O‘zbekiston shaxmat jamoasi mag‘lubiyatsiz yurishni davom ettirdi va chempionlikka yanada yaqinlashdi

Sport 20:04 / 08.08.2022 28697

8 avgust kuni Hindistondagi shaxmat olimpiadasining navbatdagi hal qiluvchi turi bo‘lib o‘tdi. 10-turda o‘zbekistonlik shaxmatchilar chempionlik kurashidagi asosiy raqibi bo‘lgan Hindiston-2 jamoasi vakillariga qarshi dona surishdi.

27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) 29 yoshli Bashkaran Adxiban (2598) bilan, 20 yoshli Nodirbek Yoqubboyev (2620) esa 18 yoshli Nixal Sarin (2651) bilan bahsda durangga rozi bo‘ldi.

Jahongir Vohidov
Nodirbek Yoqubboyev

16 yoshli grossmeyster Javohir Sindorov (2629) dastlab juda qiyin holatdan chiqib ketib, vaziyatni tenglashtirdi, ammo uzoq davom etgan qarshilikdan keyin tengdoshi Rameshbabu Pragnanandhaga (2625) yutqazdi.

Javohir Sindorov

17 yoshli Nodirbek Abdusattorov (2688) esa 16 yoshli Gukesh Dommarajmu (2684) bilan qariyb besh soat davomida kurash olib bordi. Gukesh olimpiada boshidan buyon 8 ta bahsni g‘alaba bilan yakunlagan va bitta durang qayd etgandi.

Nodirbek Abdusattorov

Bu bahs Abdusattorov uchun o‘ta qiyin kechdi, u dastlabki qismida vaziyatini juda og‘irlashtirib qo‘ygandi, lekin raqib yaqqol mot holatini ko‘rmay qoldi, keyin yana birin-ketin xato qila boshladi. O‘zbekistonlik shaxmatchi esa iroda ko‘rsatdi va fantastik g‘alabaga erishib, hisob umumiy 2:2 bo‘lishini ta’minladi.

Bu esa O‘zbekistonning turnirda chempionlik uchun imkoniyatini saqlab qoldi.

Bu durangdan keyin O‘zbekiston ochkolari sonini 17 taga yetkazgan holda birinchi o‘rinda qolmoqda. O‘zbekiston musobaqada mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib turibdi.

Bu turda Ozarboyjon ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozongan Armanistonda ham shuncha ochko bor.

9 avgust kuni o‘tkaziladigan so‘nggi turda O‘zbekiston g‘alaba qozonsa, chempionlikni naqd qiladi - turnir jadvali yuqorisidagi jamoalarning ochkolari soni teng kelib qolgan taqdirda qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobga olinadi va bu borada ustunlik O‘zbekiston tomonida.

Ko‘proq yangiliklar: