Shahrisabzdagi tug‘uruqxonada bir haftada uchta chaqaloq vafot etdi

Jamiyat 21:53 / 20.08.2022 24096

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruq bo‘limi 10 avgust kunigacha 5 nafar chaqaloq vafot etgani uchun yopilgani, o‘limlarning hammasi ham tegishli tartibda ro‘yxatlarga qayd qilinmagani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati SSB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Unda yozilishicha, 2022 yil avgust oyida tug‘uruq bo‘limida 3 nafar chaqaloq o‘limi qayd etilgan. Har bir holat yuzasidan shahar ichki ishlar bo‘limiga o‘z vaqtida xabar berilgan. Sud tibbiy ekspertizasi tayinlanib, shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda aytilgan chaqaloq, 2022 yil 5 avgust kuni ona va bolaning hayoti xavf ostida qolganligi sababli kesarcha kesish usulida olingan.

Go‘dakning jinsi o‘g‘il, vazni 2 340 gramm, bo‘yi 48 santimetr deb qayd etilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 7 avgust kuni soat 8:00 da chaqaloq vafot etgan. Kasallik tarixida chaqaloqning o‘limiga “Asfiksiya o‘rta og‘ir darajasi. Kam vaznli chaqaloq. Nafas yetishmovchiligi sindromi. Tug‘ma yurak nuqsoni” tashxisi qayd etilgan.

Mazkur holat haqida o‘z vaqtida tegishli tartibda huquqni muhofaza qilish idoralariga xabar berilgan. Sud tibbiy ekspertizasi belgilangan.

Qayd etilishicha, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasining 145 o‘rinli tug‘uruq va terapiya bo‘limlari ta’mirlanishi munosabati bilan hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Shahrisabz shahar bo‘limining 2022 yil 9 avgustdagi dalolatnomasiga ko‘ra, birlashmaning tug‘uruq bo‘limi 2022 yil 10 avgustdan rejali ravishda vaqtincha yopilgan.

Homilador ayollar Shahrisabz va Kitob tumanlari tug‘uruq bo‘limlariga joylashtirilmoqda. Qurilish ishlari shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, aynan shu chaqaloqning o‘limi yuzasidan 7 avgust kuni sudga oid tibbiy ekspertizasi hamda tibbiyot birlashmasi xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: