3,5 milliondan ortiq fuqaro yer egasiga aylandi: Yer islohoti bo‘yicha Ozarboyjon tajribasi

Iqtisodiyot 18:42 / 09.08.2022 53605

Ozarboyjon mustaqil bo‘lgandan keyin yer munosabatlarini isloh qilishga kirishdi. Dastlabki – asosiy bosqich davomida (1996-2003 yillar) yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirildi, 50 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, yerni olib qo‘yish sanoqli holatdagina mumkin bo‘ldi.

Islohotni amalga oshirish davrida muayyan ijobiy natijalarga erishildi, shu bilan birga, turli muammo va kamchiliklar islohotning har bir bosqichiga xos bo‘ldi.

Ozarboyjon tajribasi O‘zbekistonnikiga o‘xshash sharoitlar, iqtisodiy va institutsional xarakterdagi o‘xshash muammolar mavjudligi bilan qiziq. Ozarboyjonda o‘tkazilgan yer islohoti O‘zbekistondagidan ancha oldin boshlangani bois, ushbu tajribadan ma’lum saboqlarni olish imkoni bor.

Yer islohotlari uchun shart-sharoitlar

1995 yilda – yer munosabatlarida tub o‘zgarishlar boshlangan paytda Ozarboyjon yalpi ichki mahsuloti 1990 yildagiga nisbatan 36 foizgacha pasaydi, inflatsiya darajasi yiliga 400 foizdan oshdi, qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti 1991 yildagiga nisbatan ikki baravar qisqardi1.

Islohotlar amalga oshirilgunga qadar, barcha sobiq ittifoq respublikalarida bo‘lgani kabi, barcha yerlar davlat tasarrufida edi. Ishlab chiqarish vositalari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari ham davlatga tegishli bo‘lib, markazlashgan ma’muriy-rejalashtirish tizimi doirasida boshqarilardi. Ushbu umumiy tizim doirasida unumdor yerlar uch turga bo‘lingan.

  • davlat xo‘jaliklari;
  • jamoa xo‘jaliklari;
  • yordamchi yakka tartibdagi xo‘jaliklar.

Uylar va binolar ular joylashgan yer bilan birga davlat mulki edi. Ulardan foydalanuvchilar doimiy foydalanish huquqiga ega bo‘lgan holda yashagan1.

Bundan tashqari, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, shu jumladan qishloq xo‘jaligining faoliyati noqulay ishbilarmonlik muhiti bilan cheklangan edi. Ozarboyjonda biznes to‘rtta asosiy muammoga duch keldi:

  • huquqiy va tartibga solish tizimining zaifligi;
  • investitsiyalar uchun ma’muriy to‘siqlar;
  • infratuzilmalar bilan ta’minlashdagi kamchiliklar;
  • korrupsiya.

Qishloq xo‘jaligiga xos bo‘lgan yana bir muammo – qishloq xo‘jaligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan Qishloq xo‘jaligi vazirligining o‘ta zaifligi edi1.

BIRINChI BOSQICh (1995-2003): Yerlarni keng miqyosda xususiylashtirish

Yer islohotlarining maqsadlari va huquqiy asoslari

Bu davrdagi yer islohotlarining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat edi:

  • yerga egalik shakllarining o‘zgarishi;
  • agrar sohada yer munosabatlarini isloh qilish orqali mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash;
  • aholi turmush darajasini oshirish.

1992 yildan boshlab yirik jamoa xo‘jaliklari va davlat xo‘jaliklari tugatilib, butun qishloq xo‘jaligi yakka tartibdagi ishlab chiqarishga o‘tdi. Yerga xususiy mulk huquqi Ozarboyjon Respublikasining yangi Konstitutsiyasida mustahkamlandi.

Qo‘shimcha

O‘zbekistonda yerga xususiy mulkchilikni joriy etish va yerlarni xususiylashtirish 2022 yilga kelib boshlandi. Shu yildan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyatini berish tartibi belgilandi. Biroq O‘zbekistonda, Ozarboyjondan farqli o‘laroq, xususiy mulk huquqi faqat qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlar uchun belgilandi.

Bu davrda yer munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan 50 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarning bosma nashr ko‘rinishida islohotlarning qonunchilik asoslari yaratildi. Ularning orasida asosiylari quyidagilar:

  • 1995 yil 2 mart: “Agrar islohotlar bo‘yicha Davlat komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni;
  • 1996 yil 16 iyul: “Yer islohoti to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1996 yil 24 dekabr: “Yer solig‘i to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1997 yil 10 yanvar: “Ozarboyjon Respublikasining “Yer islohoti to‘g‘risida”gi Qonunini qo‘llash to‘g‘risida”gi prezident farmoni;
  • 1998 yil 22 dekabr: “Davlat yer kadastri, yerlarning monitoringi va tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1999 yil 12 mart: “Yer ijarasi to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1999 yil 7 may: “Yer bozori to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1999 yil 25 iyun: Yer kodeksi;
  • 1999 yil 7 dekabr: “Munitsipal hududlar va yerlar to‘g‘risida”gi qonun;
  • 1999 yil 28 dekabr: Fuqarolik kodeksi;
  • 1999 yil 30 dekabr: “Yerlarning unumdorligi to‘g‘risida”gi qonun.

“Yer islohoti to‘g‘risida”gi qonun o‘sha davrdagi yer munosabatlarini isloh qilish uchun asos bo‘lgan asosiy qonun hisoblanib, yer islohotlarini amalga oshirish tartibi, mas’ul organlarning vazifalari, shuningdek, yerga egalik qilish shakllarini o‘zida aks ettirgan.

Qo‘shimcha

Agar Ozarboyjonda tub yer islohotlari mustaqillikning dastlabki yillarida amalga oshirila boshlangan bo‘lsa, O‘zbekistonda 2017 yildan keyingina yer munosabatlarini isloh qilishga katta e’tibor berila boshlandi. Bu davrda sohaga oid ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlar ham qabul qilindi.

Islohotlarni amalga oshirishga mas’ul organlar

Qonunga ko‘ra, Agrar islohotlar bo‘yicha davlat komissiyasi (AIDK) islohotni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul organ etib tayinlandi. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat edi:

  • agrar va yer islohoti dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • yer islohoti dasturlari bajarilishini monitoring va nazorat qilish;
  • ushbu islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
  • yer islohotining borishi haqida aholini xabardor qilish.

Mamlakatning har bir tumanida Davlat komissiyasining mas’ul vakillik organi – Agrar islohotlar bo‘yicha tuman komissiyasi (AITK) mavjud bo‘lgan. Tuman komissiyasiga tegishli okrug ijroiya qo‘mitasi rahbarlik qilgan. Tuman komissiyasi tuman ijroiya hokimiyati va Davlat yer qo‘mitasi mansabdor shaxslardan iborat bo‘lgan. Bundan tashqari, unga mustaqil mutaxassislar kirgan.

Tuman komissiyalari tomonidan yerga egalik qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning, shuningdek, xususiylashtiriladigan yer uchastkalari ro‘yxati shakllantirilgan. Yerlarni ajratish tuman komissiyalari tomonidan belgilangan, lekin yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha yakuniy qarorlar markazlashgan holda Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilindi3.

Biroq xususiylashtirish jarayoni juda sekin kechdi. Oilaviy dehqon xo‘jaliklariga yer huquqini berish sust kechdi. Davlat aktivlarini topshirish ko‘p hollarda kechiktirildi, ayrim hollarda o‘tkazilgan aktivlar aslida foydasiz bo‘lib chiqdi. Bunga asosan hududiy hokimliklarning o‘z kuchini yo‘qotishdan qo‘rqib, sun’iy to‘siqlar yaratib, islohotlar jarayoniga to‘sqinlik qilgani sabab bo‘ldi. Munitsipalitetlarning (bizdagi mahalla – tahr.) roli zaif edi. Birinchi saylangan munitsipalitetlar faqat 2000 yil yanvar oyida ishlay boshladi.

Qolaversa, o‘sha davrda barcha sobiq ittifoq mamlakatlarida, jumladan, Ozarboyjonda ham markazlashgan rejim saqlanib, fuqarolik jamiyati rivojlanmaganligini inobatga olsak, okrug komissiyalari tarkibiga kiritilgan mustaqil ekspertlarning fikri inobatga ko‘p olinmagan, deb taxmin qilish mumkin va ularning roli esa rasmiy bo‘lgan.

Qo‘shimcha

Bunday muammolar iqtisodiyoti o‘tish davridagi mamlakatlarga xos. Yerlarni taqsimlashda mahalliy amaldorlarning ta’siri sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, ular o‘zgarishlarga qarshilik ko‘rsatib, bu sohada nazoratni o‘z qo‘llarida saqlashga intiladi.

Boshqa tomondan, yer taqsimlashda aholi manfaatlari va dolzarb muammolari yetarlicha hisobga olinmaydi.

Islohotlarni amalga oshirish jarayoniga mustaqil ekspertlarning jalb etilishi o‘z-o‘zidan islohotlarning shaffofligini, joriy etilayotgan o‘zgarishlarning samaradorligi va adolatliligini ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ta samarali mexanizmdir. Biroq bunday mutaxassislarning roli rasmiy emas, balki salmoqli bo‘lishi uchun ko‘p ishlarni amalga oshirish kerak: fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining yer munosabatlari sohasidagi savodxonligini oshirish va hokazo.

Yerni xususiylashtirish va uni taqsimlash qanday amalga oshirildi?

🗸 Qur’a tashlash usuli. Yerlarni taqsimlash qur’a tashlash yo‘li bilan amalga oshirilgan. Lotereya o‘yinida hududda doimiy yashovchi, 1996 yil 2 avgustgacha tug‘ilgan barcha fuqarolar ishtirok etishlari mumkin edi. Ba’zi tadqiqotlar va baholashlar (masalan, Jahon bankining 1998 yildagi tadqiqoti4) bu taqsimot ko‘pchilik hududlarda adolatli o‘tganligini tasdiqladi.

Xususiylashtirilgan uchastkalarning maydoni qishloqning yer resurslariga bog‘liq bo‘lib, yeri kam hududlarda 0,1–0,5 gektardan bir necha gektargacha, masalan, Kura-Araks daryosi bo‘yida yoki yetarli maydonga ega bo‘lgan boshqa joylarda unumdor yer o‘zgarishi mumkin edi. OTB tadqiqotlari2 shuni ko‘rsatdiki, fermer xo‘jaliklari yerining o‘rtacha maydoni taxminan 2 gektarni, 58 foiz fermer xo‘jaliklarining yeri 0,5 dan 2,5 gektargacha maydonni tashkil etdi.

🗸 Yer uchastkalarini beg‘araz o‘tkazish. Islohotlarning muhim xususiyatlaridan biri shundaki, yer xususiy qo‘llarga bepul o‘tkazildi.

🗸 Hosildor yerlar afzalligi. Ekin ekish uchun eng mos bo‘lgan yerlar xususiylashtirildi. Boshqacha qilib aytganda, qonun hujjatlariga muvofiq yaroqsiz yoki samarasiz uchastkalar fuqarolarga topshirilmasligi kerak edi.

🗸 Yer bozorining shakllanishi. Qonunchilik islohotlari davomida yer munosabatlarining bozor tamoyillari o‘rnatildi. Ularga ko‘ra, yuridik shaxslar va Ozarboyjon fuqarolari yer bozorida mulkdorlar, foydalanuvchilar, ipoteka kreditorlari, ijarachilar va qarz oluvchilar sifatida ishtirok etishlari mumkin. Qonunda, shuningdek, yerni sotish qat’iy emas, balki bozor narxlariga asoslangan bo‘lishi kerakligi belgilandi.

🗸 Teng huquqlilikni ta’minlash. Yashash joyidan qat’i nazar barcha fuqarolarga yerdan foydalanish, ijaraga berish, sotib olish yoki sotish huquqi berildi.

🗸 Islohotlarni amalga oshirishning tajriba usuli. Davlat va okrug komissiyalari tomonidan dasturlar ijrosi mamlakatning turli hududlarida tajriba asosida amalga oshirildi. Masalan, sinov loyihalari dastlab mamlakatning ikki tumanida (Zagatala va Xizi) amalga oshirildi. Keyin tajriba boshqa barcha tumanlarga o‘tkazildi.

Qo‘shimcha yordam choralari

Ozarboyjonda yer islohotlarining amalga oshirilishi tahlili, boshqa tadqiqotlar qatorida5, qishloq xo‘jaligining samarali faoliyatini ta’minlash uchun faqat yerlarni qayta taqsimlash yetarli emas, degan xulosaga olib keldi. Xo‘jaliklapga quyidagi moliyaviy va institutsional yordam ko‘rsatildi:

🗸 Qishloq xo‘jaligida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga zarur moddiy-texnika vositalari va texnika sotib olish uchun davlat tomonidan kreditlar ajratila boshlandi.

🗸 Prezidentning 1999 yil 22 martdagi farmoni bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari besh yil muddatga yer solig‘idan ozod etildi.

🗸 2001 yilda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga muddatli soliq imtiyozlari to‘g‘risida”gi maxsus qonun bilan ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan mol-mulk va tovar-moddiy boyliklarga nisbatan daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i to‘lashdan 3 yil muddatga ozod etildi. Shu qonun bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilingan. Keyinchalik qonunning amal qilish muddati 2014 yil 1 yanvargacha uzaytirildi2.

Islohotlarning birinchi bosqichi natijalari

Eski boshqaruv shakllarining tugatilishi natijasida yerga egalik qilishning uchta shakli yaratildi:

  • Davlat yerlari: davlat va davlat korxonalari binolari joylashgan yerlar; tog‘-kon sanoatining davlat obektlari, tasdiqlangan foydali qazilma konlari, yagona energetika tizimi, magistral quvurlar, transport, aloqa, mudofaa, davlat chegarasi chiziqlari, muhim melioratsiya va suv xo‘jaligi xizmatlari obektlari; o‘rmon va suv fondi yerlari; boshqalar;
  • Munitsipal yerlar: qishloq xo‘jaligi faoliyati uchun yaroqsiz yerlar va yaylovlar;
  • Xususiy yerlar: sobiq davlat xo‘jaligi va jamoa xo‘jaliklarining xususiylashtirilgan yerlari; uy-joylar, tomorqa uchastkalari, bog‘lar, dalahovlilar joylashgan yerlar.

Yerlarning katta qismi, jumladan, ekin maydonlari xususiylashtirildi. Islohotning birinchi bosqichida 2032 dan ortiq davlat va jamoa xo‘jaliklari tugatilib, ularning unumdor yerlari rasman fuqarolarning xususiy mulkiga o‘tkazildi. Yordamchi yakka tartibdagi fermer xo‘jaliklarining yerlari ham xususiylashtirildi1.

Natijada 3,5 milliondan ortiq fuqaro yer egasiga aylandi. 2004 yilda yer olish huquqiga ega oilalarning 98,1 foizi o‘z yeriga ega bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida o‘sish kuzatildi. Ushbu davrda yer islohoti yerni mulkdorning o‘zi boshqaradigan xususiy fermer xo‘jaliklarini yaratishga qaratilgandi. Natijada 2002 yilga kelib yakka tartibdagi xo‘jaliklar ekin maydonlarining 96 foizida faoliyat ko‘rsata boshladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 1996 yildan boshlab barqaror o‘sa boshladi. O‘sish yiliga o‘rtacha 8,4 foizni tashkil etdi va davr oxiriga kelib, 1991 yil darajasining 75 foizigacha tiklandi.

1998 yildan so‘ng qarzdorlikdan xalos bo‘lish, tarkibiy o‘zgartirishlar, ishlab chiqarishni tiklash va ekinlar hosildorligini oshirish tufayli qishloq xo‘jaligi korxonalarining daromadi barqaror o‘sa boshladi.

Islohotlarning kamchiliklari

Shu bilan birga, islohotlarning ushbu davridagi bir qator kamchilik va qo‘ldan boy berilgan imkoniyatlarni ham qayd etish lozim9:

• Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq tarmoqlarning sust rivojlanishi. Qishloq xo‘jaligining yetarlicha yaxshi o‘sishiga qaramay, oziq-ovqat sanoatining rivojlanishiga olib keladigan qayta ishlashda yaxshilanishlar ko‘p kuzatilmadi. Asosiy cheklovchi omil noqulay biznes muhitining davom etishi edi. Shartnomalarni tartibga solish siyosati va ularning sust bajarilishi sohaga investitsiyalar oqimini chekladi.

• Qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi uy xo‘jaliklarining cheklangan daromad manbalari. Noqulay ishbilarmonlik muhiti va fermerlikdan tashqari boshqa faoliyatni kengaytirish uchun cheklangan sharoitlar mamlakatda daromadlarning diversifikatsiyasi zaiflashishiga olib keldi. Bularning barchasi birgalikda iste’mol va boshqa sanoat tovarlariga talabning o‘sishini sekinlashtirdi.

 

IKKINChI BOSQICh (2004 yildan): Qonunchilikni isloh qilish va takomillashtirish imkoniyatini oshirish

Boshqaruv tizimini isloh qilish

Agar birinchi bosqichda yer islohotlarining asosiy maqsadi yerga egalik shakllarini o‘zgartirish va yerni adolatli qayta taqsimlash bo‘lsa, keyingi bosqichda – 2004 yildan keyingi davrda islohotlar yer resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan edi.

Bu ustuvor jihat o‘tgan davrda qabul qilingan ko‘plab qonunlar va me’yoriy hujjatlarga qaramay, islohotlarni institutsional qo‘llab-quvvatlashning sustligi bilan bog‘liq edi. Jumladan2:

  • aktivlarni boshqarishning samarali usuli ishlab chiqilmagan;
  • boshqaruv organlari o‘rtasida vakolatlarni to‘g‘ri belgilash muammosi mavjud edi;
  • munitsipalitetlarda samarali qarorlar qabul qilish uchun yetarli imkoniyatlar yo‘q edi. Yer majmui (rayonlashtirish, bo‘linish, muzokaralar va soliqqa tortish) bo‘yicha bilim va tajriba juda cheklangan edi. Shuningdek, yer resurslarini strategik tashkil etish va tizimli nazorat qilish uchun moliyaviy resurslarni safarbar etish ko‘nikmalariga ega emas edi.

Yer sohasida boshqaruv tizimini isloh qilish yangi, yanada funksional institutlarni tashkil etish orqali amalga oshirildi.

Prezidentning 2005 yil 16 sentabrdagi farmoni bilan Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalari qatoriga mulk siyosatini shakllantirishda ishtirok etish kirdi.

2001 yilda Davlat yer qo‘mitasi Davlat geodeziya va kartografiya qo‘mitasi bilan birlashtirilib, Davlat yer va kartografiya qo‘mitasi tashkil etildi. Qo‘mita mamlakatdagi barcha yer tuzish masalalari uchun mas’ul bo‘lgan markaziy ijro etuvchi organ edi. Qo‘mita tarkibiga bir qancha bo‘ysunuvchi muassasalar: Davlat yer tuzish loyiha instituti, Davlat yer kadastri, monitoring ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Davlat aerogeodeziya instituti, Boku kartografiya fabrikasi, shuningdek, hududiy yer boshqarmalari kirdi.

Prezidentning 2011 yil 15 fevraldagi qarori bilan Yer inspeksiyasi tashkil etildi. Uning vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • yer olish tartibini nazorat qilish;
  • yer uchastkalarining narxi va sifati nisbatini ta’minlash ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • yerlarni xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha jamoatchilik takliflarini to‘plash va e’tiroz va arizalar bo‘yicha hisobotlar tayyorlash;
  • hudud komissiyalari tomonidan berilgan baholarni ko‘rib chiqish;
  • kompensatsiya to‘lanishini ta’minlash;
  • yer uchastkalarini taqsimlash va xususiylashtirish jarayonida ishtirok etayotgan har qanday shaxsning murojaatini ko‘rib chiqish va o‘rganish.

Yer islohoti jarayonida ishtirok etayotgan muassasalar imkoniyatini yaxshilash maqsadida bir qancha davlat dasturlari amalga oshirildi. Ularni amalga oshirish uchun hukumat xalqaro donorlarni keng jalb qildi.

Qonunchilikni takomillashtirish va oshkoralikni ta’minlash

Bu davrda yer uchastkalarini davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishning aniq asoslari va mezonlari belgilandi. Shunday qilib, qonun hujjatlariga muvofiq yerlar quyidagi maqsadlarda davlat tomonidan olib qo‘yilishi mumkin:

  • davlat ahamiyatiga molik yo‘llar va boshqa kommunikatsiyalar (magistral neft va gaz quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari, yuqori voltli elektr uzatish liniyalari va gidrotexnika inshootlari) qurilishi;
  • chegara zonasida davlat chegarasini qo‘riqlashni ta’minlash;
  • mudofaa va xavfsizlik nuqtayi nazaridan muhim obektlarni qurish;
  • respublika ahamiyatiga ega tog‘-kon inshootlarini qurish.

Qo‘shimcha

2022 yil iyun oyida alohida qonun bilan O‘zbekistonda yerni olib qo‘yishda davlat ehtiyojlarining aniq ro‘yxati belgilandi. Bundan tashqari, qonunda yer uchastkalarini olib qo‘yish va zararning o‘rnini to‘lash tartibi belgilandi. Shu bilan birga, belgilangan tartib mulk huquqida bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

2009 yilda Ozarboyjonda yerlarni xususiylashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash bo‘yicha yangi nizom joriy etildi. Unda davlat va munitsipal yerlar faqat ochiq kimoshdi savdosida xususiylashtirilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Qo‘shimcha

2022 yilda O‘zbekistonda yakka tartibdagi uy-joy qurish va turar joy binosiga texnik xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga tegishli bo‘lmagan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish tartibi ham joriy etildi.

Islohotlarning ikkinchi bosqichi natijalari

Davlat yer va kartografiya qo‘mitasi raisi G‘arib Mammadovning rasmiy bayonotiga ko‘ra: “2011 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, Ozarboyjonning 8,6 million gektar yer fondidan 56,9 foizi davlat mulkida qolgan, 23,5 foizi munitsipal mulkka o‘tkazilgan va 19,6 foizi xususiylashtirilgan”. (Bu yerda gap mamlakatning umumiy yer fondi haqida ketyapti, xossatan q/x yerlari haqida emas – tahr.)

Yuqoridagi tashabbuslar mamlakatda yer bozorining notekis bo‘lsa-da, intensiv rivojlanishini rag‘batlantirdi. Bu davrda shahar va qishloqlarda yer bilan bog‘liq bitimlar ko‘paydi. Biroq, chekka hududlarda yer bozorining rivojlanishi sekinroq kechdi. Ushbu notekis jarayon ta’sirida butun mamlakat bo‘ylab yer narxlari turli yo‘llar bilan ko‘tarilib, yirik shaharlarda juda yuqori darajaga yetdi va qishloq joylarda ancha past bo‘lib qoldi.

 

ISLOHOTLARNING HOZIRGI BOSQIChI: Oldingi bo‘shliqlarni to‘ldirish

Hozirgi vaqtda Ozarboyjon Respublikasining Yer kodeksiga asosan, mamlakatda yerga egalik qilishning uch turi mavjud: davlat, munitsipal, xususiy.

Hozirgi bosqichda davlat yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni davom etmoqda. Shunday qilib, Ozarboyjon Iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyida respublika bo‘yicha 150 ga yaqin davlat tasarrufidagi yer uchastkalari xususiylashtirildi.

Bundan tashqari, yer islohotining oldingi bosqichlaridagi katta bo‘shliq – aholining salmoqli qismi hujjatlashtirilgan mulk huquqiga ega emasligi, amalda yer uchastkalariga egaligi edi.

Shu munosabat bilan 2021 yilda davlat va jamoa xo‘jaliklarini xususiylashtirish natijasida jismoniy shaxslar tomonidan olingan (lekin qonuniy ro‘yxatdan o‘tmagan) ulush yerlariga bo‘lgan mulk huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi prezident qarori imzolandi.

Ushbu chora-tadbirlar mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olishni yakunlash, shuningdek, sanoat yerlari egalarining muntazam subsidiyalar olish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, mazkur farmonga asosan ko‘chmas mulkni davlat reyestriga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Hozirda davlat, munitsipal va xususiy yerlarning nisbati haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q. Yuqorida ta’kidlanganidek, 2011 yilda xususiy yerlarning ulushi qariyb 20 foizni tashkil etgan.

Biroq, yerlarni xususiylashtirish jarayoni davom etayotgani, shuningdek, yerga haqiqatda egalik qilish huquqiga ega bo‘lgan, lekin mulk huquqini tasdiqlovchi tegishli rasmiy hujjatlarga ega bo‘lmagan (boshqacha aytganda, ularning yerlari davlat reyestrida ro‘yxatga olinmagan va xususiy hisoblanmaydi), xususiy yerlarning haqiqiy ulushi 20 foizdan ancha yuqori.

Zulfiya Kostyuchenko,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari

Manbalar:

1. Agrarnaya reforma v possotsialisticheskom prostranstve. Opyt Bolgarii, Moldovy, Azerbaydjana i Kazaxstana, Nora Dadvik i drugiye / Rabochiy doklad Vsemirnogo banka № 94, 2007.

2. REG: Mainstreaming Land Acquisition and Resettlement Safeguards in the Central and West Asia Region / Technical Assistance Consultant’s Report, Asian Development Bank, 2014.

3. Country Profiles on the Housing Sector: Azerbaijan / United Nations Economic Commission for Europe, 2010.

4. The Social Assessment Process in Post-Conflict Reconstruction in Azerbaijan: A User's Perspective, Jonathan C. Brown / Working Paper, the World Bank, 1998.

5. Zemelnyye reformy: opyt stran mira i Uzbekistana / Analiticheskiy doklad, Institut prognozirovaniya i makroekonomicheskix issledovaniy, 2022 g.

Ko‘proq yangiliklar: