“Haqiqiy integratsiya uchun mintaqaning taqdiri bir ekanini anglash kerak” - Markaziy Osiyo davlatlari birlasha oladimi?

O‘zbekiston 18:37 / 15.08.2022 21445

Qirg‘izistondagi Maslahatlashuv uchrashuvida imzolangan kelishuv Markaziy Osiyo mintaqasida yangi geosiyosiy vaziyat shakllanganini urg‘ulovchi hujjatdir. Lekin mintaqada o‘z ta’sirini saqlab qolishni istayotgan xalqaro o‘yinchilarni ham unutmaslik lozim. Bundan tashqari, insonlar, g‘oyalar, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishiga yo‘l ochadigan haqiqiy integratsiyaga yetish uchun judayam ko‘p ish qilinishi kerak, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Kun.uz muxbiri so‘nggi vaqtlarda faollashayotgan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiyaga intilish jarayonlari, bu boradagi muammo va yechimlar, uning siyosiy oqibatlari mavzusida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Sizningcha, mintaqadagi bu faollashuvga nimalar turtki bo‘lmoqda: urush va uning oqibatlarimi yoki boshqa sabablar bormi?

— Hali mintaqada to‘laqonli integratsiya haqida gapirish imkonsiz. Lekin 2016 yildan keyin munosabatlar iliqlashdi. Rossiya–Ukraina urushi bu yerda eng katta sabab. Urush fonida rus siyosatchilari tomonidan ittifoqqa nisbatan ijobiy qarash yoki qo‘shnilari bilan munosabatlarning chigallashuvi kuzatilmoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy tafakkurida katta fundamental o‘zgarish bo‘lyapti. Unga qadar mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonchsizlik va raqobat ruhiyati juda kuchli edi. Bugun hamkorlik qilishga mahkummiz va majburmiz degan fikr shakllandi.

Markaziy Osiyo davlatlarida yangi tafakkur shakllanishining birinchi sababi hokimiyatlar almashinuvi deyishimiz mumkin, xususan O‘zbekistondagi hokimiyat almashinuvi.

— Xabaringiz bor, 21 iyul kuni Issiqko‘lda navbatdagi Maslahatlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Integratsiyani xohlayotgan yoki unga intilayotganlar uchun uchrashuv formati juda sodda emasmi? Masalan, uni muhimroq sammit yoki boshqacha shaklda o‘tkazish mumkinmidi?

— Bugungi kunda kun tartibida turgan masala – o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish, deb o‘ylayman. Chunki integratsiya uchun avvalo uni anglash va integratsiyaga imkon beradigan siyosiy va geosiyosiy muhit kerak. Bugun tashqi tahdidlar shakllanib bo‘ldi.

Integratsiya uchun alohida tashkilot tuzilmayotgani vaqt masalasi bo‘lsa kerak. Ayni vaqtda tashqi dunyoda mintaqada integratsiya bo‘lishidan manfaatdor bo‘lmagan, uni o‘z otalig‘ida ushlashni xohlaydiganlar bor. Shuning uchun mintaqa davlatlari ehtiyotkorlikda, lekin izchillik bilan integratsiyaga yo‘l ochadigan qadamlar tashlayapti.

— Issiqko‘ldagi uchrashuvda “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro maydondagi tahdidlarga nisbatan kuchlarini muvofiqlashtirish, bir-biriga nisbatan harbiy kuch ishlatish va kuch bilan tahdid qilishdan tiyilish kabi majburiyatlar bor. Xo‘sh, bu kelishuv uni imzolagan mintaqa davlatlariga, xususan O‘zbekistonga nima beradi?

— Bu avvalo geosiyosiy koordinatsiya degani. Ya’ni tashqi dunyoda Qozog‘istonga, Qirg‘izistonga yoki O‘zbekistonga biror bir geosiyosiy tajovuzlar bo‘ladigan bo‘lsa, ushbu davlatlar muvofiqlashadi, degan tashqariga muhim siyosiy mujdadir. Bu jiddiy bir kelishuv – mintaqada yangi geosiyosiy vaziyat shakllanganini urg‘ulovchi hujjat deyish mumkin.

Tojikiston va Turkmaniston bu shartnomani imzolamaganiga sabab, ma’lum bir ichki ziddiyatlar tufayli bo‘lishi ham mumkin. Lekin ular imzolamaymiz, demadi. Ichki protseduralar va o‘zaro munosabatlarini hal qilib olgach imzolashi kutilmoqda.

— Markaziy Osiyo davlatlarining birlashuvida prezidentlarning shaxsiyati qanchalik rol o‘ynaydi? So‘nggi yillarda mintaqaning Tojikistondan boshqa barcha mamlakatlarida yetakchilar almashdi, “yangilar” uchun kelishish osonroq bo‘ladimi?

— Shaxsiyatlar rol o‘ynaydi. 2016 yilgacha davlatlar o‘rtasida ishonch muhiti haqida gapirish imkonsiz edi. Chunki munosabatlar shakllanishida 90-yillardagi nosog‘lom ambitsiyalar katta rol o‘ynagan. O‘sha davrdagi xatolar bugun to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun yaxshi saboq bo‘ldi. Bugun liderlar o‘rtasida munosabatlar iliqlashib bormoqda.

Mening nazarimda barcha 4 ta respublika bilan deyarli umuman “muammosi bo‘lmagan” yagona davlat O‘zbekiston bo‘lib turibdi. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara nizolari avvalo jamiyatda paydo bo‘lib, keyin siyosiy elitagacha ko‘tarilib bordi. O‘ylaymanki, keyingi keladigan liderlar ham oldingi xatolarni takrorlamaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido

Ko‘proq yangiliklar: