O‘zbekiston | 13:27 / 16.08.2022
1693
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari 26,6 mln dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi 

13 avgust kuni Nurek shahrida Tojikistonning Xatlon viloyati va O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish forumi doirasida umumiy qiymati 26,6 mln dollarlik mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha 6 ta shartnoma imzolandi, deya xabar berdi «Aziya-Plyus» Xatlon viloyati ma’muriyatiga tayangan holda.

Forumda ikki viloyat tadbirkorlari, shuningdek, Xatlon viloyati rahbari Qurbon Hakimzoda va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ishtirok etdi

Forumda ikki davlatning sarmoyaviy imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida so‘z bordi.

Forum yakunlari bo‘yicha ikki viloyat o‘rtasida «Yo‘l xaritasi», turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum, 15 ta investitsiya shartnomasi imzolandi. Jami 23 ta hamkorlik shartnomasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

12 avgust kuni Xatlon viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyasi viloyatdagi kichik sanoat korxonalari, zamonaviy issiqxonalar, tarixiy obidalar, qishloq xo‘jaligi yerlarida bo‘ldi. 

Joriy yilning birinchi yarmida ikki davlat o‘rtasida 262 mln dollardan ortiq savdo aylanmasi kuzatildi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 32,4 foizga kam. 

Eksport qariyb 97 mln dollarni, import esa 165 mln dollardan ziyodni tashkil etdi. 

Mavzuga oid