayida homila bo‘lib qolgani, nay yorilib ketishi oqibatida rahmatli ayolimda ichki qon ketish kuzatilgani, shu sababli yurakka qon yetib bormagani, o‘limiga mana shu omillar sabab bo‘lganini aytdi.

Ayolim men bilan baxtli edi. Men ham uni jonimdan ortiq ko‘rardim. Endigina yaxshi umr yo‘ldosh topgandim. Afsus, taqdirimda shu sinovlar ham bor ekan. O‘limiga qattiq qayg‘urdim, o‘zimga kelishim oson bo‘lmadi. Gavhar Jo‘rayeva hamda yaqinlari men haqimda tarqatayotgan tuhmat-bo‘htonlarga sabr qilib keldim. Ular buni noto‘g‘ri tushunib haddidan oshishdi. Endi ushbu xatti-harakatlari uchun javob berishlariga to‘g‘ri keladi, buyog‘iga tuhmatlarni e’tiborsiz qoldira olmayman”, deydi Otabek Hasan.

Mazkur videoni efirga tayyorlayotgan vaqtimizda ijtimoiy tarmoqlarda mavzuga doir yangi ayblovlar paydo bo‘ldi. UzGlobal TV yutub-kanaliga intervyu bergan Gavhar Jo‘rayeva Otabek Hasanni qizining katta farzandlarini hujraga berganlikda ayblaydi.

Otabek Hasan qaynonasining so‘zlarini tuhmat deb atadi. Kun.uz’ga taqdim etgan videomurojaatida u ushbu ayblovlar tasdig‘ini topsa qonun oldida javob berishga tayyorligi, aksi isbotlangan taqdirda tuhmat qilayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Ayni paytda o‘limga sabab bo‘lgan holatlarga yanada aniqlish kiritish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertiza tayinlangan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, ekspertiza xulosasidan kelib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinadi.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Tasvirchi va montaj ustasi Mirvohid Mirrahimov

Ko‘proq yangiliklar: