Advokatlik faoliyatini elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi belgilandi

O‘zbekiston 13:10 / 06.08.2022 2687

Advokatlik faoliyatini litsenziyalash quyidagi ixtisosliklar bo‘yicha amalga oshiriladi: fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish; ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish.

Har bir advokat tegishli ixtisoslikni mustaqil tanlash va u bo‘yicha malaka imtihoni topshirish huquqiga ega. Talabgor litsenziya olish uchun quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak: O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi; oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi; yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 2 yil ish stajiga ega bo‘lishi; advokatlik tuzilmasida kamida 3 oy stajirovka o‘tagan bo‘lishi; malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lishi.

Talabgor litsenziya olish uchun arizani “Lisenziya” AT yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.

Tanlangan har bir ixtisoslik bo‘yicha malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun 3 oy ichida tegishli litsenziyalovchi organ (Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari)ga murojaat qilishi kerak. 

Lisenziya talabgor doimiy yashash joyi bo‘yicha cheklanmagan muddatga beriladi va O‘zbekiston butun hududida amal qiladi. Arizani ko‘rib chiqish uchun 150 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im to‘langach, ariza avtomatik tarzda talabgor doimiy yashash joyidagi litsenziyalovchi organga yuboriladi. Shunga ko‘ra, ariza 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Lisenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, talabgorga xabarnoma yuboriladi. Talabgor xabarnoma yuborilgan kundan boshlab 3 oydan ortiq bo‘lmagan muddatga davlat boji (300 ming so‘m) to‘laydi. Davlat boji to‘langach, talabgorga elektron shaklda QR-kod qo‘yilgan litsenziya yuboriladi. Mazkur tartib 2023 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.  

Ko‘proq yangiliklar: