Musayev nega ba’zi davlat tibbiyot muassasalarida narxlar xususiy klinikaga qaraganda qimmatroq ekanini tushuntirdi

O‘zbekiston 12:16 / 13.08.2022 15455

Parlament saytida xabar qilinishicha, ushbu masala yuzasidan deputatlar savollariga sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev javob berdi.

Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Abdurasulovga ko‘ra, davlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat narxlari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan tasdiqlanadi. 

“Raqamlarga nazar solsak. Masalan, Bolalar milliy tibbiyot markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan ba’zi xizmatlar narxi (koyka, laborator tekshiruvlar, UZI va boshqa tahlillar) xususiy klinikalar narxlaridan 2 barobar qimmat. Vaholanki, tumanlardan yo‘llanma (order) bilan kelgan bemorlarga bepul xizmat ko‘rsatilsa-da, ushbu xizmatlar davlat budjetidan qoplab beriladi. Mazkur narxlar hisoblab chiqarilishi uchun asos bormi? Narxlar ustidan kim nazorat olib boradi?” - deya savol bilan yuzlandi u.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevning aytishicha, hozirda sug‘urta tizimi orqali qoplash tizimida tajriba orttirilyapti. Bu bo‘yicha davlat sug‘urta jamg‘armasi bir qator vazirlik va idoralardan iborat boshqaruv kengashi bor. 

“Bir oy avval yig‘ilganimizda bir qancha xarajatlarni optimallashtirishga kelishib oldik. Men siz aytgan misollarga yana qo‘shimcha qilmoqchiman.

Misol uchun, urologiya markazida davolash protokoli bo‘yicha statsionarda davolanish muddati 12 kun deb belgilangan. Hozirgi kunda jahon amaliyoti bo‘yicha urologiya yangi tibbiy texnologiyalar yordamida operatsiya qilinib, uch kundan ortiq davolanishga hojat qolmayapti. 

Bir narsani aytmoqchimanki, Bolalar milliy tibbiyot markazi bugungi kunda 50 foizi davlat budjetidan, 50 foizi “xozraschyot” hisobidan faoliyat olib bormoqda”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davolanish narxi har bir klinikada uning profili, bemorning ahvoli, bajarilgan muolajalar soni va jarrohlik aralashuviga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib farq qiladi.

Qayd etilishicha, belgilangan ta’riflar nafaqat bu markazda, balki boshqa tibbiyot muassasalarida ham ishchi guruhlar tuzilib optimallashtiriladi, soddalashtiriladi va xarajatlarni qisqartirish choralari ko‘riladi.

“Natijada, davlat sug‘urta jamg‘armasiga ajratilgan 556 mlrd so‘m budjet mablag‘idan imtiyozli guruhga kiruvchi kasallarni ko‘proq davolash imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, dedi Behzod Musayev.

Ko‘proq yangiliklar: