ShHT sammiti munosabati bilan Samarqanddagi bir qator ko‘chalarda transport vositalari harakati cheklanadi

Jamiyat 22:03 / 01.09.2022 14454

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, shahar kengashi qaroriga muvofiq ShHT sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan 14 sentabrdan 17 sentabrgacha Samarqand shahridagi Ibn Sino, Bo‘stonsaroy, Universitet xiyoboni, Namozgoh, Sadriddin Ayniy, Registon, Rudakiy, Shohizinda, Usta Umar Jo‘raqulov, Islom Karimov, Afrosiyob, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Gulobod, Muqimiy va Dahbed ko‘chalarida barcha transport vositalarining harakati cheklanadi.

Cheklov o‘rnatilgan ko‘chalarda istisno tariqasida tez tibbiy yordam va FVV maxsus transport vositalariga harakatlanish uchun ruxsat beriladi. Boshqa haydovchilarga o‘z manzillariga yetib olishlari uchun aylanma yo‘llar orqali harakatlanish tashkil etiladi.

Shuningdek, 5 sentabrdan 20 sentabrgacha Samarqand shahar hududiga yuk mashinalari va maxsus texnika vositalari qatnovi ham vaqtincha cheklanadi.

Bundan tashqari, viloyat hududidan o‘tgan M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi, M-37A hamda M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘llarining Samarqand shahar hududiga kirish-chiqish qismlarida transport vositalarining harakati cheklanadi.

Qayd etilishicha, M-37A Samarqand halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 40-43-kilometrlari oralig‘ida joylashgan avtomobillar ehtiyot qismlari bozori ham 5 sentabrdan 20 sentabrgacha vaqtincha faoliyat yuritmaydi.

Avvalroq, ShHT sammiti munosabati bilan Samarqand shahridagi umumta’lim maktablarda darslar 19 sentabrdan, OTMlarda sentabr oyi oxiridan boshlanishi ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: