Ko‘payib borayotgan iqlim muhojirlari - ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor

Jahon 12:55 / 11.08.2022 46504

Muhojir atamasi o‘z vatanidan ma’lum sabablarga ko‘ra, boshqa hududga ko‘chib ketgan kishilarga nisbatan ishlatiladi. Shu ko‘chib ketish sababi ishlash, mehnat qilish bo‘lganlarga mehnat muhojiri deyilsa, bugun yana bir atama – “iqlim muhojiri” faol qo‘llanilmoqda.

Iqlim muhojirlari kimlar?

Ma’lum bir hudud tabiati asl holatidan o‘zgarib ketib, ortiq odam yashashi qiyin bo‘lgan hududga aylansa, mahalliy aholi u yerni tark eta boshlaydi. Bunday joyda yashash, tirikchilik qilish, hayot kechirish og‘irlashgan yoki umuman ilojsiz bo‘lib qoladi. Qurg‘oqchilik, dengiz sathining ko‘tarilishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining yaroqsiz holga kelishi, toshqinlar odamlarni tirikchilik qilish osonroq hududlarga ko‘chib ketishga majbur qiladi va bundaylarga iqlim muhojirlari deyiladi.

Bu atama insoniyat uchun yangilik emas. Asrlar davomida turli tabiat o‘zgarishlari, muzlik davrlari yoki vulqonlar sabab ham odamlar o‘zlariga qulay joylarga ko‘chib yurishgan.

Foto: Reuters

Eng ko‘p ko‘chishlar yuz berayotgan hududlar

Ichki ko‘chish migratsiya markazi (Internal Displacement Migration Centre)ning 2022 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2021 yil xalqaro miqyosda 38 million ichki ko‘chish qayd etilgan. Buning 23,7 millioniga turli tabiiy ofatlar sabab bo‘lgan. Bu ko‘chishlarning 94 foizdan ortig‘i bo‘ronlar, suv toshqinlari va qurg‘oqchilik kabi ob-havo bilan bog‘liq xavf-xatarlar natijasi bo‘lib, ular asosan Sharqiy Osiyo, Tinch okeani va Janubiy Osiyoda qayd etilgan.

2021 yilda tabiiy ofatlar tufayli eng ko‘p ichki ko‘chishlar Xitoy – 6 million kishi, Filippin – 5,7 million kishi, Hindiston – 4,9 million kishi, Kongo – 888 ming kishi va Vetnam – 780 ming kishiga to‘g‘ri kelgan.

Yaqin 30 yillikdagi ehtimollar

Qurg‘oqchilik va dengiz sathining ko‘tarilishi odamlar hayotiga asta-sekinlik bilan ta’sir qiladi. Jahon bankining Groundswell hisobotiga ko‘ra, agar 2050 yilgacha issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha jiddiy chora ko‘rilmasa, iqlim o‘zgarishi dunyoning olti mintaqasi – Sahroyi kabir, Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani, Shimoliy Afrika, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 216 million odamning ko‘chishiga sabab bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel (The Intergovernmental Panel on Climate Change) 1990 va 2100 yillar oralig‘ida dengiz sathi jami 0,18dan 0,6 metrga ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Va bu bilan bog‘liq muammolar allaqachon boshlangan.

Masalan, Bangladesh aholisining qariyb yarmi dengiz sathidan 5 metr pastroqda yashaydi. 1995 yilda Bangladeshdagi Bhola orolining yarmi dengiz sathining ko‘tarilishi natijasida suv ostida qolib, 500 ming kishi boshpanasidan ajralgan. Taxminlarga ko‘ra, mamlakat 2050 yilga borib suv toshqinlari sabab yerlarining 17 foizini yo‘qotadi. Bu Bangladeshda 20 millionga yaqin iqlimiy qochqinlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, Hind okeanida joylashgan Maldiv, Marshal orollari va Italiyada joylashgan Venetsiya shahri ham suv ostiga g‘arq bo‘layotgan hududlar orasida oldingi o‘rinlarda turadi.

Foto: Reuters

Suv sathi ko‘tarilishi bilan quruq yerlarning tobora cho‘llashib borishi ham davom etyapti. Masalan, Xitoydagi Gobi cho‘li har yili 3600 kvadrat kilometrga kengaymoqda. Natijada dehqonchilik hududi cho‘lga aylanayotgan aholi yashash uchun Xitoyning boshqa shaharlariga ko‘chib ketishmoqda.

Foto: Reuters

Marokash, Tunis va Liviya esa har yili cho‘llanmish sabab 1000 kvadrat kilometrdan ko‘proq unumdor yerlarini yo‘qotmoqda. Aholi esa Afrikaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Mag‘rib yoki Yevropadan boshpana izlashga majbur bo‘lmoqda.

Orol sabab bo‘layotgan iqlim muhojirlari

Markaziy Osiyoda aholining asosiy qismi qishloqlarda yashaydi. Mintaqaning ayrim davlatlarida yalpi ichki mahsulotining 45 foizigacha qismi, ish o‘rinlarining 20-50 foizigacha qismi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Bu Markaziy Osiyoning o‘z yerlaridan ko‘proq xavotirlanishi kerakligiga ishora. Mintaqada kuzatilayotgan qurg‘oqchilik va boshqa ekstremal ob-havo sharoiti suv resurslarining cheklanishiga va yerning degradatsiyasiga olib kelmoqda. Bu esa ko‘chishlarni tezlashtiradi.

Xususan, O‘zbekiston Orol dengizining qurishi Qoraqalpog‘iston aholisining yashash sharoitlariga jiddiy ta’sir qilmoqda. Orolning janubida joylashgan Mo‘ynoq tumani esa dengizning qurishidan eng ko‘p aziyat chekadigan hudud bo‘lib qolmoqda.

Hukumat tuman aholisi yashash sharoitlarini yaxshilash uchun choralar ko‘rmoqda. Masalan, 2021 yilda tuman aholisiga 5 million so‘mdan tarqatilgan bir martalik yordam puli, “Mo‘ynoqqa madad” xayriya ekovelomarafoni va boshqa qator iqtisodiy choralar ma’lum ma’noda ularni rag‘batlantirgan. Lekin hudud ekologiyasini yaxshilash imkonsizligicha qolmoqda. Bu o‘z-o‘zidan aholining o‘z yerlarini tashlab ketishiga, iqlim muhojirlarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘laveradi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: