Ommaviy yugurish bo‘yicha “Save Aral – 2022” musoboqasining kuzgi bosqichi va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi kubogi start oldi
Joriy yilning 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yillik bayrami munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi kubogi hamda “Save Aral – 2022” ommaviy yugurish musobaqalari kuzgi bosqichi boshlandi.

Foto: Yengil atletika federatsiyasi
Ushbu ommaviy yugurish musobaqasi “O‘zbekneftgaz” AJ, “Uzbekistan GTL” zavodi hamda Yengil atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir doirasida 8 ta ommaviy yugurish musobaqasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda sportni rivojlantirishga va atrof-muhit muhofazasiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganlar qatnashishlari mumkin.
Boshqaruv qaroriga ko‘ra, ilk marotaba yugurish musobaqasi O‘zbekiston shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab odatdagi marshrut bo‘yicha emas, Markaziy Osiyodagi sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yagona bo‘lgan korxona – “Uzbekistan GTL” zavodi yonidan start oldi.

Ijtimoiy-ekologik hamkorlik sohasidagi masalalarni amalga oshirish maqsadida sport va yuqori texnologiyalar kollaboratsiyasi Yengil atletika federatsiyasining yangi rahbariyati tomonidan taklif etildi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Federatsiyaga rahbarlik qilmoqda.
“Save Aral – 2022” xayriya ommaviy yugurish musobaqasi va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi kubogining “GTL” zavodi atrofida o‘tkazilishi neft va gaz sanoati jamoasini ommaviy sport bilan faol shug‘ullanishga jalb qilish uchun ajoyib tashabbus bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Ishchi-xodimlar salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish va mehnat muhofazasini ta’minlash asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. “GTL” zavodida xalqaro standartlar talablariga javob beradigan eng zamonaviy qurilmalarni joriy etish bilan bir paytda jamoa ichida ekologik mas’uliyatni shakllantirish ham dolzarbdir, – dedi hayriya tadbirining ochilish marosimida Mehriddin Abdullayev.
Neft va gaz korxonalari faoliyatida atrof-muhitni himoya qilish masalalari doimiy e’tiborda. Shu bois aksiyadorlik jamiyati “GTL” majmuasi yonidagi G‘uzor tumanini obodonlashtirishga qaratilgan ekologik aksiyalarga katta istak bilan qo‘shildilar. Ekologik aksiyalar doirasida Federatsiya va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan saksovul ekish hamda hududni maishiy chiqindilardan tozalash ishlari amalga oshirildi.

“Save Aral – 2022” sport ommaviy yugurish musobaqalarini o‘tkazishdan maqsad jamoatchilik e’tiborini Orol dengizi fojiasi va Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash masalalarini hal qilish uchun choralarni faollashtirishga jalb qilishdan iborat.
Bugungi kunda aholining ekologik bilimi va madaniyatini oshirishga qaratilgan ushbu ijtimoiy loyiha keng ko‘lamli tashabbusga aylanib ulgurgan. Xayriya tadbiriga keng jamoatchilikning qiziqishini ta’minlash maqsadida Yengil atletika federatsiyasi tomonidan doimiy ravishda ommaviy yugurish musobaqalarini noodatiy o‘tkazish formatlari taklif etiladi.
“Save Aral – 2022” hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining birinchi kubogi sport tadbirining neft va gaz majmuasi atrofida, tungi paytda tashkil etilishi ham ishtirokchilarni jalb etishning o‘zgacha yechimi bo‘ldi.
“Uzbekistan GTL” majmuasi yonidagi xavfsiz marshrut bo‘ylab start olgan ommaviy yugurish musobaqasining finish nuqtasi zavodning “Ishchilar shaharchasi” bo‘ldi.

Ommaviy yugurish musobaqasida 1800 nafar ishtirokchilar qatnashdi. Shulardan 600 nafari “GTL” zavodi, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida faoliyat yuritadigan ishchi-xodimlar oila a’zolaridir. 130 nafari esa harbiylardir. Ushbu sport tadbiriga sportchilar hamda yugurish havaskorlari ham qo‘shilishdi. Har bir ishtirokchiga qurib borayotgan Orol dengizi tasvirlangan sport kiyimi hamda fonar o‘rnatilgan bosh kiyimlari bilan ta’minlandi.
Musobaqa g‘oliblari quyidagi natijalarga erishdilar:
Xodim erkaklar:
1. Primov Hasan 12:30.43
2. Purmanov Mansur 12:31.55
3. Primov Husan 12:32.46

Mahalliy erkaklar:
1. Mahmudov Jahongir 12:05.87
2. Jurayev Muslimbek 12:15.43
3. Muhammadiyev Asilbek 12:16.40
Xodim ayollar:
1. Iyemke Stlyn 16:08.18 Janubiy Afrika
2. Kenjayeva Shirin 16:26.28
3. Tojiyeva Farida 17:02.26

Mahalliy ayollar:
1. Omonova Dilfo‘z 14:42.56
2. Saidmuradova Shohida 15:10.57
3. Hukumova Jonbibi 15:40.22
Eng yaxshi natijani ko‘rsatganlar hamda alohida nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu sport loyihasi O‘zbekistonda ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan eng kuchli va samarali vositalardan biriga aylandi.

Joriy yil boshidan “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va poytaxtda 12 ta ommaviy yugurish musobaqasi tashkil etildi.
Yengil atletika federatsiyasi axborot xizmati Ⓣ