Jondan aziz qizimning dardini ko‘tarish qiyin bo‘lyapti...
Ayzere oilaning kenja qizi va otasining sirdoshi. Uning otasi Aybek Tuymaxanov dalada dehqonchilik qilib oila tebratib keladi.
“O‘zim qandli diabet kasalligiga chalinganman, biroq buni oilamga bildirib, ularniyam qiynagim kelmaydi. Lekin jonimdan aziz qizalog‘imning dardiga chidash qiyin bo‘lyapti.
Bizda faqat dehqonchilik mahsulotlarimizni yig‘ganimizdagina pul bo‘ladi. Shu sabab davolatish uchun kuzni kutishimizga to‘g‘ri keladi. Ungacha o‘zim dalada bo‘lsam ham xayolim shu qizimda bo‘ldi. Faqat bolamning dardiga davo so‘rayapman”, - deydi bemorning otasi. O‘zi ham og‘ir xastalikka chalingan otaning ko‘ziga o‘z dardi ko‘rinmaydi. Sodda, samimiy qishloq odamining so‘zlarida faqat qizining sog‘ayishidan umid seziladi.
Ayzere Tattibekovaga oid ma’lumotlar:
O‘zkard: 8600 0609 2821 0070 otasi Aybek Tuymaxanov nomida
Manzil: Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Sholikor mahallasi, Navoiy ko‘chasi 2 uy.
Ikki bemor parvarishini zimmasiga olgan ayol hasrati
Dilafro‘z Bobomurodova ayol boshi bilan astma xastaligiga duchor bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga tirgak bo‘lib, tikuvchilik hunarining orqasidan kun kechirib kelishayotgan edi. Lekin taqdirning sinovlari uni yana bir chig‘iriqdan o‘tkazmoqda. Qizi Madinada oqqon aniqlangan.
“O‘zi zo‘rg‘a tirikchilik o‘tkazayotgan paytimizda yana bir sinov boshimizga tushdi. Moddiy holatimiz yomonligi sabab qizimni to‘liq davolata olmayapmiz. Turmush o‘rtog‘im astmaga chalingan, bir ko‘zi ko‘rmaydi. Faqat bir ko‘zida xira ko‘ra oladi. Shuning uchun hech qayerda ishlay olmaydi. O‘zim tikuvchilik qilardim, hozir qizim bilan ovoraman”, - deya yig‘laydi Dilafro‘z.
Madina Rahmatullayevaga oid ma’lumotlar:
Yunionpay: 6262 7201 7970 2959 onasi Dilafro‘z Bobomurodova nomida
Humo: 9860 0609 1486 5351 onasi Dilafro‘z Bobomurodova nomida
Manzil: Jizzax viloyati, Baxmal tumani, Oldoshmon qishlog‘i.
Qanday bo‘lmasin bolamning hayotini saqlab qolishim kerak
“Bolamning ahvoli og‘irlashgach, Toshkentga olib keldik. Shifoxonada tahlil natijasini ko‘rgan turmush o‘rtog‘imning yuragini ushlab yig‘layotganini ko‘rib qo‘rqib ketdim. Keyin bilsam tahlil natijalarida o‘g‘limizning oqqonga chalinganligi ayon bo‘lgan ekan.
7 oylik chaqalog‘imni saratonga chalingan qaynonamga tashlab o‘g‘lim bilan shifoxonadamiz. Hozir xayolim faqat uning hayotini saqlab qolishda”, - deya yig‘laydi bemorning onasi Shohsanam.
Humoyunning ahvoli shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan ancha yaxshilanib, o‘z oyog‘i bilan yura boshlagan. Ammo hali unga yana davomli muolajalar, parvarish uchun ko‘p mablag‘ kerak. Oila esa uydagi so‘nggi mol-holgacha sotib, ishlatib bo‘lgan.
Humoyun Abduvahobovga oid ma’lumotlar:
O‘zkard: 8600 0604 2689 7626 onasi Shohsanam To‘xtaboyeva nomida
Manzil: Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, Navbahor ko‘chasi, 3 uy.
O‘z bolamday katta qildim, lekin darddan asray olmadim
Lochinbek 2 yoshida yetimlikning azobini ko‘rgan. Og‘ir dard tufayli onasi vafot etgach, otasi boshqa ayolga uylanadi. Ammo onasi Samara opa u uchun o‘z farzandidan ham ziyodroq kuyinadi:
“O‘g‘lim bolaligidan ko‘p azob ko‘rdi. Onasidan ayrilgan, men ikkinchi onasiman. Ko‘p kasal bo‘lardi, ming azobda katta qilgandim. Endi tuzaldi deganimda kutilmaganda boshimizga bu kulfat tushdi. Undan ayrilib qolsam qanday chidayman, deb o‘yladim.
Turmushga chiqayotganimda dadam shu bolalarni o‘z bolamday ko‘rishimni tayinlagandi. O‘z bolamdan kam ko‘rmay katta qildim. Lekin darddan asrab qola olmayotganimdan kuyaman”.
Lochinbek sog‘ayishni, ota-onasini birgalikda Haj ziyoratiga olib borishni orzu qiladi.
Lochinbek Rashidovga oid ma’lumotlar:
O‘zkard: 8600 0609 2135 5682 onasi Samara Mamadiyorova nomida
Manzil: Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani, Karizquduq QFY, 148 uy.
Musofirchilik, uysizlik, yolg‘izlik bukolmagan onani yig‘latgan dard
Besh farzand bilan beva qolgan Rohila Esonovaning ko‘rmagani qolmagan. Musofirchilik, uysizlik, yolg‘izlikni sabr bilan o‘tkazayotgan ayol uchun farzandi bilan sinalish ham bor ekan. To‘rt qizdan keyin dunyoga kelgan o‘g‘ilda oqqon xastaligi aniqlangan. Uni davolatish uchun Rossiyada ishlab pul yuborib turganda farzandining ahvoli og‘irlashgani haqidagi xabar uni O‘zbekistonga qaytishga majbur qiladi.
“O‘g‘limga ilik ko‘chirish operatsiyasi tavsiya qilingan. Prezident qarori bilan Isroilda bu amaliyotni o‘tkazishga yo‘llanma berilgan. Lekin o‘sha vaqtgacha bolamni davolatishim uchun mablag‘im yo‘q. Uyimiz yo‘q, ijarada yashaymiz. Hozir o‘zim ishlay olmayapman, lekin muolajalarimiz davom etishi kerak”, - iztiroblari ko‘zyoshlarida aks etayotgan onaning nolasi yurakni o‘rtaydi.
Behzod To‘liboyevga oid ma’lumotlar:
O‘zkard: 8600 0417 7148 8401 opasi Nasiba Yo‘ldosheva nomida
O‘zkard: 8600 0604 9626 5100 opasi Nasiba Yo‘ldosheva nomida
Manzil: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Amudaryo tumani, “Qoramon” QFY, 16 uy.
Ular iztiroblarini, hasratlarini yengillatishda faqat Yaratgandan madad kutishadi. Bandalari esa bir sababchi xolos. Bu alamlar shodliklarga aylanishida yordamimizni ayamaylik.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.