«Chelsi» sotdi va sotib oldi. Yevropada so‘nggi haftada yana o‘nlab transferlar

Sport 17:15 / 14.08.2022 17477

Timo Verner: «Chelsi» → «RB Leypsig» (20 mln yevro)

Ikki yil muqaddam «Lepytsig» Vernerni 53 mln yevro evaziga «Chelsi»ga sotgandi. Bu transferni Roman Abramovich davridagi eng muvaffaqiyatsizlaridan biri deb atash mumkin. «Leypsig»da Timo o‘rtacha 1,7 o‘yinda bitta gol urgan bo‘lsa, «Chelsi»da uning ko‘rsatkichlari juda tushib ketdi — u endi bir gol urishi uchun 3,9 o‘yin talab etildi. Endi inglizlar klubi forvardni qariyb sotib olganidan uch barobar arzonga sotdi. Nemis futbolchisida yana to‘purarlik qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud, unga endi Domeniko Tedesko murabbiylik qiladi.

Mark Kukurelya: «Brayton» → «Chelsi» (65,3 mln yevro)

Bir hafta muqaddam taniqli insayder Fabritsio Romano «Chelsi» qanot himoyachisi Kukurelya transferi borasida kelishib olganini xabar qilgandi. Lekin «Brayton» matbuot xizmati bu ma’lumotni rad etdi va hech qanday kelishuv yo‘qligini ma’lum qildi. Bir kun o‘tib esa ispaniyalik futbolchi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tib, londonliklar klubi bilan olti yillik shartnoma imzoladi.

Kelishuv imzolangach Kukurelya dunyoning eng yaxshi klublaridan biriga o‘tganidan xursand ekanini aytdi. O‘tgan mavsumda Kukurelya «Brayton» safida 39 o‘yinda maydonga tushib «gol+pas» tizimida 3 (1+2) ball ishlagandi.

Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

Gonsalu Gedesh: «Valensiya» → «Vulverhempton» (32,6 mln yevro)

«Valensiya»ga to‘rt yilini bag‘ishlagan portugaliyalik Gonsalu Gedesh vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi. U safida bir qator vatandoshlari o‘ynayotgan klubga kelib qo‘shildi. APLning 1-turida «Lids»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:2) «Vulverhempton» tarkibida birato‘la to‘rt nafar portugaliyalik o‘ynadi (yana biri zaxira o‘rindig‘ida edi). Bu klubni boshqarayotgan murabbiy ham Gedeshning vatandoshi — Brunu Lajye. Shunday ekan, 25 yoshli futbolchida moslashish bo‘yicha muammo bo‘lmasligi kerak. O‘tgan mavsumda u «Valensiya» uchun 42 o‘yinda 13 gol urgan va olti assist amalga oshirgan.

Filip Kostich: «Ayntraxt» → «Yuventus» (12 mln yevro)

Serbiyalik futbolchi 2014 yildan buyon Bundesliga klublari safida o‘ynab keladi. U jami uch klub («Shtutgart», «Hamburg», «Ayntraxt») safidagi ishtirokdan keyin, 30 yoshida chempionatni o‘zgartirdi. Kostich o‘tgan mavsumda «Ayntraxt» safida Yevropa Ligasida g‘alaba qozondi va barcha turnirlar doirasidagi 42 o‘yinda «gol+pas» tizimida 22 (7+15) ball ishladi.

Nemislar klubi bosh murabbiyi Oliver Glasner futbolchining ketishidan xafa bo‘lganini yashirmadi: «Ko‘zlarimda yosh. Kostich biz uchun juda qadrli edi va uning ketishi bizni ranjitmay qo‘ymaydi. Men unga «Ayntraxt»ni tark etishni istasa, bu ishni qahramonlardek qilishi kerakligini aytgandim. O‘ylaymanki, u buni uddaladi, chunki u Yevropa Ligasining o‘tgan mavsumidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi».

Lukas Torreyra: «Arsenal» → «Galatasaroy» (6 mln yevro)

Ushbu urugvaylik yarimhimoyachi 2018 yildan buyon «Arsenal» a’zosi, ammo so‘nggi ikki mavsumda ijaraga berildi («Atletiko», «Fiorentina»). «Galatasaroy» esa 26 yoshli futbolchi uchun 6 mln yevro to‘ladi va u bilan to‘rt yillik shartnoma imzoladi. O‘tgan mavsumda Torreyra Italiya chempionatida beshta gol urgan, bu esa tayanch yarimhimoyachi pozitsiyasidagi futbolchi uchun juda yaxshi natija.

«Galatasaroy» bu yozda bir qator yaxshi xaridlarni amalga oshirdi, chunki jamoa o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin yana elita safiga qaytishi kerak.

Antoni Modest: «Kyoln» → «Borussiya» D (5,1 mln yevro)

Sebasten Allerning kasalligi haqida ma’lum bo‘lgach, «Borussiya» yangi forvard qidirishga tushdi. Dortmundliklar qimmat bo‘lmagan variantni afzal ko‘rishdi va 34 yoshli Modestni safga qo‘shib olishdi.

Fransuz futbolchisi Germaniyada katta tajribaga ega («Hoffenhaym» va «Kyoln» uchun 200 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan) hamda o‘tgan mavsumda ham yaxshi statistika qayd etgan. O‘shanda Antoni 35 o‘yinda raqiblar darvozasini 23 bor ishg‘ol etib, yana to‘rt golga hammualliflik qilgandi. Futbolchi bilan bir yillik shartnoma imzolangan, Aller reabilitatsiya jarayonidan o‘tib keyingi mavsumga safga qaytishi ko‘zda tutilgan.

Foto: ALEX GRIMM/GETTY IMAGES

Jorjino Veynaldum: «PSJ» → «Roma» (ijara)

Niderlandiyalik futbolchi yangi mavsumni Italiyada o‘tkazadi. Agar futbolchi o‘yinlarning yarmida maydonga tushsa va klub u bilan YeChLga yo‘llanma olsa, «Roma» uning transfer huquqini sotib oladi. Jurnalist Skiraning ma’lumotiga ko‘ra, parijliklar Veynaldumning maoshining 40 foiz qismini to‘lashda davom etadi.

Italiya chempionatida yuqori o‘rinlardan birini egallashni maqsad qilgan «Roma» uchun yomon transfer emas. Veynaldumning o‘zi Rimga kelgach, bu klubga o‘tishdan oldin Muhammad Saloh va Kevin Strotman bilan gaplashgani va ular rimliklar klubi haqida juda ko‘p yaxshi fikrlar bildirishganini aytdi.

Foto: LUCIANO ROSSI/GETTY IMAGES

Isko: «Real» → «Sevilya» (erkin agent)

Ispaniyalik «Real»da qariyb 10 yilini o‘tkazdi, 200 dan ortiq o‘yinda maydonga tushdi va erkin agent maqomida ketdi. O‘tgan mavsumda ushbu yarimhimoyachi maydonda atigi 407 o‘tkazgan (YeChL o‘yinlarida biror marta o‘ynamagan), shu tufayli uning madridliklar safini tark etishi muqarrar bo‘lib qolgandi.

«Sevilya»ga o‘tgach, futbolchi ushbu klubning o‘yin uslubi o‘ziga juda ma’qul ekanini aytdi. Shuningdek, o‘z darajasini namoyon etish maqsadida kelganini bildirdi. Qayd etish kerakki, Isko butun faoliyati davomida faqat o‘z vatani chempionatida o‘ynamoqda.

Dris Mertens: «Napoli» → «Galatasaroy» (erkin agent)

Belgiyalik futbolchi Italiyada o‘tgan to‘qqiz yildan (qariyb 400 o‘yin) keyin «Napoli»ni tark etdi. Mertens Neapolda tug‘ilgan o‘g‘lini tizzasiga o‘tirg‘izgan holda videorolik yozdi. Dris Italiya janubidagi uyini sotmoqchi emasligini aytdi va «Napoli» muxlislari bilan vaqtincha xayrlashdi.

Shundan keyin futbolchi «Galatasaroy» bilan bir yillik shartnoma imzoladi. O‘tgan mavsumda Dris A Seriyaning 30 o‘yinida 11 gol urgandi, uning yangi klubi esa Turkiya chempionatida juda yomon mavsum o‘tkazgan (13-o‘rin).

Foto: GALATASARAY.ORG

Aleksis Sanches: «Inter» → «Marsel» (erkin agent)

«Inter» yozgi transferlar oynasi davomida maoshlar vedomostini qisqartirish ustida faol ish olib bordi. Asosiy muammo Arturo Vidal va Aleksis Sanchesning shartnomalarida edi. Yakunda milanliklar klubi ikki chililik futbolchi bilan xayrlashdi. Vidal avvalroq Braziliyaga yo‘l olgandi, Sanches esa shu kunlarda fransuz chempionatiga o‘tdi. Aleksis A Seriyaning o‘tgan mavsumida maydonda atigi 793 daqiqa o‘tkazdi, «Marsel»da u ko‘proq imkoniyat berilishidan umid qilmoqda. Fransuzlar klubi fanatlari ushbu transferni juda yaxshi qarshilashdi va yangi futbolchini kutib olish uchun ko‘chalarni to‘ldirishdi.

Aleksey Miranchuk: «Atalanta» → «Torino» (ijara)

Rossiyalik yarimhimoyachi nihoyat klubini o‘zgartirdi va top-chempionatda qoldi. «Torino» Miranchukni mavsum yakuniga qadar ijaraga oldi, turinliklar uni 12 mln yevroga transfer qilish huquqiga ega. Klublar o‘rtasidagi muzokaralar oson kechmadi, ammo yakunda Aleksey baribir «Atalanta»ni tark etdi. «Torino» bosh murabbiyi Ivan Yurich rossiyalik futbolchi Jan Pero Gasperini qo‘l ostida o‘ynaganini yuqori baholadi. Xorvatiyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Miranchukka moslashish uchun ko‘p vaqt ketmaydi va u boshlang‘ich tarkibga kirishi mumkin. Alekseyning agenti Vadim Shpinyov «Chempionat» bilan suhbatda «Atalanta» rahbariyati bu kelishuvga faqat futbolchiga hurmat yuzasidan rozi bo‘lganini aytdi. Imij va moliyaviy jihatdan bergamoliklar uchun bu foydasiz transfer bo‘lgan.

Nikola Vlashich: «Vest Hem» → «Torino» (ijara)

RPL chempionatida to‘p surgan yana bir futbolchi turinliklar klubida paydo bo‘ldi. Vlashichning «Vest Hem»dagi ishlari yurishmadi (31 o‘yin, bir gol, ikki golli uzatma), va endi unda faoliyatini qayta jonlantirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Jurnalist Nikolo Skiraning ma’lumotiga ko‘ra, xorvatiyalik yarimhimoyachi yangi klubiga o‘tish uchun shartnomasi kamayishiga rozi bo‘lgan. Miranchuk shartnoma imzolashidan bir kun oldin Vlashich bilan uchrashgan. Shpinyovning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar bir-biri bilan iliq salomlashgan va rus tilida gaplashishgan: «Nikola juda mamnun edi, yigitlar bir-birini juda yaxshi qarshiladi, quchoqlashishdi, axir Nikola ruschada juda yaxshi gaplasha oladi. Ular ko‘rishganlaridan juda xursand edi».

Boshqa transferlar:

  • Benyamin Sheshko: «Zalsburg» → «RB Leypsig» (24 mln yevro, shartnoma 2023/2024 yilgi mavsumdan kuchga kiradi);
  • Andrea Pinamonti: «Inter» → «Sassuolo» (20 mln yevro);
  • Issa Diop: «Vest Hem» → «Fulhem» (17,8 mln yevro);
  • Mikkel Damsgor: «Sampdoriya» → «Brentford» (15 mln yevro);
  • Ivan Provedel: «Spetsiya» → «Latsio» (2 mln yevro);
  • Daniel Vass: «Atletiko → «Brondbyu» (1,75 mln yevro);
  • Anxelino: «RB Leypsig» → «Hoffenhaym» (ijara);
  • Ismaili: «Shaxtyor» → «Lill» (erkin agent);
  • Marlon: «Shaxtyor» → «Monsa» (ijara);
  • Neto: «Barselona» → «Bornmut» (erkin agent);
  • Konor Koudi: «Vulverhempton» → «Everton» (ijara);
  • Malang Sarr: «Chelsi» → «Monako» (ijara);
  • Pablo Mari: «Arsenal» → «Monsa» (ijara);
  • Antonio Kandreva: «Sampdoriya» → «Salernitana» (ijara);
  • Salvatore Sirigu: «Jyenoa» → «Napoli» (erkin agent).
Ko‘proq yangiliklar: