II guruh nogironi bo‘lgan Qudratxon opa Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumani Do‘rmancha qishlog‘i Rahmonobod mahallasida yashaydi. 53 yoshli matonat sohibasi o‘tgan yili Jasorat medali bilan taqdirlandi.
Qudratxon opa sopol buyumlarga naqsh chizadi. Tomorqasiga mevalar ekkan. Issiqxonada bodring, pomidor, qalampir yetishtiradi. Sigir boqadi.
“Onam dunyoga kelganimda juda xursand bo‘lgan ekan. Yo‘rgak ichida onam avvaliga bir qo‘lim yo‘qligini payqamagan.
Hech kim nogiron farzand katta qilmasin. Tug‘uruqxonada farzandingiz bir qo‘l bilan tug‘ildi, deyishganida onam stress holatga tushib qolgan ekan. Qarshiliklarga qaramay onam mendan voz kechmadi. Mendan keyin 3 nafar ukam tug‘ildi. Yaratganga shukr, ularning yetti muchasi sog‘.
Onamni xafa qilgan kunlarim ham bo‘ldi. Nega ukamlarim sog‘lom, men qo‘lsiz tug‘ildim, deya. Onam bunga javoban barchasi Yaratganning inoyati ekani, har bir holatda hikmat borligini ko‘p bora takrorlar edi.
1-sinfga chiqqanimda oilamiz boshiga musibat tushdi. Otam avtohalokatda halok bo‘ldi. 8-sinfni tamomlab, nogironlar hunar-texnika bilim yurtida buxgalteriya yo‘nalishida o‘qidim. O‘qishni tamomlab, Rishton tumani hokimligida ishladim. Turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘imdan roziman. Nogironligimga qaramasdan mard bo‘lib men bilan oila qurganiga...
Taqdirimdan nolimayman. Ko‘cha-ko‘yda hayotdan noliganlarni ko‘rib qolgudek bo‘lsam, ularga nasihat qilaman.
2013 yilda mana shu 10 sotix yerni 10 million so‘mga sotib oldim. Avval bu yerlar qip-qizil dasht edi. Odamlar suvsiz tashlandiq joyda shunday mevalar pishadi deb o‘ylamagan edi. Yerini menga sotgan Umar tog‘a ham tomorqasini ko‘rib, bog‘-rog‘ bo‘lib yashnab ketganiga ishonmadi.
Ayrim sabablarga ko‘ra turmush o‘rtog‘im bilan ajrashdik. Qo‘limda 5 o‘g‘il bilan qoldim. Bir qo‘lim bilan o‘tirgan uyimni qurdim. Hali u paytda bolalarim yosh go‘dak edi. Qiyin bo‘lsa-da, barini uddaladim. 4 yil shifersiz uyda yashadik. Yomg‘ir yog‘sa, hatto piyolalargacha terib qo‘yardim, chakki polni ho‘l qilmasin deb.
Vaqt o‘tib tomimizga shifer ham qoqtirdik. 20 kun bo‘ldi. 11 million 200 ming so‘mga sigir bolasini sotdim. Halol topilgan pulga uyimga usta soldim. Endi esa uyimni ta’mirdan chiqaryapman.
Uyimda har doim sigir bo‘lgan. Onam fermada ishlagani uchun ham qoramol boqishga bolalikdan qiziqaman. Uyda sigiringiz bo‘lsa, davlatning yog‘iga qarab qolmaysiz-da. Sariyog‘da ovqat yeysiz. Qaymoqda sho‘rva qilib ichasiz. Bolalarim uyqudan uyg‘ongunicha sigirni sog‘ib, qaymog‘ini dasturxonga qo‘yaman. Sariyog‘ sotib, puliga ro‘zg‘orga xarajat qilib kelaman. Ikki banka sariyog‘ sotib, 1 kg go‘sht va yana guruch mayda-chuyda ko‘tarib kelaman uyga.
To‘g‘ri, dunyoda bir qo‘lli bo‘lish yomon. Davralarda borganda qiynalasiz. Hech kimdan kam bo‘lganim yo‘q. Ko‘cha-ko‘yda ayrim kimsalar xafa bo‘lib qolishimni o‘ylamay nogironligim haqida gapirib qolishsa, qo‘lim yo‘qligini o‘shanda his qilaman.
Yaratganga shukr, ovqatni bir qo‘l va bir oyoqda qilaman. Agar chap oyog‘im ishlamasa, men bu dunyoda yo‘q hisobman. Oyog‘im qo‘l o‘rnida ishlaydi. Chok tikaman. Oshga sabzi qirqaman. Manti tugaman, lag‘mon cho‘zaman.
Birinchi farzandim tug‘ilganida, seskangancha vrachlarga yuzlanib, farzandimning qo‘li bormi, deya so‘radim. Bergan savolimdan shifokorlar yig‘lab yuborishgan. O‘g‘limning jajji qo‘llarini ushlab ko‘rib, hushimdan ketib qolibman. Qo‘lsiz tug‘ilganim bois har bir farzandim tug‘ilganida eng birinchi ularning qo‘li bor yoki yo‘qligini doyalardan so‘radim... Yaratgan farzandlarimning bariga qo‘l berdi...”– deydi Qudratxon Teshaboyeva.
***
Qudratxon opa ikki farzandini uyladi. Biri usta, yana biri harbiy. O‘g‘illaridan biri Koreyaning nufuzli oliygohlaridan biriga o‘qishga qabul qilingan. Matonatli ayolning endigi o‘y-xayoli o‘g‘lini chetga jo‘natishga ketadigan mablag‘ni yig‘ishda...
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.