Klinikada janjal ko‘targan opa-singillar ustidan hukm o‘qildi

Jamiyat 20:26 / 17.08.2022 35753

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida, bezorilik jinoyatini sodir qilishda ayblangan, 1992 va 1996 yillarda tug‘ilgan ikki ayol va 1995 yilda tug‘ilgan erkakka (muqaddam o‘g‘rilik jinoyatini sodir qilib sudlangan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Bu haqda Kun.uz'ga Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova ma’lumot berdi.

Uch nafar sudlanuvchi 2022 yil 21 fevral kuni bir guruh bo‘lib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Markaz-4 dahasi, A.Qodiriy ko‘chasidagi avtobus bekati oldida bir fuqaroni hech bir sababsiz urib, tan jarohati yetkazishgan.

Bundan tashqari, cudlanuvchi ayollar 2022 yil 4 may kuni soat 22:30 larda Yunusobod tumani, Markaz-6 dahasida joylashgan “LOR+” nomli klinikada jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, ushbu klinikadagi boshqa fuqarolarning tinchligini buzishadi. Bir fuqaro bilan shifokor ko‘rigiga navbat talashib, o‘taketgan behayolik bilan fuqaroni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishadi. Stol ustida turgan kishining sog‘ligi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan mikroqaychini qo‘llab, fuqaroni urib tan jarohati yetkazayotgan vaqtda ularning bezorilik harakatlari oldini olish chorasini ko‘rmoqchi bo‘lgan ikki shifokorga qarshilik ko‘rsatishib, fuqaroni urib, unga tan jarohati yetkazishgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, fuqaroning tanasida bosh tepa sohasi, ko‘krak qafasi va chap yelka sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi jarohatlari bo‘lib, ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohatligi aniqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi ayollar JK 277-moddasi 3-qismining “a, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi va ularga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi erkak esa JK 277-moddasi 2-qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: