O‘zbekistonda intellektual mulk himoyasi va uni tijoratlashtirish - Shohjahon Xo‘jayev bilan intervyu

O‘zbekiston 17:22 / 13.08.2022 12440

O‘zbekistonda ayni kunda davom etayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish jarayonida intellektual mulkka bo‘lgan huquq muhofazasiga doir takliflar ham bor. Xususan, asosiy qomusning 36-moddasi Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega, – deya to‘ldirilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu mavzu aktual bo‘lib bormoqda. Shu o‘rinda intellektual mulk tushunchasi, uning himoyasi hamda huquqiy kafolatlari mavzusida Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Shohjahon Xo‘jayev bilan suhbatlashdik.

Assalomu alaykum, Shohjahon aka! Avvalo, intellektual mulk tushunchasiga izoh berib o‘tsangiz. Nimalar intellektual mulk hisoblanadi?

— Intellektual mulk aqliy yoki ijodiy faoliyat mahsuli sanaladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu mahsulotga nisbatan huquqni anglatadi. Misol uchun, adib tomonidan yozilgan asar yoki roman, rassom tomonidan chizilgan surat, olim tomonidan yaratilgan ixtiroga bo‘lgan huquq. Oddiy mulkdan farqli o‘laroq, intellektual mulk biron bir moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmasligi ham mumkin (masalan, xoreografiya asari yoki pantomima). Intellektual mulk keng qamrovli tushuncha bo‘lib, unga quyidagilar kiradi:

  • mualliflik huquqi (fan, adabiyot va san’at asarlari);
  • turdosh huquqlar (ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari);
  • sanoat mulki (ixtiro, foydali model va sanoat namunalari);
  • EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;
  • shaxsiylashtirish vositalari (firma nomlari, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi, geografik ko‘rsatkichlar);
  • seleksiya yutuqlari (o‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlari);
  • oshkor etilmagan axborot, ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);
  • integral mikrosxema topologiyalari.

Ijtimoiy tarmoq, Telegram-kanallardagi shaxsiy fikrlar yozilgan postlar, shaxsiy fotosuratlar ham intellektual mulk hisoblanadimi?

— Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ijodiy mehnat natijasida yaratilgan asar intellektual mulk sifatida himoya qilinadi. Mazkur holatda, agar post ijodiy tusga ega bo‘lsa, u himoya qilinadi. Deylik, post o‘ziga xos ravishda ifodalangan, ya’ni yozilgan bo‘lsa, u intellektual mulk hisoblanadi. Biroq oddiy axborot ko‘rinishidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar intellektual mulk hisoblanmaydi. Binobarin, postda oddiy axborot yoki yangilik aks etgan bo‘lsa, u intellektual mulk bo‘lmaydi.

Fotosurat masalasiga keladigan bo‘lsak, qonunchilikka muvofiq, fotosurat nafaqat intellektual mulk, balki shaxsga doir ma’lumot ham sanaladi. Shaxsning fotosuratini uning roziligisiz tarqatish yoki undan foydalanish taqiqlanadi. Ko‘p ijtimoiy tarmoqlar (Facebook,Twitter) foydalanuvchilari kelishuviga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mazkur kelishuvlarda tarmoq foydalanuvchisi tomonidan joylashtirilgan kontent, jumladan fotosurat muallifi, qoida tariqasida, uni joylashtirgan foydalanuvchi hisoblanishi ko‘rsatib o‘tiladi. Demak, o‘zining fotosuratini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan shaxs uning muallifi hisoblanadi.

O‘zbekistonda intellektual mulk huquqiy jihatdan yetarli darajada himoyalanganmi?

O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish yuzasidan huquqiy tizim yaratilgan. Jumladan, intellektual mulkni bevosita tartibga solishga qaratilgan 8 ta qonun va o‘ndan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, so‘nggi yillarda ijodkorlarning huquqlari sudda himoya qilinayotgani bunga yaqqol misoldir.

O‘zbekiston intellektual mulk sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan hamda xalqaro standartlarni implementatsiya qilmoqda. Bu sohada oldimizda turgan asosiy masalalardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk tizimining Jahon savdo tashkiloti (JST) Intellektual mulk huquqi savdo aspektlari bo‘yicha bitim (TRIPS) normalari va tamoyillariga muvofiqligini tahlil qilish hisoblanadi. Mazkur bitim JSTga qo‘shilish yuzasidan qo‘yilishi kerak bo‘lgan muhim qadam bo‘lib, unga a’zo barcha mamlakatlar boshqa a’zo mamlakatlar fuqarolari ham o‘zlarining fuqarolari kabi huquqiy himoya qilinishini talab etadi.

Intellektual mulk himoyasi va mualliflik huquqi masalalarida qaysi tashkilot «asosiy ish»ni bajaradi?

Umuman olganda, intellektual mulk sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hisoblanadi. Vazirlik intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qiladi va muhofaza qiladi. Fuqaro yoki tadbirkor intellektual mulk himoyasi yoki muhofazasi yuzasidan aynan Adliya vazirligiga murojaat qilishi mumkin.

Boshqa davlat organlari ham intellektual mulk himoyasida ishtirok etadi. Jumladan, bojxona organlari bojxona chegarasi orqali tovarlar olib kirilishida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi esa fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatishda intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini tekshiradi.

Bundan tashqari, mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlarni ham esga olish lozim. Ular nodavlat tashkilotlari bo‘lib, unga a’zo mualliflar huquqlarini himoya qiladi. Bu tashkilotlar jahon tajribasida mualliflik huquqini himoya qiluvchi eng samarali vositalardan biri sanaladi.

Fuqarolar yoki tadbirkorlar o‘zlariga tegishli deb hisoblagan intellektual mulkni qanday qilib tijoratlashtirishlari mumkin?

Intellektual mulk tijoratlashtirishning bir nechta usullari mavjud. Eng ko‘p tarqalgan usul bu – intellektual mulkdan foydalanish yuzasidan shartnoma tuzish. Misol uchun, tovar belgisining egasi o‘zining tovar belgisidan boshqa tadbirkor foydalanishi uchun franshiza yoki litsenziya shartnomasini tuzishi va undan foyda olishi mumkin. Ko‘plab mashhur brendlar aynan franshiza tufayli ko‘plab foyda oladilar. Xususan, “Coca-Cola”, “KFC” va “Dodo Pitssa” kabi brendlar O‘zbekistonda aynan franshiza asosida faoliyat boradi.

Yana bir usullardan biri – intellektual mulkka asoslangan korxonalarni tuzish yoki biznesni yo‘lga qo‘yish. Bu usul ko‘proq sanoat mulki (ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasi) egalariga taalluqli. Ya’ni ixtiro egasi o‘z ixtirosini mahsulot ko‘rinishida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi va bundan foyda olishi mumkin.

E’tiborli jihati shundaki, intellektual mulk yuridik shaxsning ustav fondiga ulush sifatida kiritilishi mumkin. Misol uchun, huquq egasi intellektual mulkni MChJ yoki aksiyadorlik jamiyatining ustav fondini shakllantirish uchun taqdim etishi mumkin.

Bundan tashqari, ilmiy-innovatsion faoliyatga investitsiyalarni ham jalb qilish mumkin. Bunday faoliyat bilan venchur fondlari shug‘ullanadi. Ya’ni intellektual mulk egasi o‘z mahsulotiga venchur fondi e’tiborini jalb qilishi va bu orqali faoliyatini moliyalashtirishi mumkin.

O‘zbekistonliklarga elektron yoki boshqa xizmatlarni ko‘rsatayotgan, shuningdek mahsulot yetkazib berayotgan xorijiy korxonalarning intellektual mulklari qay darajada himoya qilingan?

— Intellektual mulk himoyasining asosiy jihati hududiylikdir. Qoida tariqasida, intellektual mulkning muhofazasi va himoyasi muayyan davlat yoki hudud bilan cheklangan. Xorijiy korxonalarning intellektual mulkini muhofaza qilishda ikkita asosiy yondashuvni belgilash mumkin.

Birinchisi – xalqaro hujjatlar orqali muhofaza qilish. Bern va Parij konvensiyalarida davlatlar intellektual mulk muhofazasini eng samarali va bir xil usullar vositasida ta’minlashi lozimligiga e’tibor qaratilgan. Shularni inobatga olgan holda O‘zbekiston MDH doirasida hamda Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Ozarboyjon, Gruziya va Turkiya bilan o‘zaro xalqaro kelishuvlarni imzolagan. Mazkur hujjatlarga muvofiq, tegishli mamlakatlar korxonalarining intellektual mulklari O‘zbekistonda muhofaza qilinadi.

Ikkinchisi – intellektual mulk huquqlarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish. Bu, asosan, tovar belgilariga taalluqli. Xorijiy korxonalar Madrid tizimi orqali O‘zbekistonda o‘ziga tegishli tovar belgilarini himoya qilishi mumkin. Madrid tizimi tovar belgilarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tizim bo‘lib, xorijiy korxonalarga mahalliy korxonalar kabi o‘z tovar belgisini himoya qilishga imkon beradi. Xuddi shuningdek, mazkur usul o‘zbek brendlarini xorijda himoya qilishga imkon beradi. Misol uchun, “EVOS” brendi hozirda 12 ta mamlakatda himoya qilinadi.

Mazkur holatda xorijiy korxonalar O‘zbekistonda muhofaza qilinadigan intellektual mulkiga bo‘lgan huquqlari buzilganda Adliya vazirligiga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bu sohaga qanday o‘zgarishlar olib kelishi kutilmoqda?

— Konstitutsiyaning amaldagi qoidalarida intellektual mulk alohida ko‘rsatib o‘tilmagan, ijodiy va innovatsion faoliyatni himoya qilish yetarli darajada kafolatlanmagan. Shuning uchun intellektual mulkka bo‘lgan huquqni Konstitutsiyada belgilash bizga intellektual mulkning oddiy mulk qatori tan olinishiga, uni daromad keltiradigan manba sifatida ko‘rib chiqishga imkon beradi. Bu bilim, innovatsiya va ijodiy natijalarga investitsiyalarni jalb qilishda ham yordam beradi.

Rivojlangan mamlakatlarda intellektual mulk innovatsion iqtisodiyotning asosi bo‘lib bormoqda. Masalan, AQShda so‘nggi besh yil ichida ichki iqtisodiy faoliyat yoki ishlab chiqarish hajmining 40 foizdan ortig‘i intellektual mulk obektlaridan intensiv foydalangan kompaniyalar hisobiga to‘g‘ri keldi. Ushbu kompaniyalar 2019 yilda 62,5 million ish joyini yoki mamlakat bandligining 44 foizini ta’minlagan. Intellektual mulk, xususan tovar belgilari (brendlar) kompaniyalarga mashhur bo‘lishga va daromadlarini oshirishga yordam beradi. Masalan, 2022 yil boshida Apple brendining qiymati 355 milliard, Amazon'niki – 350 milliard, Google'niki – 263 milliard, Microsoft'niki esa 184 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.

Konstitutsiyada intellektual mulk huquqining tan olinishi va himoya qilinishi ilmiy-ijodiy faoliyatni rag‘batlantirishga turtki bo‘ladi. Davlat nafaqat intellektual mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini tan oladi, balki himoya qiladi. Shu munosabat bilan muallif yoki huquq egasi yangi intellektual mulk obektlarini yaratishga qiziqadi, mahalliy tadbirkorlar o‘z brendini yaratishga manfaatdor bo‘ladi.

O‘z navbatida, intellektual mulk huquqlarining konstitutsiyaviy kafolati ilm-fan, adabiyot va san’at taraqqiyotining poydevori hisoblanadi, chunki bu soha vakillarining huquqlari davlatning asosiy Qonuni darajasida himoya qilinadi.

— Fuqarolarning bu boradagi savodxonligini oshirish yuzasidan qanday ishlar qilinmoqda?

— So‘nggi yillarda intellektual mulk sohasida aholi savodxonligini oshirish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, har yili an’anaviy ravishda, fevral-mart oylarida “Kontrafaksiz” oyligi o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur oylik davomida bozorlar, yirik savdo majmualari va ko‘chma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishiga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi. 2022 yilda o‘tkazilgan tadbirda 2 mingdan ortiq kontrafakt mahsulotlar sotilayotgani aniqlandi va hozir bu mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga qonun doirasida chora ko‘rish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Demak, mazkur tadbirlar doirasida nafaqat huquqbuzarliklar aniqlanadi, balki huquqiy yechim tavsiya etiladi.

Bundan tashqari yaqinda 2022–2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Unda ham jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va aholining huquqiy madaniyatini oshirish muhim yo‘nalishlardan biri deb ko‘rsatildi. Xususan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun intellektual mulkka oid o‘quv kurslarini tashkil qilish, intellektual mulk sohasi bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazuvchi jurnalistlar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: