Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yil 8 avgust kuni Yakkabog‘ tumani, Qo‘shilish qishlog‘ida yashovchi 30 yoshli yigit mahalladoshini singlisining sha’ni va qadr qimmatini kamsitishda, oilasining tinchligini buzishda ayblaydi. So‘ng qo‘lidagi pichoq bilan mahalladoshi tanasining turli qismlariga urib, jarohat yetkaza boshlagan.
Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari bilan qochib qutulish uchun odamlardan baqirib yordam so‘rab, paxta dalasi bilan yonma-yon bo‘lgan tutzorga qochib kirgan.
Jabrlanuvchining baqirganini eshitgan bir guruh fuqarolar hodisa joyiga yetib kelganini ko‘rgan gumondor jinoiy harakatlarini oxirga yetkaza olmasdan, qo‘lidagi pichoq bilan hodisa joyidan qochib yashiringan.
Shifokorlar tomonidan jabrlanuvchiga o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli uning hayoti saqlab qolingan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2022 yil 8 avgust kuni Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida mast fuqaro otasi va farzandini pichoqlagandi.