Oilaviy bolalar uyini tashkil etganlarga budjetdan pul ajratiladi

O‘zbekiston 11:30 / 05.08.2022 10998

“Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

1 sentabrdan:

  • oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni (tarbiyalanuvchilar) oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimi qarori asosida tashkil etiladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolar o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilar umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak;
  • oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
  • oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklari bolalarni himoya qilish shu’balari tomonidan amalga oshiriladi;
  • oilaviy bolalar uyini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan shaxslardan tegishli vazirlik va idoralar elektron ma’lumotlar bazalaridan olish mumkin bo‘lgan hujjatlarni talab qilish man etiladi.

1 sentabrdan oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda davlat budjetidan:

  • oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchi yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga 1,5 mln so‘m, 8 yoshdan 18 yoshgacha tarbiyalanuvchilarga 2,1 mln so‘m;
  • oilaviy bolalar uyidagi har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun 920 ming so‘m, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1 mln 380 ming so‘m;
  • oilaviy bolalar uyiga tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda 300 ming so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oy 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashish huquqi beriladi.

Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar uchun:

  • Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi;
  • tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublika tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marotaba bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi;
  • oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.
Ko‘proq yangiliklar: