Nega Italiyadagi politsiya idoralariga bittadan o‘ta tezkor Lamborghini avtomobili beriladi? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj

O‘zbekiston 13:12 / 13.08.2022 19626

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Muhammadxo‘ja Ahmedov - tarjimon;
  • Sohib Jontoyev - buxgalter;
  • Abbos Salaydinov - huquqshunos (jamoa sardori);
  • Muhiddin Usmonov - muhandis;
  • Temurbek Tursunqulov - Toshkent tibbiyot akademiyasi magistranti;
  • Bobur Maksimov - huquqshunos.

2022 yil yozgi mavsumning so‘nggi o‘yinida Abbos Salaydinov jamoasi ishtirok etdi. O‘tgan mavsumda sensatsiya ko‘rsatib, finalga chiqqan jamoadan bu mavsumda ham muxlislar chiroyli natija kutdi. Jamoa bu mavsumda finalga chiqishi uchun kamida 6:4 hisobida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

1-raundda Italiyadagi politsiya idoralariga nega bittadan o‘ta tezkor Lamborghini Huracan avtomobili berilishi haqida savol o‘ynaldi. Muhokama boshidanoq jamoada to‘g‘ri variant yangragan bo‘lsa-da, afsuski yakunda boshqa noto‘g‘ri variant berib yuborildi. Shunday qilib, o‘yin biroz ko‘ngilsiz holat bilan boshlandi. Hisob – 0:1.

2-raundda ham jamoaning ishlari yurishavermadi. XIX asrda Yevropaning ko‘p shaharlarida bolalar o‘ynaydigan qumli maydonchalar kimlar tomonidan qurilgan degan savolga jamoada tayinli variant bo‘lmadi va jamoa klub yordamini olishga qaror qildi. Klub yordami qo‘l keldi jamoa ilk ochkosini ishlab oldi. Hisob – 1:1.

3-raund savoli XVI asrda qulday faoliyat olib borgan va tazyiqlarga uchragach, cherkovdan panoh topgan kasb egalari haqida bo‘ldi. Jamoa ushbu savolga ham javob topa olmadi va hisob teletomoshabinlar tomoniga og‘di – 1:2.

Navbatdagi raund savolida “Zakovat” sandiqchasi olib chiqilib, Turkiyaning Gaziantep provinsiyasidagi katta-katta g‘orlarda sandiqcha ichidagi narsa yasalgani aytildi. Bu savolda ham muhokama so‘ngida to‘g‘ri variant aytildi, biroq jamoa yana boshqa variantda to‘xtaldi. Shunday qilib, ikkinchi to‘g‘ri variant ham qo‘ldan chiqdi va hisob 1:3 ko‘rinishini oldi.

5-raundda amirlik davrida Buxoro arki darvozasining ayvonida bir toifa kishilar tun-u kun shahar ahliga qanday xizmat ko‘rsatgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolda jamoa to‘g‘ri javobga ancha yaqin borgan bo‘lsa-da, baribir aniq javobga yetib bora olmadi. Natijada hisob yiriklashdi – 1:4.

Keyingi raundda Misr avtobuslarida o‘rindiqlardan teparoqda nega quti o‘rnatilishi haqida savol o‘ynaldi. Bu savolga jamoaning faol a’zolaridan biri Muhiddin Usmonov qiyinchiliksiz javob topdi va jamoasi ahvolini biroz yengillashtirdi. Hisob – 2:4.

7-raund savoliga biroz oddiyroq yondashish kerak bo‘lsa-da, bilimdonlar chuqurlashib ketdi. XIX asrda ingliz zodagonlari teridan tikilgan oyoq kiyim va boshqa bir qator maxsus kiyimlarni kiyib qayerga borgani haqidagi savolga to‘g‘ri variant aytilgan bo‘lsa-da, yakunda yana boshqa javob berib yuborildi. Bu esa yana hisobni yirik va tahlikali ko‘rinishga keltirib qo‘ydi – 2:5.

8-raundda blits savollari tushdi. Blits savollari mashhurlarning bolalikdagi suratlari haqida bo‘ldi. Birinchi savoldan muvaffaqiyatli o‘tib olgan jamoa 2-savolda noto‘g‘ri javob berdi va o‘yin kutilmaganda shu yerda yakuniga yetdi. Hisob – 2:6.

Afsuski, jamoa final o‘yiniga yo‘llanma ololmagani yetmaganday teleo‘yinni ham tark etadigan bo‘ldi. Avvalgi mavsumda yorqin o‘yin ko‘rsatgan jamoa bu safar negadir o‘ziga o‘xshamadi. Jamoa sardorining ayrim o‘rinlardagi xatosi va boshqa bilimdonlarning bo‘sh o‘yini yakunda o‘z so‘zini aytdi va jamoaning yirik hisobdagi mag‘lubiyatiga sabab bo‘lddi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1️ -raund. Savol muallifi - Diyorbek Mamarasulov, Farg‘ona shahri.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang. Siz ekranda ko‘rib turgan  Lamborghini Huracan avtomobili. Italiyadagi politsiya idoralarida, albatta, bitta bo‘lsa ham bu kabi avtomobil bo‘lar ekan. Old yuk xonasi muzlatkichga aylantirilgan va maxsus signallar bilan jihozlangan.

Diqqat savol: O‘ta tez harakatlanuvchi bu mashinalardan politsiya nima maqsadda foydalangan?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Politsiya jinoyat joyidan barmoq izlari olingandan keyin tez harakat qilgan.

To‘g‘ri javob: Bu avtomobillardan donorlik a’zolarini tezda va o‘z holida yetkazib berish uchun foydalanilgan.

Hisob: 0️ - 1️

Savol muallifi Diyorbek Mamarasulov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2️-raund. Savol muallifi - Pahlavon Rasulov, Furqat tumani.

Boshlovchi: Zakovat sandiqchasi olib chiqilsin.

XIX asrda Yevropaning ko‘p shaharlarida bolalar o‘ynaydigan qumli maydonchalar qurila boshlangan. Qumli maydonchalarda bolalar maroq bilan o‘ynashganini ko‘rib, bunday maydonchalar juda ko‘p yerlarda qurilgan.

Diqqat savol: Bu qumli maydonchalarni qurib bergan kishilarni topishingiz kerak. Shundan kelib chiqib sandiqcha ichida nima borligini ayting?

Jamoa klub yordamidan foydalanadi

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Sovun.

To‘g‘ri javob: Sovun edi. Bolalar qumda o‘ynab, ust-boshi kir bo‘lgan.

Hisob: 1️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3️-raund. Savol muallifi - Azamat Boyzaqov, G‘allaorol tumani.

Boshlovchi: XVI asrda bu kasb egalari qulday faoliyat olib borishgan. Ishdagi oddiy xatolik uchun ularni qamoqqa tiqishgan yo qatl qilishgan. Ular odatda bu tazyiqlardan qochib cherkovlardan panoh topishgan. Natijada, bugungi kunda ham ularning ko‘rinishidan cherkovning isi kelib turadi.

Diqqat savol: Bu kasb egalarini toping?

Javobni Temurbek Tursunqulov beradi: Bizning fikrimizcha, bu kasb egalari sudyalar, ya’ni ularning hozirgi kundagi qora kiyimi cherkov kiyimiga o‘xshaganligi uchun.

To‘g‘ri javob: Bu kasb egalari oshpazlar edi. Ularning uzun qalpoqlari cherkovdan meros.

Hisob: 1️ - 2️

Savol muallifi Azamat Boyzoqov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi!

4️-raund. Savol muallifi - Maqsud Qurbonov, Marhamat tumani.

Boshlovchi: Zakovat sandiqchasi olib chiqilsin. Qadimda Gaziantep provinsiyasi katta-katta g‘orlari bilan mashhur bo‘lgan. U yerlik ustalar sandiqchadagini yasashga usta bo‘lishgan. Hozir uni yasovchilar kamayib ketishgan. Aytishlaricha, faqat 68 yoshli Mahmud usta Ali Majid ularni yasay olarkan. Sizga yordam: qadimdan uni katta-katta g‘orlarda yasashgan.

Diqqat savol: Mahmud usta nima yasash bilan shug‘ullangan?

Javobni Muhammadxo‘ja Ahmedov beradi: G‘orlarda chang kam bo‘lganligi uchun ko‘zgu yasashgan deb o‘yladik.

To‘g‘ri javob: Bunday katta g‘orlarda arqon to‘qishgan.

Hisob: 1️ - 3️

Savol muallifi Maqsud Qurbonov 3 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi!

5-raund. Savol muallifi - Karamiddin Pardaboyev, Xo‘jayli tumani.

Boshlovchi: Marhamat, ekrandagi suratga qarang. Suratda Buxoro arkining kirish darvozasi. Darvozaning ayvonini ko‘ryapsiz. Qiziq joyi, bir toifa kishilar bu yerda tun-u kun o‘z xizmat vazifasini o‘tagan. Aynan shahar aholisi manfaati uchun xizmat qilgan, amir uchun emas.

Diqqat savol: Bu toifa kishilari kim va ularning aniq vazifasini ayting?

Javobni Temurbek Tursunqulov beradi: Bu kasb egalari muazzinlar, odamlarni namozga chaqirgan 5 mahal.

To‘g‘ri javob: Bu nog‘orachilar edi, ular har soatda odamlarga vaqtni aytib turgan.

Hisob: 1️ - 4️

Savol muallifi Karamiddin Perdebayev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi!

6-raund. Savol muallifi - Gulnoza Hamroqulova, Qashqadaryo viloyati.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Siz ekranda ko‘rib turgan avtobus Misr davlatida shaharlararo qatnaydigan avtobusning ichki ko‘rinishi. Osma qutichalarni ko‘ryapsiz. Bu qutichalar atay qurilgan.

Diqqat savol: Avtobusdagi bu osma qutichalar nega ataylab qurilgan?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Qutichalardan Qur’on kitob solib qo‘yish uchun foydalanilgan. Masofa uzoq bo‘lsa, olib o‘qib ketishi mumkin.

To‘g‘ri javob: Bu qutichalarga yo‘lovchilar uzoq yo‘lda mutolaa qilishlari uchun Qur’on kitob solib qo‘yilgan.

Hisob: 2️ - 4️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi - Saida Usmonova, Toshkent shahridan.

Boshlovchi: XIX asrda ingliz zodagon qo‘llanmalaridan: Teridan tikilgan oyoq kiyim, jundan tikilgan uzun paypoq, bir xil rangdagi ko‘ylak ustidan qalin jyemper, qalin kostyum va albatta, bosh kiyim va paypoq rangi bir xil bo‘lishi kerak.

Diqqat savol: Bu kiyimlarni kiygan kishi qayerga borgan?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Kiyim ranglari bir xil bo‘lishi kerak bo‘lsa, balki jamoaviy sport bo‘lgan polo o‘yiniga borgandir.

To‘g‘ri javob: Bu kiyimlarni kiygan zodagonlar golf maydoniga borgan.

Hisob: 2️ - 5️

Savol muallifi Saida Usmonova 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Blits. Blits savollari muallifi - Qosimxon Ahrorov.

Mavzu: Mashhurlarning yoshlikdagi surati

1-savol:

Boshlovchi: Bu suratda u 19 yoshida tushgan. U fotografiya to‘liq faoliyatini boshlaganda 11 yoshda edi.

Diqqat savol: Siz uning kimligini toping.

Javobni Muhammadxo‘ja Ahmedov beradi: Tolstoy

To‘g‘ri javob: Lev Tolstoy

2-savol:

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bu odam fotografiya to‘liq shakllanganidan 50 yil o‘tib dunyoga kelgan.

Diqqat savol: Siz suratda ko‘rgan shaxs kim?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Sergey Yesenin.

To‘g‘ri javob: Bu Charli Chaplinning yoshligi edi.

Hisob: 2️ - 6️

Savol muallifi - Qosimxon Ahrorov 6 million so‘m pul bilan taqdirlanadi!

Eng yaxshi savol muallifi - Karamaddin Perdebayev.

Karamaddin Perdebayev "Nog‘orachilar" haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Muhiddin Usmonov.

Muhiddin Usmonov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Ko‘proq yangiliklar: