Joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkaziladi va unda qator xorijiy mamlakat rahbarlari qatnashadi.
Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, ShHT sammiti munosabati bilan Samarqand shahridagi umumta’lim maktablarida darslar 19 sentabrdan boshlanadi.
«Mazkur jarayonlar va tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarga yaqin joylarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, aholiga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida Samarqand shahridagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari joriy yilning 19 sentabr sanasidan boshlanishini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Samarqand shahridagi maktab o‘quvchilarining qoldirilgan dars soatlari o‘quv yili davomida ta’tillar hisobidan to‘ldiriladi.
Avvalroq, XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova vazirlik tomonidan bir nechta variant ko‘rib chiqilayotganini aytgandi. Unga ko‘ra, Samarqanddagi maktablarda darslar 20 sentabrgacha onlayn o‘tkazilishi yoki 5-10 sentabr kunlari darslar o‘tilib, sammit o‘tadigan haftada kechiktirilishi va 19 sentabrdan davom ettirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, ShHT sammiti munosabati bilan Samarqanddagi OTMlarda o‘qish sentabr oyi oxiridan boshlanishi xabari berilgandi.