O‘zbekistonda boshpanasiz odamlarga qanday yordam beriladi? Ushbu maqolada Toshkent shahri misolida shu haqda ma’lumot beramiz. Ta’kidlash lozim, boshqa ayrim hududlarda ham deyarli shunday tartib o‘rnatilgan.
Toshkentning Yashnabod tumanida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni rebilitatsiya qilish markazi, ya’ni “Mehr-saxovat uyi” 2018 yilda ochilgan. 200 kishiga mo‘ljallangan bu maskanda hozir 100 dan ortiq boshpanasiz odamlar yashaydi.
“Mehr-saxovat uyi”ga kimlar qabul qilinadi?
“Mexr saxovat” uyiga 18 yoshdan yuqori bo‘lgan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, yaqin qarindoshlari bo‘lmagan shaxslar qabul qilinadi.
Kimga murojaat qilish kerak?
Boshpanasiz insonlar “Mehr-saxovat uyi”ga turli yo‘llar orqali kelib qolishadi. Aksariyat hollarda ular ichki ishlar xodimlari tomonidan yoki volontyorlarning xabarlari asosida topiladi.
Shuningdek, uyi, borishga joyi bo‘lmagan fuqarolarning o‘zlari ham “102”ga qo‘ng‘iroq qilishlari yoki hududiy inspektorlarga murojaat qilib markazga olib kelinishi mumkin. Bundan tashqari, saxovat uyi 24/7 rejimda ishlagani uchun odamlar istagan vaqtida u yerga o‘zlari borishlari ham mumkin.
Ma’lumotlar bazasi yordamida fuqaroning shaxsi aniqlashtiriladi. Haqiqatan ham boshpanasiz qolgan, yashashga boshqa joyi yo‘q, qarindosh-urug‘lari ham yo‘q bo‘lsa, “Mehr-saxovat uyi”ga joylashtiriladi.
Markaz qanday yordam beradi?
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar reabilitatsiya markaziga qabul qilingach, dastlab ularning fotosuratlari va barmoq izlari olinib, tibbiy va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va ularga kiyim-kechaklar beriladi.
Kiyim-kechakdan tashqari, yashovchilarga har kuni 3 mahal ovqat, bazaviy dori-darmonlar ham beriladi. Qolaversa, pasport yoki pensiya hujjatlari bo‘lmaganlarga hujjatlar tiklanishida amaliy yordam ham ko‘rsatiladi. Ular keyinchalik ish bilan ham ta’minlanadi.
Ma’lum qilinishicha, shu vaqtgacha pasporti tiklab berilgan jami fuqarolar soni 1 064 nafarni, ishga joylashtirilganlari 824 nafarni, nafaqa rasmiylashtirib berilganlari esa 58 nafarni tashkil etadi.
IIBB Axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyevaning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda saxovat uyini kengaytirish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti, kelgusida hozirgi markazning yoniga yana bitta bino qurilishi rejalashtirilgan.