"Baza va kadrlar potensialini yo‘qotib bo‘ldik" – o‘zbek jamoatchilik faollari professional ijtimoiy himoya tizimi yo‘qligidan norozi

Jamiyat 16:45 / 20.08.2022 16495

O‘tgan 1 oy ichida Buxoroda 9 oylik chaqaloqning bug‘doyzorga tashlab ketilgani, Turkiyaga ketgan ayolning 3 yoshli qizini urib o‘ldirib qo‘ygan xolasi, Toshkentda 70 yoshli ayol 96 yoshli onasini pichoqlab o‘ldirgani, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchi ayoli o‘ziga benzib sepib yoqib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bunday fojialar 1-2 yilda yetilib qolmaydi, ular yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarning isyonidir. Ilojsiz holda qolayotgan kishilar jamiyatdan yordam ololmasligini sezib, yuqoridagi kabi xatolarga yo‘l qo‘yyapti. O‘zbek jamoat faollarining fikricha, bunday noxush holatlar ijtimoiy himoya tizimi yo‘lga qo‘yilmagan davlatlarda yuz beradi.

“Ijtimoiy himoyaning institutsional asoslarini isloh qilish masalasi cho‘zilib kelmoqda”

Bloger, jamoat faoli Aziza Umarova O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qiladigan alohida bir tashkilot bo‘lishi, uning tarkibida bolalarni himoya qiladigan va ijtimoiy xizmat xodimlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi departamentlar tuzish taklifini berdi.

– Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, onasi Turkiyaga ishlagani ketgan ayolning uch yoshli qizchasini xolasi kaltaklab, urib o‘ldiribdi. Ma’lum bo‘lishicha, xolasi o‘zini qaramog‘ida bo‘lgan jiyanchasini doimiy ravishda kaltaklab kelgan.

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qiladigan alohida bir tashkilot bo‘lishi shart.

Bu tashkilot tarkibida bolalarni himoya qiladigan departament bo‘lishi kerak.

Xuddi shu tashkilot tarkibida ijtimoiy xizmat xodimlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi departament bo‘lishi shart.

Xuddi shu tashkilot tarkibida ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish departamenti bo‘lishi shart.

Mamlakatimizdagi bir qancha oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy ish yo‘nalishida bakalavriat va magistraturada kadrlar tayyorlanmoqda. Jumladan, O‘zbekiston milliy universitetida butun boshli “Ijtimoiy ish” kafedrasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur yo‘nalish va mutaxassislik uchun o‘quv rejasi BMT UNICEF tashkilotining Bolalar fondi tavsiyasiga ko‘ra Columbia universiteti tomonidan taqdim etilgan.

Lekin mazkur yo‘nalish va mutaxassislikni bitirgan bironta talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmagan. Bundan ham katta bema’nilik bo‘lishi mumkinmi?!

Yana qancha kutishimiz kerak?

Baraka topkurlar, kelinglar, tuman/shaharlar darajasida ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis lavozimini joriy etinglar. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha universitetni bitirgan, oliy ma’lumotli mutaxassislar juda ko‘p, ularni ishga qabul qilinglar. Kimlarnidir malakasini    oshirish yoki qayta tayyorlashga ehtiyoj yo‘q, tayyor mutaxassislar bor va yetarli, vaqt yo‘qotish kerak emas.

Ehtimol bu ish uchun Mahalla tizimidan ham kimlarnidir biriktirish mumkin bo‘lar, lekin bu aks natija bermasmikin degan xavotir ham yo‘q emas...

Davlat tashkilotlarining mutasaddi rahbarlariga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli rahbarlar, Sizlar buni tushunishingiz kerak. Biz bu borada Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi tugatilgan 2016 yildan buyon oqsab kelmoqdamiz. Barcha moddiy-texnik bazani va kadrlar potensialini yo‘qotib bo‘ldik. Yana ozroq vaqt o‘tsa, umuman hech narsa qolmaydi.

Ijtimoiy himoyaning institutsional asoslarini isloh qilish masalasi muhokama qilinishi uzoq yillardan buyon cho‘zilib kelmoqda, bu vaqtda esa aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoya bo‘yicha malakali mutaxassislar xizmatidan mosuvo qilingan, reabilitatsiya qilish, psixolog yordami ko‘rsatish kabi xizmatlar taqdim etilmayapti, qarovchisiz qolgan bolalarni doimiy joylashtirgunga qadar vaqtincha parvarish qilib turadigan (foster) oilalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Himoyasiz qolgan bolalar zo‘ravonlik va jarohatlar girdobida nobud bo‘lmoqda

Tushuninglar axir, ijtimoiy himoya bu faqat ijtimoiy to‘lovlar degani emas, undan tashqari bu yana ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy xizmatlarni ham taqdim etish demakdir. Aynan mana shu ijtimoiy xizmatlar mamlakatimizda umuman taqdim etilmaydi! Mutlaqo yo‘q! Mana shu fojiani o‘z rahbariyatingizga tushuntiring, iltimos!

Axir sizlar ham shu zamin farzandisizlar, shu yurtda yashaysizlar. Farzandlaringiz ham shu yurtda yashaydi. Jamiyat jarlikka yuztuban qulamoqda. Velosipedni qayta kashf etish va mahalla tizimi orqali ijtimoiy himoya qilishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha turli tajribalar o‘tkazib ko‘rishga vaqt sarflamaslik kerak. Vaqt o‘tyapti, go‘dak bolalar nobud bo‘lyapti. Bu ishlarning oldini olish kerak.

Dunyodagi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi bizda ham ijtimoiy himoyani amalga oshiruvchi, ijtimoiy xizmatlarni taqdim etuvchi normal ishlaydigan tizimni yaratish kerak. Bu tizim Ijtimoiy himoya vazirligi deb nomlanadimi, davlat qo‘mitasi yoki agentligi deb nomlanadimi, bu muhim emas. Muhimi, respublika-viloyat-tuman/shahar-mahalla vertikali bo‘yicha faoliyat olib boradigan mustaqil tashkilot bo‘lsa bo‘ldi. Mahalliy darajada ijtimoiy xizmatlar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin. Mana shu ishni qilinglar, 2-3 yildan keyin vaziyat ijobiy tarafga butkul o‘zgarganini ko‘rasizlar.

«Professional ijtimoiy xizmat tizimi kerak»

Davletov kanali muallifi Qobil Xidirovning yozishicha, ijtimoiy yordamni shakllantirish uchun g‘ildirakni qaytadan kashf qilish kerak emas. Dunyoda yaxshi tajriba to‘plagan, xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston bo‘yicha tom-tom tadqiqotlar, qo‘llanmalar chiqargan. Siyosiy irodani ko‘rsatishning vaqti kelgan.

– Shu yilning 2 avgust kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 47 yoshli ayol xodimi korxonaga kirish joyida ustidan benzin sepib, o‘ziga o‘t qo‘ygani haqida tarqalgan xabarlar bir necha bor ko‘targanimiz — ijtimoiy xizmat tizimini mutlaqo yangidan barpo etish, institutsionallashtirishning allaqachon vaqti yetganini yana bir bor isbotlamoqda. Kimki hayotda og‘ir vaziyatga tushib, unga na jamiyat, na davlat yordam qo‘lini cho‘zsa — o‘z joniga qasd qilsa, hammamizning fojiamiz. Har bir suiqasdning o‘z sabablari bor, kimdadir moddiy masala, kimdadir ruhiy, kimdadir esa umuman boshqa masala. Ayollarning o‘z joniga qasd qilishi odatda oiladagi muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi.

Rosti, ayollarga, oilalarga yordam bersin deb qo‘mita tuzganmiz, vazirlik ochganmiz. Mingta lavozim joriy qilganmiz — hokim o‘rinbosaridan tortib mahalla maslahatchisigacha. Budjetdan har yili milliardlab pul ajratiladi. Lekin nafi bo‘lyaptimi? Tadbirbozlik, qarsakbozlikdan nariga o‘tilayotgani yo‘q. Qiyin vaziyatga tushib qolgan ayolga kim qanday yordam berishni bilmaydi, uzog‘i bilan quruq maslahat beriladi, “sabr qiling, o‘tib ketadi”, deyishdan nariga o‘tilmaydi. Hamma mas’uliyatni o‘zidan soqit qiladi, kechirasiz-u, o‘zini osaman degan ayol, umid qilsa, o‘sha tashkilotlar eshigida sarson bo‘ladi.

Bu mavzu necha yillardan beri ko‘tariladi. Bizga professional ijtimoiy xizmat tizimi kerak. Modomiki ayol og‘ir ahvolga tushib qolgan bo‘lsa, unga kerak bo‘lsa vaqtinchalik boshpana beradigan, butun tizimni oyoqqa turg‘izadigan, malakali psixologik yoki huquqiy himoyaga oladigan tizim bo‘lishi kerak. Bu tizim har xil vazirlik va idoralar tavakkaliga taqsimlab tashlangan ijtimoiy xizmatlarni o‘zida jamlashi lozim. Bu birgina suitsid emas, balki oilaviy zo‘ravonlik, bolalar farovonligi, nogironligi bo‘lgan shaxslar — umuman, ijtimoiy zaif qatlamni ko‘chaga tashlab qo‘ymaydigan DAVLAT kafolat tizimi bo‘lishi kerak.

Yo‘qsa, har gal yuqoridagi kabi fojia yuz berganida koptokni u idoradan bu idoraga tepish bilan shug‘ullanaveramiz. Jabrdiydalar esa jabrlanishda davom etaveradi. Eng muhimi, buning uchun g‘ildirakni qaytadan kashf qilish kerak emas. Dunyoda yaxshi tajriba to‘plagan, xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekiston bo‘yicha tom-tom tadqiqotlar, qo‘llanmalar chiqargan. Siyosiy irodani ko‘rsatishning vaqti keldi, nazarimizda.

«Odamlar muammolari bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak»

Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Saotova inson bekorga jamiyat bo‘lib yashamasligi, shuning uchun ham ijtimoiy yordam kerak degan fikrni ilgari surmoqda.

– Tunov kuni yoshi 90 dan oshgan onasiga jarrohlikdan keyin qarab, parvarishlagan, ammo uning injiqliklariga dosh berolmay, ko‘ksiga pichoq sanchib o‘ldirgan 70 yashar ayol haqida xabar chiqqandi Bugun Jizzaxda 3 yashar qizchani onasi xorijga ishga ketgani, qarab turadigan xolasi muntazam urib yurgan va oxiri o‘ldirgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Odamlar muammolari bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak. Inson bekorga jamiyat bo‘lib yashamaydi, ijtimoiy xizmat tizimi zarurati va ehtiyoji hamma davlatda bor, ushbu yo‘nalishdagi muammolarimizni to‘g‘ri yechish kerak. Aziza Umarovani bu masalada qo‘llab-quvvatlayman.

“NNTlarining davlat nazoratida ekani, ijtimoiy himoya tizimining rivojlanishiga yo‘l bermaydi”

Jurnalist, Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko aholiga bir martalik tarqatiladigan yordamlar ish bermasligini, ish bergan taqdirda ham ularni tarqatishni mahallalarga topshirish ishonchsiz ekanini aytmoqda.

– Ijtimoiy yordam qiyin vaziyatga tushib qolganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir davlatga kerak. Afsuski, O‘zbekistonda haligacha ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi yagona organ, masalan, vazirlik yoki ijtimoiy himoya agentligi yo‘q. Shuning uchun ham ijtimoiy yordam tizimini amalga oshirishda markazlashtirilgan yondashuv mavjud emas. Mashhur “temir”, “ayollar”, “yoshlar” daftarlari ko‘pchilikning kinoyasiga sabab bo‘lmoqda, chunki bu daftarlarni saqlaydigan mahalla muassasasiga ishonch ancha past. Bunni COVID-19 vaqtida homiylar tarqatgan mahsulotlarni mahalla idoralarida o‘g‘rilab ketilganidan ham bilish mumkin.

O‘zbekistonda ijtimoiy yordam deb, oziq-ovqat berish, uyini ta’mirlab berish kabi vaqtinchalik moddiy yordam beriladi.

Menimcha, ijtimoiy yordam tizimini rivojlantirish bilan birga, davlat gender stereotiplariga qarshi kurashishi ham kerak. Agar qiz bolaligidan asosiy vazifasi turmushga chiqish ekanligini o‘rgangan bo‘lsa, ko‘pincha muvaffaqiyatsiz nikohda kvartira yoki uy va davlatdan imtiyozlar talab qiladi. Chunki bolaligidan unga kimdir g‘amxo‘rlik qiladi, degan g‘oya: avval ota-onasi, keyin eri. U yerda ham, u yerda ham qo‘llab-quvvatlash bo‘lmagach, davlat u va farzandlari haqida qayg‘urishi kerak, deb hisoblaydi. Afsuski, hech qayerda 2-3 bolali yolg‘iz onalarga kvartira bermaydilar (demografik inqirozga uchragan mamlakatlar bundan mustasno).

 Ayollar o‘qishi, ishlashi kerak. Ularda ham to‘laqonli shaxsiyat shakllanishi kerak. Ammo seriallarda itoatkor kelinlar ko‘rsatilganda, tok-shoularda itoatsiz xotinlarni kaltaklash o‘rgatilganda, gender stereotiplari aks etgan videolar tarqatilganda shaxsiyat shakllanishi qiyin. Gender stereotiplariga qarshi kurash sust olib borilmoqda va bu aholining iqtisodiy farovonligiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, volontyorlik institutlarini rivojlantirish kerak. Ular yoshlarga ta’lim olish, karera qilishda ham yordam beradi. Nomoddiy ijtimoiy yordam turli ko‘ngilli tashkilotlar tashabbusi bilan ham shakllantiriladi. Butun dunyoda ijtimoiy vazifalarning bir qismi nodavlat tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Chunki ular moliyalashtirish manbalarini topadi, benefitsiarlarni tanlaydi, nazorat qiladi, yordam beradi, turli dasturlar yaratadi, ko‘ngillilarni jalb qiladi. Lekin NNTlarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazishda muammo bor. Ular hamon davlat nazoratida bo‘lgani uchun O‘zbekistonda bu model yaxshi ishlamayapti. 

Ko‘proq yangiliklar: