Gangadagi xiyobonda rekonstruksiya boshlandi. Birorta daraxtga zarar yetkazilmasligi va’da qilindi

O‘zbekiston 11:45 / 16.08.2022 11030

Toshkent shahri, Chilonzor tumanida sodir etilgan daraxtkushlik katta shov-shuv keltirib chiqardi. Uning sabab va oqibatlari haqida saytimizda ham yozdik.

Afsuski, shu kabi va balki bundan battar yana qancha-qancha holatlar ro‘y bergan, jamoatchilik xabar topmagani uchun yopdi-yopdi qilib yuborilgan – bu bizga qorong‘i. Davlat ekologiya qo‘mitasi, ta’bir joiz bo‘lsa, Hollivud filmlaridagi voqealar tugab bo‘lgandan keyin sirena yoqib keladigan politsiyachilarga o‘xshaydi – voqealar sodir bo‘lib, tabiatga ziyon yetganidan so‘ng paydo bo‘ladi va jarima qo‘llaydi.

Yaxshiyamki, jamoatchilik bor, oddiy odamlar – jonkuyarlar, ertamiz uchun mas’uliyatni his qiladigan aholi vakillari bor. Va biz jurnalistlar ham jamoatchilik vakili sifatida tabiatga zarar yetkazilishi ehtimoli bo‘lgan joylarni erta aniqlashimiz, zarar yetkazilgan holatlarda birinchilardan bo‘lib borishimiz va vaqtida ommaga e’lon qilishimiz zarur. Zero, bu loyihalar, qurilishlar va ziyongarchiliklar boshida turgan shahar hokimligi ko‘plab loyihalarni amalga oshirayotganda jamoatchilik bilan hisoblashmasligi oydek ravshan bo‘lib ulgurdi.

Poytaxtning eng so‘lim go‘shalaridan biri, shaharning sanoqli qolgan “o‘pka”laridan biri sanalmish Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘ylab cho‘zilgan sayilgoh – alleya necha yillarki shahar aholisining sevimli maskanlaridan. Xalq tilida bu yer “Ganga alleyasi” deyiladi. Bu yerda nafaqat yon-atrofda yashaydiganlar, balki boshqa tumanlardan ham kelib, dam oladiganlar yetarlicha. Bu yerda passiv hordiq chiqarish uchun yetarlicha soyasalqin va kislorod bor.

Ana shu quyuq daraxtzor bo‘lmish maskanda to‘satdan rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi va bundan ko‘pchilik bexabar ham qoldi. Biz ishlar qay tarzda ketayotgani, bu yerda qanday ishlar loyihalashtirilganini bilish va eng asosiysi, yana tabiatga zarar yetkazish holatlari bo‘lmayotganiga ishonch hosil qilish uchun shu manzilga bordik.

Alleyadagi daraxtlarning qurigan shoxlari kesib tashlanib, ularning orasi ochilayotgani, havo aylanishi uchun sharoit yaratilayotgani guvohi bo‘ldik. Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi Davron Odilovga ko‘ra, daraxtlarni butalash va shakl berish ishlari nazoratga olingan. Obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari boshqarmadagi agronomlar nazorati ostida bu ishlarni amalga oshirishmoqda. Odilov xiyobondagi 6104 tup daraxt himoyaga olinganini aytdi.

Davron Odilov, Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bosh mutaxassisi

Shayxontoxur tumani hokimligi buyurtmasiga ko‘ra pudratchi tashkilot “Petro Asia” hududda rekonstruksiya ishlarini amalga oshiryapti. Kompaniya vakili Tohir Daliyevning aytishicha, salkam 2 kilometrga cho‘zilgan sayilgohdagi eski nobop o‘rindiqlar va talabga javob bermaydigan yoritgichlar olib tashlanib, o‘rniga zamonaviy va qulaylari qo‘yilmoqda.

Tohir Daliyev, “Petro Asia” kompaniyasi vakili

Pudratchining so‘zlariga ko‘ra, sayilgoh uch zonaga bo‘linadi: yoshlar uchun, yoshi kattalar uchun va umumiy. Yoshi kattalar sokin hududda dam olishsa, yoshlar uchun musiqiy va interaktiv zona tashkil qilinadi. Abdulla Qodiriy va Sebzor ko‘chalari chorrahasiga yaqin joyda esa jismoniy mashg‘ulotlar uchun vorkaut tashkil qilinadi.

“Rekonstruksiya hududdagi birorta daraxatga zarar yetkazmaydigan tarzda olib borilyapti”, dedi Tohir Daliyev. U xiyobondagi sug‘orish tizimi butkul yangilanayotganini ham aytdi: o‘rnatiladigan zamonaviy suv purkagichlar yer sathidan chiqib turmaydi va maysa ustida xordiq chiqaradigan odamlarga halaqit qilmaydi.

Sayilgohning yashil hududiga soya-salqinda ham ko‘karib turadigan yangi chim ekiladi va dam oluvchilar piknik uyushtirishi uchun qulay joy bo‘ladi.

Biz ko‘rganimiz va eshitganlarimizan qoniqish hosil qildik. Gaplar amalga ham to‘g‘ri kelishi uchun baribir jamoatchilik nazorati muhim. Xalq uchun hordiq maskani taqdim etilishi juda yaxshi ish. Biroq bunday ishlar amalga oshirilishidan oldin ommaga ma’lum qilinsa, ortiqcha savollar kelib chiqmas, tabiatga ziyon yetkazilmas edi.

Bobur Akmalov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: