Jurnalistlar juda ko‘p qalamga olgan «mardikorlar bozori» ham xuddi shunday, har lahzada «yong‘in» kelib chiqish xavfi mavjud bo‘lgan hudud ekanligini bu yerga borgan inson juda yaxshi biladi. Bu maskanda jamiyat qoidalaridan ko‘ra, ko‘proq bozor, to‘g‘rirog‘i, ibtidoiy qoidalar ishlaydi. Kim kuchli, kimning ovozi baland bo‘lsa — o‘sha g‘olib bo‘ladi va bozorni o‘z qo‘liga oladi. Bir qaraganda adolatli, ammo bir qarasang, nohaqlikning eng cho‘qqisi yashnaydigan bu jamiyatda yashab qolishning o‘zi oson emas.
Bu haqda qariyb har yili maqolalar beriladi. Xalqaro tajribalardan kelib chiqqan holda jiddiy takliflar bildiriladi. O‘tgan yillar davomida birmuncha o‘zgarishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, ammo mardikor bozorlarida ish tartibi, odam yollash va ishlayotganlarning mehnat huquqlari hamon o‘sha-o‘sha.
Samarqand tumanida joylashgan mardikor bozorida yuzaga kelgan tortishuv va uning natijasida ikki nafar ayolning kaltaklangani haqida ko‘pchilik eshitdi. Voqea tafsilotlariga to‘xtalib o‘tmoqchi emasmiz. Hech qanday sabab voqeaning bunday tus olishiga izn bermaydi. Afsuski, ibtidoiy qoidalar bilan yashaydigan ushbu «bozor»da janjallar ham shu yo‘l bilan hal etib qo‘ya qolinganini ko‘pchilik tushunib turibdi.
Kaltaklangan ayollar bilan bog‘liq tafsilotlar orasida ularning asli pastdarg‘omlik, ayni paytda Samarqand shahridagi Kimyogarlar qo‘rg‘onida istiqomat qilishi aytilgan. Afsuski, voqea ijtimoiy tarmoqlarni «portlatgan» bir paytda ham na Samarqand shahar va na Past Darg‘om tuman oila va xotin-qizlar bo‘limining xotin-qizlar bilan ishlovchi mutasaddilari holatga munosabat bildira oldi.
Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Zebiniso Rahmonova bu haqda o‘z fikrini aytib, ayollarning kaltaklanishiga qarshi ekanligini ma’lum qildi. Ammo nega ayollar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi lozim bo‘lgan tuman, shahar mutasaddilari ular bilan suhbatlashgani, ularning ahvoli o‘rganilgani borasida biror so‘z demagani kishini o‘ylantiradi.
Faqatgina ichki ishlar idoralari vaziyat nazoratga olindi, deya o‘z munosabatini bildirganini hisobga olmaganda, boshqa jiddiy munosabat ko‘rmadik. Vaholanki, keyingi paytlarda Samarqandda bunday holatlar bir emas, bir necha marta takrorlandi.
Ayol kishining kaltaklanishi bilan bog‘liq holat Ishtixon tumanida ro‘y bergan, afsuski, bu masalada ham ushbu idoralarning sukut saqlaganiga guvoh bo‘lgandik. Buni qarangki, bu holatda ham mehnat huquqlari buzilishi janjalga asosiy sabab edi.
Umuman olganda, mehnat huquqlari yuqorida ta’kidlanganiday, ushbu bozorda istalgancha buzilishi mumkin. Birinchidan, ertadan kechgacha ishlash barobarida pulini ololmay qolish holatlari ham uchrab turadi. Shuning o‘zi bu yerda har qadamda xavf mavjudligini anglatadi. Eng yomoni, ularning tinimsiz mehnati stajga kiritilmaydi. Garchi shunday qiyinchiliklar kuzatilsa-da, mardikor bozoridagilar aynan shu yerdan non topishni istaydi.
— Chunki bizga taklif etilayotgan ishlarning oylik maoshi 1,5–2 million so‘mni tashkil qiladi, — deydi mardikor bozoridan ish izlovchi ayol. — Biz bu pul bilan oilamizni qanday tebratamiz? Bir yoqdan turmush o‘rtog‘im bo‘lib, u ham oilani boqayotgan bo‘lsaki, mayli, qo‘shimcha daromad, deb shu maoshga rozi bo‘lsam. Lekin uch nafar bolamni bu pul bilan boqolmayman-da.
Bugun mardikor bozorida, odam yollab ishlatadiganlar yaxshi biladi, ularning kunlik ish haqi ancha oshgan. Qolaversa, ular ilgarigiday, nima desangiz ko‘nib, barcha ishga bo‘yin egib ketavermaydi, o‘ziga yarasha talablar qo‘yadi, agar bajarmasangiz, siz bilan xayrlashib qo‘ya qoladi. O‘z haqini yetarlicha talab qiladi.
Lekin bu — jamiyat shunday bozorni saqlab turishi kerak, degani emas. Allaqachon uning zamonaviy shakliga o‘tish fursati yetdi. Bu tabiiyki, bitta-ikkita idoraning vakolati bilan bitadigan ish emas. Masalaga hukumat darajasida, jiddiy isloh talab etadigan tarzda yondashuv lozim. Shunday bo‘lmas ekan, u hudud mudom «yong‘in» xavfi mavjud o‘choq bo‘lib qolaveradi.
Inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq hodisalardan tortib, eng yovvoyi tartib-qoidalar amal qiladigan va bir kuni uning oqibatlari butun jamiyatga dog‘ bo‘lib tushadigan holatlargacha.
Gulrux Mo‘minova, jurnalist