Ozodlik uchun nimalar qilinmaydi! Qamoqdan shov-shuvli qochishlar

Jahon 16:08 / 16.08.2022 39370

Qamoqdagi inson borki ozodlikka chiqish haqida o‘ylaydi. Aksariyat mahkumlar o‘z muddatini o‘tab yoki afvga munosib ko‘rilib erkinlikka erishsalar, ayrimlari juda antiqa usullarni qo‘llab, qochib ketishning uddasidan chiqadi. Zindonlar paydo bo‘libdiki, ulardan qochuvchilar ham paydo bo‘lgan. Qamoqxonalar takomillashtirilgani sari mahkumlar ham ulardan qochishning yangi-yangi usullarini topaveradilar. Amerikalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan “Panjara ortida” (“Pobeg”) serialining olamshumul shuhrat qozonishi ham bejiz emas. Albatta, qochish sahnasi tasvirlangan filmlar juda ko‘p va ularda turli-tuman usullar ko‘rsatilgan. Biroq qamoqxonalar ham anoyi emas, shu bois hayotda u qadar noodatiy qochishlar kam ish beradi.

Ma’lumot o‘rnida: Mahkum – aybi isbotlangan, sud hukmi bilan ma’lum jazo tayin qilingan shaxs. Mahbus – hibsga olingan, hali tergov jarayonida saqlanayotgan shaxs.

Turkiyadan qochish

Amerikalik Billi Xeyyes Turkiyada narkotik moddalar bilan qo‘lga tushadi va panjara ortiga ravona bo‘ladi. Uning qamoqdan qochishi uncha qiziqmas. Lekin turmadan qutulib, Turkiya chegaralarini tark etishi haqiqiy triller. U har kuni sochini har xil rangga bo‘yab ko‘chaga chiqadi va shu yo‘l bilan izquvarlarni chalg‘itadi. Hamma uning mamlakatdan chiqib ketishga urinishini yaxshi bilardi va chegaralarga e’tibor qaratiladi. Ammo Xeyyes dastlabki bir necha kunni ataylab kutishda o‘tkazadi va nazorat susayishi bilan qayiqqa tushib dengiz orqali Gretsiya sari yo‘l oladi. To‘fonlarda qolib ketsa-da, sog‘-salomat qirg‘oqqa chiqadi va AQShga jo‘naydi.

Turkiya jinoyatchini qaytarishni talab qiladi, ammo AQSh bunga ko‘nmaydi va Billi Xeyyes xotirjam hayot kechiraveradi. Voqeaning eng e’tiborli jihati Billi o‘zining qochishi tafsilotlariga bag‘ishlab kitob yozadi hamda mashhurlikka erishadi. Kitob asosida “Yarim tundagi ekspress” filmi ishlanadi va bu kinoasar ham shuhrat qozonadi.

Vetnam dahshati

Zamonaviy dunyo tarixidagi eng qonli urushlardan biri AQSh-Vetnam urushidir. Umuman mantiqsiz va aniq maqsadsiz bu urushga AQShning juda katta resursi sarflangan hamda ko‘p qurbonlar berilgan. AQSh askari uchun vetnamliklar qo‘liga asir tushish haqiqiy dahshatning o‘zginasi edi. Chunki qiynoqlar shu darajada og‘ir, tutqunlikdan qochib ketish esa mutlaqo ilojsiz bo‘lgan.

Amerikalik uchuvchi Diter Dengler ozodlikda ham turli qulflarni, kishanlarni ochishda mohir edi. 1966 yilda uning samolyoti urib tushirilib, o‘zi asirga olinganida mana shu hunari ish beradi. U o‘zi va bir necha do‘stini qiynab turgan qandala va kishanlarni amallab yechishning uddasidan chiqadi. Jami 7 kishi bo‘lgan amerikalik askarlar soqchilarning qurollarini o‘g‘irlab jungliga qochishadi. Ozodlik yangi sinovlarni tayyorlab turgan edi. Ular 23 kun davomida tropik o‘rmonda kuchli jazirama, ochlik va gazandalar orasida qolib ketishadi. 7 nafar askardan 5 nafari azoblarda jon beradi, Dengler va bir do‘sti tirik qoladi. Ular amallab AQSh bazasiga yetib borishadi va Vetnam qamog‘idan qochgan ilk askarlar sifatida tarixda qolishadi.

“Butirka” devorining zabt etilishi

Rossiyaning Butirka qamoqxonasi jinoyat olamida ancha mashhur. Qadimiy bu maskanda juda ko‘plab dong taratgan mahkumlar saqlangan. Xonadonlar o‘g‘risi Vitaliy Ostrovskiy 2010 yilda bu mashhur qamoqxonadan juda oddiy usulda qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Kunlarning birida uni hammomga olib borishi kerak bo‘lgan soqchi qurolsiz keladi. Ostrovskiy ancha vazmin mahkum bo‘lgani uchun unga kishan ham taqishmaydi. Lekin u o‘sha bitta imkoniyatni kutgandi va darhol soqchini ag‘darib tashlab hali yopilib ulgurmagan eshik orqali hovliga qarab qochadi. Hamma Ostrovskiyning 4,5 metr balandlikdagi devor yonigacha borishini va qo‘lga tushishini bilib kula boshlaydi. Ammo ko‘pchilik ko‘z o‘ngida Vitaliy xuddi o‘rgimchakdek devorga tirmashadi va uni oshib o‘tadi. Vovullagan itlar ham, soqchilar ham ichkarida qolib ketadi. Darvozalar ochilib, ichkaridan chiqib kelgunlariga qadar Ostrovskiy yashirinishga ulgurgandi.

Qochish va “Ford”ni olib qochish

1930 yillarning eng mashhur banditlaridan biri bo‘lgan Jon Dillinjyer qamoqlardan qochish bo‘yicha ham shuhrat qozongandi. 1934 yilda u qator banklarni o‘marganidan keyin qo‘lga olinadi va Illinoys shtatidagi o‘ta xavfli jinoyatchilar saqlanuvchi qamoqxonaga joylanadi. Turma o‘z soqchilaridan tashqari politsiya va milliy gvardiya tomonidan ham qo‘riqlanardi.

Dillinjyer sovun qoldiqlaridan o‘yinchoq to‘pponcha yasaydi va uni etiklarni bo‘yaydigan gutalin bilan qora rangga bo‘yaydi. Imkoniyat tug‘ilishi bilan u to‘pponchasi yordamida soqchini garovga oladi va qochishga muvaffaq bo‘ladi. Ozodlikka chiqishi bilan u yana bir hunar ko‘rsatadi: sherifning “Ford” avtomobilini ham o‘g‘irlaydi hamda uzoqqa qochib ketadi. Ammo uning ortidan FQB agentlari tushadi va ular gangsterga ortiqcha mulozamat ko‘rsatmasdan otib tashlashadi.

Rejisser Maykl Mann bu voqealar asosida “Djonni D.” nomli film ishlagan.

Ozodlikka karam to‘la bochka orqali

Chor Rossiyasi davrida muxolifatning jangovar a’zosi bo‘lgan Mixail Gershuni 1904 yilda Sibirga umrbod surgun qilinadi. Katorgada mahkumlar uchun karam tuzlanar va qishga saqlab qo‘yilardi. Sheriklari yordamida Mixail ana shunday bochkalardan biriga tushib oladi. Do‘stlari unga nafas olish uchun trubka va kimdir bochkaga qilich sanchib tekshirib ko‘rishi mumkinligini hisobga olib, temir qalpoq yasab berishadi.

Bochkani chindan ham olib chiqib ketadilar. Biroq Mixail Gershuni kechasi bilan bochka ichida bukilganicha, achchiq karam ichida qolib ketadi. O‘ta noqulay holat va dahshatli hidga chiday olmagan Gershuni oxiri chidolmay yelkasi bilan bochkani buzib chiqadi va o‘rmonlan ichiga yashirinadi. Yo‘l topishi bilan udarhol Yaponiya tomon yo‘l oladi. Yaponiyada ham to‘xtamaydi, amallab yetib olganidan keyin hujjat tayyorlab AQShga jo‘naydi va shu bilan o‘z yurtiga qaytib kelmaydi.

Osvensimdan qochish

Vengriyalik Alfred Vetsler va Rudolf Vrba Osvensimdan qochishning uddasidan chiqqan juda oz sonli yahudiylardandir. 1944 yilda, yahudiylarni o‘ldirish ommaviy tus olgan bir paytda ular qulay fursatni kutishadi va to‘rt kun davomida o‘tinxonadan chiqmay o‘tirishadi. Bu payt ichida boshqa mahbuslar itlarni chalg‘itish uchun sigaret qoldiqlariga benzin sepib har joyga tashlab chiqishadi. To‘rt kun ichida ularni qidirgan soqchilar tinchlanishi bilan ikkovlon lager hududini tark etishadi.

Bu qochishning yana bir ahamiyati shunda ediki, ular Osvensimning to‘laqonli xaritasini chizib berishadi. Gaz kameralarining ishlash xususiyatini, umuman lager faoliyati ko‘rsatilgan 32 sahifali hisobot topshirishadi. Keyinchalik bu hujjat “Osvensim protokollari” sifatida lager borligining dastlabki isbotlaridan biri sifatida tarixga kiradi.

Fanera yordamida parvoz

Sobiq ittifoq deyarli barcha yirik qurilishlarda mahkumlarni ishlatgan. Moskva davlat universitetining asosiy binosi qurilishi 1952 yilda yakunlangan. Unda ham me’morlikka aloqador minglab mahkumlar jalb qilinadi. Ularni har kuni yuqoriga olib chiqish va tushish muammo bo‘lgani uchun 24- va 25-qavatlarda lager punkti tashkil qilinadi.

O‘sha yuqorida saqlangan mahkumlardan biri, tarixda nomi qolmagan inson faneradan deltaplan yasaydi va yuqoridan uchib tushadi. Parvoz natijasi haqida turlicha ma’lumotlar bor. Rasmiysida u havodayoq otib tashlanadi. Yana kimdir uning yerga qulab abjag‘i chiqqanini aytgan bo‘lsa, ko‘pchilik qochqinning qurilish maydonidan ancha uzoqqa qo‘ngani va qochib ketganini bildirgan.

Alkatras ham chikora

San-Fransisko yaqinidagi toshloq orol – Alkatras Nikolas Keyj va Shon Konneri ishtirokidagi “Qoya” filmidan keyin yana ham mashhur bo‘lib ketgan. O‘ta xavfli jinoyatchilar, hatto Al Kapone ham saqlangan bu tosh turma faqat bir marta qochish bilan tilga tushgan. №1441 raqamli mahkum Frenk Morris juda ko‘p jinoyatlar – narkotiklar saqlash, qurolli bosqinchilik va boshqa qator qamoqxonalardan qochish ortidan shu yerga jo‘natilgandi.

Lekin Morris bu yerda ham qochish fikridan qaytmaydi va uch sherigi bilan temir qoshiq yordamida har kuni turmaning tosh devorlarini o‘yishga kirishadi. Devorni teshish va Lahm kovlash uchun ikki yil vaqt ketadi. 1962 yilning 11 iyunida, hammasi tayyor bo‘lgach, mahkumlar o‘z o‘rinlariga oldindan yasagan qo‘g‘irchoqlarini yotqizishadi va kamerani tark etishadi. Ventilyatsiya shaxtasiga yetib borgan to‘rtovlon suvga sho‘ng‘ib, yo‘qolib ketadi. Turma ma’muriyati o‘z ayblarini qisman bo‘lsa-da yuvish uchun ularni cho‘kib ketgan deya rasmiylashtiradilar. Ammo jasadlar topilmagani qochish muvaffaqiyatli yakunlanganidan darakdir.

Mittivoy va 1,5 kilometrlik lahm

“Sinaloa” narkokarteli yetakchisi, meksikalik Xoakin Gusman 1993 yilda qo‘lga olindi va 20 yilga hukm qilindi. Ammo 2001 yilda u tashqaridagi hamtovoqlari yordamida qochishga muvaffaq bo‘ldi. Gusmanning boshi uchun AQSh 5 mln va Meksika hukumati 3,8 mln dollar mukofot tayinlaydi.

2014 yilda Gusman yana qo‘lga olindi va qamoqqa tiqildi. 2015 yilda Mittivoy qayta qochishga muvaffaq bo‘ldi va butun dunyoni hayratda qoldirdi. Chunki u eng qattiq qo‘riqlanuvchi turmaning ichigacha o‘yib kirib borilgan, chuqurligi 20 metr, uzunligi 1,5 kmlik lahm dan mototsikl minib qochib ketgandi. Ammo u 2016 yilda yana qo‘lga olindi va bu safar panjara ortiga umrbod ravona bo‘ldi.

“Shoushenkdan qochish”dan ilhomlanish

2021 yilning 6 sentabrga o‘tar kechasi Isroil politsiyasi, «Shin-Bet» xavfsizlik kuchlari, chegarachilar va armiya maxsus otryadlari oyoqqa turadi. Chunki mamlakatdagi eng jiddiy qo‘riqlanadigan va “seyf” nomini olgan “Gilboa” qamoqxonasidan 6 nafar mahbus qochgandi. Ular qamoqxona kamerasidan lahm qazib, qochib ketishgan.

Kameradan qazilgan tonnel qamoqxona devoridan uncha uzoq bo‘lmagan daladan chiqqan. Bir odam sig‘adigan kenglikda bo‘lgan maxfiy yo‘lni qamoqdan qochgan 6 nafar falastinlik zanglagan qoshiq yordamida qazigan. Ular qoshiqni nazoratchilardan plakat orqali yashirishgan (xuddi “Shoushenkdan qochish” filmidagi qahramon tonnelni plakat bilan yashirgani kabi). Mahbuslar soat 03:30 atrofida qochib ketadi. Ularni tong sahar yerini sug‘orayotgan dehqon ko‘rib qolib, politsiyaga murojaat qiladi. Shundan keyin qamoqxonadagilar mahbuslar qochib ketganini bilib qolishadi.

Qochganlar orasida Falastin ozodligi harakatining “Al Aqso mujohidlari brigadasi” qanoti dala qo‘mondoni Zakariyo Zubaydiy ham bo‘lgan. Qochganlarning barchasi bitta kamerada bo‘lgan va ular yo‘qligini sahar soat 04:00 da bilib qolishgan.

Zubaydiy va odamlari qamoqxona kamerasidagi unitazni olib, pastini teshib, umumiy drenaj tizimiga tushib olishgan va qo‘lbola hisob-kitoblar yordamida dalaga chiqadigan yo‘lni topib, kamida ikki oy davomida lahm qazigan.

Qochib ketgan barcha falastinliklar bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Qochganlar ichida eng mashhuri Zakariyo Zubaydiy falastinliklar orasida qahramondek qabul qilinadi. U 2000-2005 yillarda davom etgan, Isroilga qarshi amalga oshirilgan Falastinni ozod qilish harakatining ramzi bo‘lgan. Zubaydiy 2007 yilda qidiruvga berilgan va 2019 yilda qo‘lga olingan. Qolgan 5 falastinlik ham Zubaydiyning odamlari bo‘lgan. Ammo tez orada ular qayta qo‘lga olinadi va qattiq qiynoqlarga solinadi.

Buyuk qochish

Ishtirokchilar soni, tayyorgarlik hajmi va tavakkalchilik jihatdan hech bir qochish ikkinchi jahon urushi paytidagi “Buyuk qochish”ga teng kelmaydi. Nemislarning Stalag Luft III lageridan qochish uchun 600 nafarga yaqin asir hamjihatlikda harakat qilishadi. Ular qat’iy jadval asosida Lahm qazishadi, yashirinib ishlayotganlar o‘rnini yer ustidagi boshqa asirlar bildirmay turishadi. Ular 9 metr chuqurlikda shartli nomlari “Tom”, “Dik” va “Garri” deb nomlangan uchta lahm qazishga muvaffaq bo‘ladilar, reja bo‘yicha bu tonnellar o‘rmon ichidan chiqishi kerak edi. Qizig‘i shundaki shuncha odam qatnashsa-da, oralaridan sotqin chiqmaydi, sir sirligicha qoladi.

1944 yilning 24 martida fuqarolik kiyimini kiyib olgan sovet askarlari Lahm ga birma-bir tushib oxirgi nuqtani teshib chiqadilar va qocha boshlaydilar. Ammo ular o‘lchovda adashgan edi va so‘nggi nuqta, o‘rmon emas soqchilar nazoratidagi hudud bo‘lib chiqadi. 76 kishi bildirmay chiqib ketgan bo‘lsa-da, 77-asir sezilib qoladi va hammasi barbod bo‘ladi. G‘azabga mingan fashistlar asirlarni tutish uchun katta kuch tashlashadi hamda uch nafar baxtli shaxsdan boshqa barchasini qo‘lga oladilar.

Abror Zohidov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: