«Kvartplata»dan qarzi bo‘lgan uyni sotib bo‘lmaydi - Kommunal vazirlik

O‘zbekiston 12:31 / 05.08.2022 3064

O‘zbekistonda 40 mingga yaqin ko‘p qavatli uy va 1,3 million xonadon mavjud. Aholining majburiy badal to‘lovlaridan qarzdorligi 257 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik kvartplatadan qarzdorlik uyni sota olmaslikka sabab bo‘lishini eslatdi.

"Mening uyim" billing tizimi ishga tushirildi. Endilikda ushbu tizim orqali mulkdorlarning majburiy badal to‘lovlari uchun qarzdorliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar notariuslar tomonidan uy-joylar oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishda gaz, svet, suv qarzdorliklarida mavjud bo‘lgani kabi inobatga olinmoqda.

“Sodda qilib aytganda, kvartplatadan qarzingiz bo‘lsa, uyingizni sotolmaysiz. Qarzdorlik notarial idoralar bazasida ko‘rinib turadi. Bu qonunchilikda ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ko‘pchilik uyini sota olmayotganidan vazirlikka arz qilib kelmoqda, chunki notariusdan kvartplata qarzdorligi ko‘rinmoqda. Uyni sotish uchun qarzdorlik bartaraf etilishi lozimligini eslatamiz”, - deyiladi xabarda. 

Kam ta’minlangan oilalarga kvartplata uchun subsidiya beriladi

Vazirlik xabariga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalarga majburiy badalni to‘lash uchun subsidiyalar berish boshlangan. 

“Ko‘p kvartirali uy-joylarda istiqomat qiluvchi, Moliya vazirligi tomonidan olib boriladigan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, majburiy badalni to‘lab berish uchun “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi. Bunda tuman (shahar) hokimi subsidiya uchun zarur mablag‘lar tegishli moliyalashtirish manbalaridan sarflanishini ta’minlaydi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Qarzdorlik haqida billing tizimi orqali ma’lumot olish uchun

“Mening uyim” billing tizimi orqali shaxsiy kabinetni ochib, kvartplatadan qarz bor yoki yo‘qligi, har bir kvadrat metrga qancha mablag‘ yig‘ilishi, to‘lovlar tarixini kuzatish, oylik to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 

Eslatib o‘tamiz, uy-joy mulkdorlari shirkatlari joriy yilning mart oyida 1,8 mlrd so‘m va aprelda 3,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilgani ma’lum qilingan edi.

May oyida Kun.uz so‘roviga binoan vazirlik majburiy badallarni talon-toroj qilish holatlariga qachon chek qo‘yilishiga oid savoliga javob bergandi

Vazirlik mas’uli boshqaruv shirkatlari nodavlat notijorat tashkilot bo‘lgani uchun ularning faoliyatiga aralashilmagani hamda to‘lovlarning nazorati yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidlagandi. Buni bartaraf qilish maqsadida yangi elektron dastur (“Mening uyim” billing tizimi) ishlab chiqilgani ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: