“Yaqin 20 yilda O‘zbekistonda suv 5 barobargacha kamayadi” – Ekopartiya vakili

O‘zbekiston 13:20 / 18.08.2022 3628

Ekologiya partiyasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev Munosabat tokshousining O‘zbekistondagi ekologik muammolarga bag‘ishlangan sonida suv bilan bog‘liq muammolarga to‘xtaldi.

Rais o‘rinbosarining ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida Ekvatorga yaqin joylashgan cho‘llanishga moyil hududlar ko‘p. Aynan O‘zbekistonning 75 foizidan ziyod hududi cho‘ldan iborat. Qo‘shni davlatlarda ham xuddi shu muammo. Cho‘llanish yildan yilga oshib boryapti. Oxirgi 20 yilda Markaziy Osiyo davlatlariga cho‘llanish 100 kilometrgacha kirib bormoqda.

Abdushukur Hamzayev buning sabablari sifatida suv tanqisligi, yangi yerlarning o‘zlashtirilgani, aholi sonining oshgani, ishdan chiqqan yerlardan qayta-qayta foydalanish, iqlim o‘zgarib, yog‘ingarchilik sikli buzilganini ko‘rsatdi. Mutassadi suv masalasi hal bo‘lsa, tuproq unumdorligini qaytarish va sho‘rlanishni kamaytirishga ishonmoqda.

“O‘zbekistonda yaqin 20 yilda suv 5 barobargacha kamayadi. Bizda sug‘orishga ishlatiladigan yerlarning 80 foizi qo‘shni davlatlar: Qirg‘iziston va Tojikistondan suv oladi. Shuning uchun suvdan samarali foydalanish mexanizmini joriy qilish kerak. 80-yillarda bizda dehqonchilik uchun 64 milliard metr kub suv ishlatilgan. 2021 yilda bu raqamlar 43,2 millirad metr kub bo‘ldi. Qariy 60-70 foiz suv bilan dehqonchilik qildik. Bundan keyin ham suv kamayish tendensiyasi davom etadi”, – dedi u.

Ma’lum qilinishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida 7,9 million gektar sug‘oriladigan maydon bo‘lsa, shuning 4,3 million gektari, 55 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi. Bu – suv taqchilligi Markaziy Osiyo davlatlari ichida O‘zbekistonga ko‘proq xavf solishini anglatadi. 

“Buning chorasi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisoblanadi. Oxirgi 3 yilda sug‘oriladigan maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish 11 foizdan 20 foizgacha yetdi. Tomchilash orqali sug‘oriladigan yerlar 700 ming gektardan oshdi”, – dedi Ekopartiya raisi o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: