Voqealar rivoji 1971 yil 29 sentabr kunidan boshlangandi. O‘sha kuni Sochi shahar militsiya bo‘limiga Ikkinchi jahon urushining afsonaviy qahramoni, sobiq uchuvchi Grigoriy Kozlov murojaat qiladi.
U sanatoriyda dam olayotganida pidjagi va uning cho‘ntagida bo‘lgan Sovet ittifoqi qahramoni uchun beriladigan guvohnoma, Oltin yulduz medalining nusxasi, pasporti, aviachiptasi hamda boshqa buyumlari yo‘qolganini ma’lum qiladi.
Kozlov militsiya xodimlariga haqiqiy Oltin yulduzni yo‘qotib qo‘yishdan xavotirlanib uyida saqlashi, o‘rniga bronzadan asliga o‘xshatib nusxasini tayyorlatib olganini aytadi.
O‘g‘ri uchuvchining pullariga tegmagandi. Militsiya bundan o‘g‘rini faqat tilla buyumlar qiziqtiradi, lekin u haqiqiy oltin medal bilan uning yasamasini ajrata oladigan darajada tajribali emas degan xulosaga keladi.
Aslida esa o‘g‘ri medalni sotmoqchi emasdi. Uning maqsadi umuman boshqa bo‘lgan. O‘g‘ri Sovet ittifoqi qahramoni medali va guvohnomasidan foydalanishni maqsad qilgandi.
O‘sha paytlarda SSSRda sovet ittifoqi qahramonlari, ayniqsa ular Ikkinchi jahon urushida qatnashgan bo‘lsa, umuman daxlsiz bo‘lgan.
O‘g‘rilar ularning narsalarini o‘g‘irlashga jazm eta olmagan. Chunki agar qahramonlarning narsasi yo‘qolsa hamma oyoqqa turar va jinoyatchi albatta ushlanardi.
Biroq Kozlovni sanatoriyda tunab ketishibdi. Bu dovyurak o‘g‘ri kim bo‘lsa va u medal, guvohnoma hamda pasportni nega o‘margan bo‘lsa?!
Militsiya Kozlovni tunagan o‘g‘rini qidirar ekan, oradan bir oy o‘tib, Sochi shahar militsiyasiga yana bir odam murojaat qiladi.
O‘g‘ri bu safar sovet ittifoqi qahramoni Petr Ragozinning hujjatlari va Oltin yulduz medalini o‘margandi.
Sochi shahar militsiyasi o‘g‘rini qidirar ekan, jinoyat-qidiruv bo‘limi 1969 yilda ham urush faxriylaridan biri buyumlari, hujjatlari va medallari yo‘qolgani haqida xabar berganini eslashadi. O‘g‘ri topilmagani uchun o‘sha “delo” hali ham “osilib” turgandi.
Oradan bir yil o‘tgach, Moskvada o‘g‘ri ushlanadi. U 72 yoshli qariya bo‘lib chiqadi. Militsiya qo‘lga olingan shaxsning ma’lumotlarini tekshirib ko‘rganda, u SSSRdagi eng ashaddiy jinoyatchilardan biri, o‘sha paytgacha bir necha bor qamalgan Ivan Petrov bo‘lib chiqadi.
Ivan Petrovning yashash manzili tekshirilganda u yerdan KGB polkovnigiga tegishli hujjatlar, Oliy Sovet deputati guvohnomasi, yurist diplomi va urush qatnashchisiga tegishli medallar va guvohnomalar topiladi.
Petrov ularning barchasini o‘g‘irlagan edi. Xo‘sh, yoshi bir joyga borib qolgan qariyaga bu narsalar nega kerak bo‘lgandi?
Bolalikdan o‘g‘ri
Ivan Petrovning bolaligi juda og‘ir kechgan va shu sababli u yoshlikdan o‘g‘rilikni kasb qiladi. U ilk bor 25 yoshida qamaladi. Keyin yana ko‘p marta o‘g‘rilik qilgani uchun jazolanadi.
U har gal qamoqdan qaytgandan so‘ng yana nimadir o‘g‘irlayotib yoki firibgarlik qilib qo‘lga tushaveradi va qamalaveradi. Buning ustiga, u bir necha marta qamoqxonadan ham qochadi. Uni tutib olishadi va ortga qaytaraverishadi.
1934 yilda qo‘lga tushganida unga xavfli retsidivist bo‘lgani uchun o‘lim jazosi beriladi. U hukmni kutib yotganida oliy jazo 10 yillik qamoq jazosiga almashtiriladi.
O‘shanda uni Oq dengizda joylashgan Solovetsk orolidagi dahshatli qamoqxonaga joylashtirishadi. Ko‘p o‘tmay o‘g‘ri imkonsiz ishni amalga oshiradi va ana shu qamoqxonadan ham qochishga muvaffaq bo‘ladi.
Nemislar SSSRga bostirib kirganda Ivan Petrov qamoqxonada edi. 1944 yilda uni jazo batalionga yuborishadi. Janglarning birida u yaralanadi va frontdan ortga qaytariladi. Urushda qatnashgani uchun qamoqdan ozod qilinadi.
Urushdan keyin yana “eski ishi”ga qaytadi va yana o‘g‘rilik qila boshlaydi. Ivan Petrov keksayib qolganidan so‘ng ham o‘g‘rilikni davom ettiraveradi.
Umumiy hisobda u 1925 yildan 1972 yilgacha 13 marta qamaladi, 9 marta qamoqdan qochadi. Sudyalar unga jami 93 yil qamoq jazosi berishadi. U jinoyat olamida “Ayyor Vanka” nomi bilan tanilgandi.
Ivan Petrovda odamlarni ishontirish qobiliyati juda kuchli bo‘lgan. Har qanday odamni ikki og‘iz gap bilan o‘ziga ishontira olgan.
Sochida ikki urush faxriysining “Oltin yulduz” medallari, guvohnomalari va pasportlarini o‘g‘irlashda ham u avval “qurbon”lari bilan tanishgan. Ularni yolg‘onlariga ishontirgan va fursatdan foydalanib narsalarini o‘g‘irlagandi.
Ivan Petrov mamlakat bo‘ylab “gastrol”larda yurar ekan, o‘zi o‘g‘irlagan hujjatlardagi ma’lumotlarga qarab ism-sharifini tez-tez o‘zgartirib turgan.
Birida Grigoriy Kozlov, boshqa safar Petr Ragozin, yana boshqasida Avin, Guskov, Abdershin, Kokora va boshqa ism-shariflardan foydalanadi. U jami 14 ta odamning nomidan foydalanadi.
Ivan Petrov o‘z o‘ljalarini asosan boyroq odamlar borib dam oladigan Sochi, Batumi, Yalta va Gagra shaharlarida tunaydi.
Ivan Petrov urush faxriylaridan o‘g‘irlangan guvohnomalar va boshqa hujjatlar bilan yurgani uchun unga barcha narsa tekin edi.
Shu sababli u SSSRdagi eng zo‘r mehmonxonalarda tunab qoladi. Eng yaxshi sanatoriylarda hordiq chiqaradi. Elit restoranlarda ovqatlanadi va teatr tomoshalariga boradi.
O‘g‘rining ushlanishi
Ivan Petrovning oxirgi o‘g‘riligi muvaffaqiyatsiz tugaydi va u qo‘lga tushadi. 1972 yil bahorda “Ayyor Vanka” Moskvadagi magazinlarning biriga kiradi va o‘ziga kiyim tanlayotgan o‘rta yoshlardagi xaridor bilan gaplashib qoladi.
Xaridor o‘ziga kostyum-shim tanlayotgandi, o‘g‘ri unga bir nechta “do‘stona maslahat” beradi. Kiyim tanlash borasidagi “tajribalari” bilan o‘rtoqlashadi.
Oxirida xaridorning ust kiyimini yechishiga yordamlashadi. So‘ng uni kiyimni kiyib ko‘rish joyiga yuboradi va narsalariga qarab turishini aytadi.
Xaridor tanlagan kiyimini kiyib ko‘rish uchun ketganda “Ayyor Vanka” uning kiyimlari olib juftakni rostlaydi. O‘shanda o‘g‘irlagan kiyimining cho‘ntagida pullar va hujjatlar borligiga amin edi.
Baxtga qarshi xaridor nimadandir xavfsiraydi va kiyimni kiyib ko‘rmasdanoq ortga qaytadi. U qaytib kelganida kiyimlari va notanish “do‘st” yo‘q edi.
Xaridor darhol ko‘chaga otilib chiqadi va yugurib ketayotgan o‘g‘rini ko‘rib qoladi. Xaridor “Ayyor Vanka”dan ancha yosh edi va bir zumda cholga yetib oladi. Uni tutgach militsiya chaqiradi.
Militsiya bo‘limida cholni tintib ko‘rishganda uning yonidan Grigoriy Kozlov nomiga berilgan sovet ittifoqi qahramoni guvohnomasi chiqadi.
So‘roq paytida u Leningraddan kelganini, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari do‘stinikida ekanini aytadi. Militsiya u aytgan vajlarni tekshirib ko‘rayotganda o‘g‘ri chol so‘nggi usulini qo‘llaydi va “hushini yo‘qotadi”.
“Ayyor Vanka”ni darhol shifoxonaga olib ketishadi. Shifokorlar unga birinchi yordamni ko‘rsatib, palataga joylashtirganda o‘g‘ri u yerdan qochib ketadi.
Biroq bu safar uzoqqa keta olmaydi. Chunki militsiya xodimlari uni bo‘limga olib borganda rasmga tushirib olgandi. O‘sha rasm tufayli cholni tezda topishadi.
Ya’ni militsiya rasm ashaddiy jinoyatchi Ivan Petrovga tegishli ekanini bilgandi. Bir necha kundan so‘ng uni tutib olishadi. Qo‘lga olishayotganda o‘g‘ri qarshilik ko‘rsatmaydi.
Bu safar uning yonidan Ikkinchi jahon urushi paytida jazo batalionida xizmat qilgan sobiq NKVD xodimi, mayor Avinga tegishli hujjatlar topiladi.
Sud, jazo va 100 yosh
Jabrlanuvchilar soni ko‘pligi tufayli bu safar tergov va sud jarayoni ancha cho‘ziladi. Sochida hujjatlari va buyumlarini o‘g‘irlatganlar uni bir ko‘rgandayoq tanishadi.
Ma’lum bo‘lishicha, u Sochida ham xuddi Moskvada bo‘lganiday o‘ljalari bilan “tasodifan” tanishgan, so‘ng ularni kiyim do‘koniga olib borib, pidjak va hujjatlarni olib qochib ketgan ekan.
Oxir-oqibat sud xavfli retsidivist bo‘lgan o‘g‘ri cholga 10 yil qamoq jazosi beradi. “Ayyor Vanka” bu safar qamoqxonadan qocha olmaydi va sanadan sanagacha 10 yil qamoqda o‘tiradi.
U ozodlikka chiqqanda yoshi 82 da edi. Qamoqdan chiqqach u yana ko‘p marta o‘g‘rilik qiladi. Biroq yoshi 90 ga yaqinlashib qolgan cholni qamashga jur’at qila olishmaydi.
Keyinroq “Ayyor Vanka” o‘g‘rilikni tashlaydi va to‘g‘ri hayot kechiradi. Ko‘p o‘tmay SSSR tarqab ketadi, militsiya degan nom o‘zgartiriladi. Chol esa hamon tirik edi.
“Ayyor Vanka” SSSR parchalangandan keyin yana 9 yil yashaydi va 2000 yilda roppa-rosa 100 yoshida vafot etadi. U tarixda SSSRdagi eng mashhur o‘g‘rilardan biri sifatida qolgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.